Breaking News

Xitoyda uyg'ur qishloqlarining nomi o'zgartirilmoqda


Hotan, Shinjon-uyg'ur muxtoriyati, 21-sentabr, 2018
Hotan, Shinjon-uyg'ur muxtoriyati, 21-sentabr, 2018

Uyg'ur faollarining aniqlashicha, Xitoy yillardan beri Shinjon va boshqa hududlarda joy nomlarini o'zgartirish bilan band,, ayniqsa madaniy va diniy ahamiyatga ega maskanlar, go'shalar, mahalla va qishloqlar bugun mutlaq boshqacha qayd etiladi.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" va Norvegiya Uyg'ur tashkiloti bergan hisobotga ko'ra, kamida 630 qishloq nomi yangilangan, kommunistlashtirilgan. Uyg'ur tilidagi nomlardan voz kechilib, Pekin buyurgan atamalar qo'llanilmoqda.

Xitoy hukumati "baxt", "birdamlik", "uyg'unlik" kabi so'zlarni ko'p ishlatadi.

Hisobotda yozilishicha, Pekin shu tariqa uyg'urlar ongiga xitoy tilidagi so'zlarni singdirmoqda.

Nomlarning yangilanishi 2017-yildan boshlab yanada avj olgan. Shu davrdan buyon yuzlab ming uyg'urlar qamoqqa olingan va mehnat lagerlariga tashlangan.

Huquq himoyachilari deydiki, Pekinning uyg'ur madaniyati, e'tiqodi, tarixi va o'ziga xos jihatlariga toqati yo'qligi tobora qattiq sezilmoqda va bu elatni yo'q qilish siyosati olib borilayotgani aniq.

"Birdamlik" degan yangi nom ostida yashayotgan uyg'ur qishlog'i, Shinjon, 20-sentabr, 2018
"Birdamlik" degan yangi nom ostida yashayotgan uyg'ur qishlog'i, Shinjon, 20-sentabr, 2018

"Qarshi chiqsangiz, sizni ektremizmda ayblashadi va qamashadi. Uyg'urman deyishning o'zi jinoyatdek qaraladi", - deydi Maya Vong, "Human Rights Watch" vakili.

Aksu, Qashg'ar va Hotan singari uyg'urlar katta sonlarda yashaydigan hududlarda nomlar ayniqsa ko'p o'zgtartirilgani ma'lum.

Xitoy hukumati yuqoridagi hisobotni qoralab, uyg'urlar e'zozlanadi va ularning qadriyatlari hamon yuksak, deya javob qilmoqda.

Shinjonda uyg'urlar joylarni o'zlari xohlaganicha atashi va bilishi mumkin, deydi rasmiylar, shu bilan birga ular Xitoy fuqarolari sifatida Pekin bergan rasmiy atamalarni ham hurmat qiladi.

2022-yilda BMT Xitoy hukumatini uyg'urlarga qarshi qabih jinoyatlarda ayblab chiqqan, ularni "insoniyatga nisbatan jinoyatlar" deb ta'riflagan.

2017-yildan beri 1 millionga yaqin uyg'ur panjara ortiga tashlangani taxmin qilinadi. BMTning bu xulosalarini Pekin asossiz deb hisoblaydi.

"Uyg'urlar bugun ona qishlog'ini tanimaydi, chunki shu qadar o'zgartirib tashlashgan", - deydi Abduvali Ayup, muhojir tilshunos.

Ayup tasvirlashicha, uning xalqi doimiy tahdid ostida yashaydi va o'zligini yashirishga majbur.

Turkiya ko'chalarida Xitoyga qarshi namoyish qilayotgan uyg'urladan biri, 1-oktabr, 2023
Turkiya ko'chalarida Xitoyga qarshi namoyish qilayotgan uyg'urladan biri, 1-oktabr, 2023

"Uyg'ur nomlardan voz kechilishi hukumatning uyg'urlarni teng ko'rmasligini anglatadi, ya'ni ular xitoylardan pastroq o'rinda va muhim emas", - deydi Zumretay Arkin, Jahon uyg'urlari kongressi vakili.

Shinjonda masjidlarning ham ko'rinishi o'zgargan. Ular hozir kommunistik ruhda quriladi va bezatiladi.

Uyg'urlarga bolalariga islomiy ismlar berish ham cheklangan. Farzand tug'ilganida unga xitoylar tushunadigan nom tanlash tavsiya qilinadi.

Zumretay Arkin fikricha, tinimsiz tanqidlar va qoralashlar, hatto yirik xalqaro tashkilotlar tomonidan bo'lsa ham, Pekinga ta'sir qilmayapti. Dunyo hamjamiyati yangi bir choralar bilan chiqishi kerak, deya undaydi u. Xorijdagi uyg'urlar ham vatandan uzilib qolgan, chunki yaqinlari bilan aloqa ichkaridagilarga aziyat keltiradi, ular hukumat kuzatuvida.

Abduvali Ayup esa BMT darajasidagi har qanday yig'inda Xitoyga bosimni oshirish kerak, unga talablar qo'yish kerak, deydi. BMT Inson huquqlari kengashida, xususan, Pekinni savolga tutish shart, deya chaqirmoqda u.

“Xavotirdagi davlatlar Xitoydan qamoqdagi uyg'urlarni ozod etishni talab qilsin", - deydi Ayup.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG