Bayden ma’muriyati ham, ungacha to’rt yil ish olib borgan Tramp ma’muriyati ham Xitoyni adolatsiz savdo amaliyotlarida hamda xalqaro bozorlarni narxlari sun’iy ravishda tushirilgan mahsulotlar bilan to’ldirishda ayblab keladi.
Tahlilchilarga ko’ra, har ikki partiyadan prezidentlikka nomzodlar Xitoyning bu kabi amaliyotlariga qarshi tariflar yordamida kurashmoqda, ishlab chiqarishni AQShning o’zida kuchaytirishga da’vat etmoqda. Savdo urushi iste’molchiga qanday ta’sir qilishi mumkin?
AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp saylovda g’alaba qozonib, Xitoyga qo’shimcha tarif qo’llasa, Xitoyda ishlanib Amerikaga import qilinayotgan mahsulotlar narxi yanada qimmatlashadi.
“Boshqa mamlakatlarga ham tariflar qo’yyapmiz. 75 yildan so’ng ular endi dunyoda qilayotgan yaxshiliklarimiz uchun bizga to’lashadi. Ayrim hollarda tarif miqdori ancha yuqori bo’ladi”, - deydi Tramp.
Tramp Xitoyda ishlangan mahsulotlarga tariflarni 60 foizgacha oshirishni ko’zlamoqda. Boshqa mamlakatlarga esa 20 foizgacha tarif solinadi. Tramp ham, uning saylovdagi demokrat raqibi Kamala Harris ham ish o’rinlarini Amerikaga qaytarmoqchi.
“Xitoyga nisbatan siyosatimiz 21-asrda Amerika Qo’shma Shtatlari raqobatda qo’li baland kelishini ta’minlashga qaratilgan bo’lishi kerak”, - deydi Harris.
Bayden ma’muriyati Trampning birinchi prezidentligi paytida joriy etilgan import soliqlarining aksariyatini o’zgarishsiz qoldirgan. May oyida Bayden Xitoydan kelayotgan 18 milliard dollarlik importlarga tariflarni hatto oshirdi, Xitoy elektrik avtomobillariga import solig’i 100 foizni tashkil etdi.
Bayden ma’muriyati uning tariflari strategik ahamiyatga ega ekanini, muayyan sanoatlarga qaratilganini bildiradi, Tramp taklif etayotgan import soliqlari esa keng qamrovli bo’lib, Amerikada o’rta sinf xonadoniga yiliga qo’shimcha 4000 dollarga tushishini ta’kidlaydi. Boshqa hisoblar 2000 dollar atrofini ko’rsatmoqda.
Tramp iste’molchi uning rejasidan zarar ko’rmasligini aytadi.
“Narx Xitoyning o’zida va yillar davomida bizni aldab kelgan mamlakatlarda oshadi”, - deydi u.
Biroq ta’minot zanjiri mutaxassisi Kristofer Tang import soliqlarini Xitoy kompaniyalari to’lamasligini aytadi.
“Saylov yilida hamma Oyni va’da qiladi, ammo haqiqat shuki, import tariflarini Amerika firmalari to’laydi”, - deydi ekspert.
Masalan, “Costco” do’konida Xitoydan import qilingan televizor uchun import solig’ini “Costco” to’laydi, deydi Tang.
“Kompaniyalar yuqori import tariflariga yuz tutsa, ikki yo’ldan birini tanlaydi. Birinchisi, soliqni iste’molchiga to’latishi mumkin. Ikkinchi yo’l Xitoydagi fabrika-zavodlardan mahsulotga narxni tushirishni talab qilish”, - deydi Kaliforniya universiteti olimi.
Tangning aytishicha, Xitoy kompaniyalari narxni tushirish bilan birga mahsulot sifatini ham pasaytirishi mumkin.
Import soliqlari “Xitoyda chiqarilgan” yorlig’iga ega mahsulotlar miqdorini kamaytirishi mumkin, lekin Kristofer Tang bu bilan Xitoyda ishlangan tovarlar importi kamaymasligini, yorliqda boshqa mamlakatning nomi yozilishini aytadi.
“Mahsulotni yig’ishning so’nggi bosqichi Vyetnam, Hindistonda amalga oshiriladi va Xitoy bu mamlakatlarga ko’plab komponentlar va qismlarni yuboradi. So’ng tovarlar AQShga jo’natiladi. Xitoy AQShga to’g’ridan-to’g’ri eksport qilmasa-da, eksport sur’atini tushirgani yo’q”, - deydi Tang.
Jahon savdo tashkiloti tariflar kam daromadli xonadonlarga nomutanosib ravishda ta’sir qilishini bildiradi. Masalan, Xitoyga qo’yilgan 60 foizlik tarif oqibatida 6 dollardan 9 dollar 60 sentgacha ko’tarilgan Xitoy velosipedining kamarini va boshqa mahsulotlarni xarid qilish ayrim iste’molchilar uchun imkonsiz bo’ladi.