Breaking News

Uyg'ur olimaning qizi dunyo ahlidan yordam so'ramoqda


Urumchi, Shinjon, Xitoy, 21-aprel, 2023
Urumchi, Shinjon, Xitoy, 21-aprel, 2023

Xitoyda bir umrga qamalgan olimaning qizi onasi qattiq azob chekayotganini aytib, dunyo ahlidan e'tibor va yordam so'ramoqda.

Dui Hua inson huquqlari tashkilotiga ko'ra, o'tgan oy Xitoyda Rohila Dovud ismli tadqiqotchi davlatga qarshi jinoyatlardan aybdor deb topilgan. Hukumat bu sud ishi haqida ma'lumot bermagan.

Dovud uyg'ur urf-odatlari haqidagi ilmiy ishlari bilan tanilgan. O'z izlanishlarida u elatining qadim tarixi, an'analari va bugungi kuniga diqqat qaratib kelgan. Huquq faollari deydiki, aynan shu faoliyati bilan u xavfsizlik organlari nishoniga tushgan.

Olimaning qizi Aqida Po'latiy AQShda yashaydi. Aqida hozirda G'arb universitetlarini uning onasi kabi insonlarga madad ko'rsatishga undamoqda.

"Amerika olimlari onamning taqdiriga ko'z yuma olmaydi", - deydi u.

"Onam ilmiy ishlari uchun jazolanmoqda. Uyg'urlar Xitoyga uyg'ur ekani uchun yoqmaydi va bunday adolatsizliklarga befarq bo'lmang", - deydi Aqida, Amerika matbuoti bilan suhbatda.

Olima Rohila Dovud, 2006-yilda olinga foto
Olima Rohila Dovud, 2006-yilda olinga foto

Aqida onasi bilan 2017-yilning dekabridan beri aloqada bo'lmagan. Rohila Dovud o'shanda qamoqqa olingan, ammo bu to'rt yil o'tib tasdiqlangan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi hozir ham bu haqda xabari yo'qligini bildiradi.

Aqida onasi tirik ekaniga ishonadi, ammo u olgan ma'lumotlarga ko'ra, ayolning ahvoli og'ir.

"Qarindoshlarimdan ham xavotirdaman, chunki ular ham organlar iskanjasida".

Uning aytishicha, Xitoy hukumati xalqaro hamjamiyat tasavvur qilganidan ham shafqatsizroq.

"Ayniqsa uyg'urlarga nisbatan ... Lekin men hozir eshitayotganim men shu kungacha o'ylaganimdan ham battar",- deydi Aqida.

Rohila Dovud Kommunist partiya a'zosi bo'lgan, lekin o'z ilmiy maqolalarini chet elda ham chop ettira olgan.

"Onam uchun uyg'ur madaniyatini asrash birlamchi masala bo'lgan", - deydi qizi.

Biroq Dovud singari yuzlab olimlar hozirda qamoqda.

Xitoy hukumatiga ko'ra, minglab uyg'urlar mehnat lagerlaridan, ahloqni tuzatish muassasalarida qayta tarbiyalanib chiqqan. Biroq Aqidaning onasi kabi uzoq muddatga qamalganlar ham minglarni tashkil etadi.

Amerika hukumati nazarida Pekin uyg'urlarni elat sifatida yo'q qilishga harakat qilmoqda, ya'ni genotsidni amalga oshirmoqda.

AQSh Rohila Dovud va boshqa uyg'ur ziyolilar taqdiri yuzasidan xavotir bildirib, ularning panjara ortiga tashlanganini qoralagan. Vashington Xitoyga sanksiyalar qo'ygan, hamkoirlikni cheklovchi siyosiy taqiqlar joriy etilgan.

Aqida fikricha esa hozirgi choralarning o'zi yetmayapti. "Boshqa mojarolar fonida uyg'urlar masalasi chetga surilgandek", - deya norozi Aqida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG