AQSh razvedka agentliklari Rossiya, Eron va Xitoy noyabr oyidagi prezidentlik saylovi oldidan Amerika saylovchilariga ta'sir o'tkazishga urinayotgan asosiy tashqi kuchlar ekanligini ta'kidladi.
Milliy razvedka direktori idorasi Kreml eng faol ishtirokchi ekanligini, u sun'iy intellekt, soxta akkauntlar va uydirma tasvirlardan foydalanib, Donald Tramp nomzodini ilgari surishga intilayotgani haqida xabar qildi.
Xitoy esa 2024-yilgi prezidentlik poygasining natijasiga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir o'tkazishga urinmagan. Dezinformatsiya bo'yicha ixtisoslashgan mustaqil tahlilchi Sara Kukning ta'kidlashicha, bu qisman Vashingtonda Xitoyning avtoritar hukumati tomonidan yuzaga kelayotgan tahdidga nisbatan kuchli ikki partiyali konsensus mavjudligi bilan bog'liq.
AQSh saylovlariga juda kam vaqt qoldi. Xitoy ijtimoiy tarmoqlarda qanday g'oyalarni ilgari surmoqda va ular amerikalik saylovchilarga qanday ta'sir qilishi mumkin?
Qarama-qarshilikni kuchaytirish
“Amerika Ovozi” va Tayvanning ijtimoiy media tahlil firmasi “Doublethink Lab” tomonidan olib borilgan qo‘shma tergov “X” ijtimoiy tarmog‘ida Xitoy hukumati bilan bog‘liq 201 ta akkauntni aniqladi. Ushbu akkauntlarning asosiy maqsadi AQShdagi bahsli ichki masalalarni kuchaytirish, jamiyatdagi qarama-qarshilikni chuqurlashtirish va ishonchsizlik urug‘ini sochishdir.
Xitoy agentlari haqiqiy va sun'iy intellekt yordamida yaratilgan tasvirlar va videolar orqali LGBTQ+ huquqlari, abort, immigratsiya, irq, qurol nazorati va jinoyatchilik darajasi kabi jamiyatni bo'lib yuboradigan ijtimoiy masalalarni kuchaytirmoqda.
“CongCong” nomi bilan tanilgan sahifalardan biri “X” tarmog’ida o'z postlarini boshqalar bilan bo'lishadi. U o’zini hayotga jiddiy qaraydigan va ijobiy energiya tarqatadigan muloyim, ammo qattiqqo’l qizaloq' deb ta'riflaydi.
Biroq uning postlari ijobiy emas. Ulardan birida G’azoga qaratilgan qurol tasviri va genotsid haqida da’volar keltirilgan bo’lib, u Isroilni - “qurol tutgan odam”, AQShni - “qurol”, Yevropa Ittifoqini – “ovoz o’chiruvchi” sifatida tasvirlaydi.
Ushbu post “Amerika Ovozi” kuzatayotgan Xitoy bilan bog'liq akkauntlar tarmog'idagi 40 ta akkaunt tomonidan keng tarqatilgan.
“Little Sister Muxi” nomli dezinformatsiya tarqatuvchi yana bir akkaunt amerikaliklarning talaba kreditlari va sog'liqni saqlash xarajatlari kabi muammolarini isroilliklar imtiyozlari bilan solishtiruvchi jadvalni bo'lishdi.
Isroil-G'azo mojarosi AQShda aholi orasida keskin qarama-qarshilikka sabab bo'ldi. Ba'zi amerikaliklar Isroilning o'zini himoya qilish huquqini qo'llab-quvvatlasa, boshqalar ortiqcha zo'ravonliklardan kuchli norozilik bildirmoqda.
So'nggi paytlarda tarmoq, shuningdek, “Intel” kompaniyasining 15 foiz ishchi kuchini qisqartirish haqidagi e'lonini muhokama qilish uchun kuzatuvchilar e’tiborini qaratish harakat qildi. “CongCong” nomli akkaunt: “Bu AQShning tanazzuli, AQShning o'zi yaratgan inqiroz”, - deya ta'kidlagan. Ushbu xabar 36 ta akkaunt tomonidan bo'lishildi.
Ayrim sahifalar esa Xitoyning davlatga qarashli “Global Times” gazetasidan AQShning Ukrainaga moliyaviy yordamini masxara qiluvchi karikaturalarni olib bo‘lishgan.
Shuningdek, sun'iy intellekt yordamida yaratilgan tasvirlarda uysiz amerikaliklar tasvirlanib, hukumat xorijdagi mojarolarga milliardlab dollar sarflayotgan bir paytda, AQSh fuqarolari e'tibordan chetda qolayotgani haqida xabar berilmoqda.
“Spamouflage” tarmog'i tomonidan Amerikadagi giyohvandlik epidemiyasini aks ettiruvchi soxta videolar ham keng tarqatilib, bu Xitoy hukumatini qo‘llab-quvvatlash va tanqidchilarni zaiflashtirishga qaratilgan yirik davlat homiyligidagi operatsiyaning bir qismi hisoblanadi.
Bu yondashuv 2016-yilgi AQSh saylovlari paytida Rossiya tomonidan G‘arb ittifoqlarini zaiflashtirish va jamiyatdagi bo‘linishlarni chuqurlashtirish uchun qilingan axborot urushi taktikalariga o‘xshaydi.
Trampni quvvatlovchi soxta akkaunlar
Tergov natijasida Respublikachilar partiyasidan nomzod Trampni qo'llab-quvvatlovchi va haqiqiy amerikalik saylovchilar bilan muloqot qilishga urinayotgan 25 ta akkauntdan iborat ikkita “MAGAflage” tarmog'i aniqlangan.
“MAGAflage 1” deb nomlangan 10 ta akkauntdan iborat bo'lgan tarmoqlardan biri 13-iyul kuni sodir bo'lgan suiqasddan so'ng Trampni qo'llab-quvvatlovchi kontentni keng tarqata boshladi. O'g'irlangan biografiya va suratlardan foydalanib, ushbu akkauntlar Trampni Amerika qutqaruvchisi sifatida targ'ib qilish bilan birga, Xitoyni qo'llab-quvvatlovchi kontent va AQShdagi ziddiyatli masalalarga e'tibor qaratdi. “Amerika Ovozi” hisobotidan so'ng, “X” ushbu akkauntlarni “tarmoq qoidalarini buzganligi” uchun blokladi.
“MAGAflage 1” tarmog'idagi yana bir akkaunt davlat ommaviy axborot vositalariga tayanib Xitoyni qo'llab-quvvatlovchi kontentni tez-tez joylashtirgan bo'lsa, MAGAflage 2 tarmog'ining boshqa a’zosi ehtiyotkorlikni afzal ko’rgan. Bir necha istisnolardan tashqari, bu shaxs Xitoyga bevosita aloqador mavzularda kamdan-kam post qo’yib, ko'proq AQSh saylovlari mavzulariga e'tibor qaratgan.
Barcha akkauntlar o'z foydalanuvchi nomlarida emodjilardan foydalanadi. 15 ta akkauntning 12 tasi emodjilardan biri sifatida Amerika bayrog'ini ishlatgan.
Ular Biden ma'muriyatining immigratsiya siyosatini tanqid qilib, fitna nazariyalarini targ'ib qiladi, shuningdek, Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosini 6-yanvar kuni Kapitoliyda sodir bo'lgan tartibsizliklarda ayblaydi.
"Doublethink Lab” raqamli razvedka tahlilchisi Jasper Hyuittning “Amerika Ovozi” Mandarin xizmatiga aytishicha, bu akkauntlar o’zini amerikalik fuqarolar sifatida ko’rsatib, Xitoy bilan bog'liqligini yashirishga harakat qiladi.
Diqqatga sazovor tomoni shundaki, bu akkauntlar boshqa trollar ko‘pincha bo‘lishadigan anti-Isroil kontentni targ‘ib qilmaydi. Tramp yaqinda o‘zini Isroilning “himoyachisi” deb e’lon qilib, yahudiy saylovchilarni Vitse-prezident Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqirdi.
“Bu operatsiyalar ortida turgan odamlar o'zlari muloqot qilmoqchi bo'lgan foydalanuvchilarga mos keladigan kontent turini yaxshi tushunadi”, - deydi Hyuitt.
Ayni paytda tadqiqotchilar ikkala partiya nomzodlariga hujum qiluvchi akkauntlarni aniqlashda davom etmoqda. “Microsoft” yaqinda “Storm-1852” deb nomlangan, Xitoy bilan bog'liq tahdid guruhi haqida xabar berdi, guruh ijtimoiy tarmoqlarda saylovlarga oid kontentni qayta joylashtirish, izohlarga javob berish va foydalanuvchilarni so'rovda ishtirok etishga jalb qilish kabi yuqori interaktiv yondashuvdan foydalangan. Ushbu tarmoq hech bir aniq nomzodga yon bosmaydi.
Mahalliy nomzodlar
Amerika razvedka xodimlarining so'nggi xulosasiga ko'ra, Xitoyning ko'plab sa'y-harakatlari Tramp yoki Harrisga emas, balki Pekin uchun dushman hisoblangan shtat va mahalliy darajadagi nomzodlarga qaratilgan.
Kuzatuv va tergov davomida “TikTok”da respublikachi AQSh senatori Josh Xoulini tanqid qiluvchi video aniqlangan. Videoda uning Shinjon hududidagi majburiy mehnat haqida “Intel” rahbarlarini tinimsiz so'roqqa tutgani masxara qilingan va uni “Xitoyga qarshi senator” deb atashgan. Xouli bu yil qayta saylanish uchun kurashmoqda.
Yana bir videoda nyu-yorklik demokrat AQSh vakili Jerri Nadler mazax qilingan; u qurbonlarning oilalari guvohlik berayotgan paytda mudrab o’tirgandek ko'rsatilgan.
Prezidentlik saylovi bilan bir qatorda, joriy yilda Vakillar palatasining barcha 435 o‘rni va Senatning 33 o‘rni uchun ham saylov bo‘lib o‘tadi. Xitoyni tanqid qiluvchi qonunchilar onlayn ta’sir kampaniyalarining nishoniga aylanishi ehtimoli yuqori.
Joriy yilda qayta saylanishga harakat qilayotgan ogayolik demokrat senator Sherrod Braun ham Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarga taqiq joriy etishni qo‘llab-quvvatlagani uchun Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan hujumlarga duch kelmoqda.