Seshanba oqshom AQShning Filadelfiya shahrida Demokratlardan prezidentlikka nomzod Kamala Harris va Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp o’rtasida ilk televizion debat o’tkaziladi.
Tramp uchun bu joriy yilda ikkinchi debat bo’ladi. U 27-iyunda Jo Bayden bilan tortishgan edi. Bayden debatda o’zini bo’sh ko’rsatganidan keyin Demokratlar partiyasi sardorlari uni poygadan vitse-prezident Kamala Harris foydasiga chiqishga ko’ndirdi.
Harris uchun bu ilk teledebatdir.
Tramp shu kungacha raqibi telesuflyorsiz ikki jumla gapira olmasligini aytib keladi. Debat Harrisga notiqlik mahoratini ko’rsatish, Amerika xalqi uchun muhim bo’lgan mavzularni qanchalik chuqur bilishini namoyish etish uchun imkoniyatdir.
“Bayden Kamaladan aqlliroq”, - deydi Tramp.
Harris debatga hozirlik ko’rganini tan oldi.
“Mamlakatdagi bo’linishga chek qo’yish vaqti keldi, uni birlashtirib, olg’a qadam qo’yishimiz kerak”, - deydi u.
Iyun oyidagi Tramp-Bayden teledebatini 51 milliondan ziyod amerikalik tomoshabin tomosha qilgan. Bu gal ham tadbirga qiziqish katta.
“Tramp prezident bo’la olishini isbotlashi, tarafdorlariga dadil ekanini ko’rsatishi, uning tarafida bo’lmagan odamlarga qo’polliksiz agressiv bo’la olishini namoyish etishi kerak. Kamala Harris prezidentday bo’la olishini, hujumga o’ta olishini va chekina olishini ko’rsatishi, Demokratik platformadan chekinmagan holda siyosatining qaysi jihatlari Baydennikidan farq qilishini fahmlay olishini isbotlashi zarur”, - deydi Shimoliy Karolinadagi Veyk Forest universitetidan Neyt French.
Debat ABC telekanali orqali havola etiladi, moderatorlar iqtisodiyot, abort huquqlari, tashqi siyosat, immigratsiya mavzularida savollar beradi.
Nomzodlar ixtiyorida faqat qog’oz, ruchka, suv va har bir savolga javob berish uchun ikki daqiqa vaqt bo’ladi.
Iqtisodiyot
Iqtisodiyotga kelganda Tramp katta va’dalar bermoqda.
"Qarzingizni uzib, soliqlarni yanada kamaytiramiz. Bozor-ucharga ketadigan xarajatlaringiz tusha boshlaydi”, - deydi u.
Tramp narxlarni tushirish sirini ochgani, bunga qanday erishmoqchi ekanini bildirgani yo’q.
U, shuningdek, importlarga qo’shimcha tariflar qo’ymoqchi, bizneslarga ortiqcha cheklovlarni kamaytirmoqchi.
Harrisga ko’ra, Trampning tariflar rejasi amerikaliklarga soliq solish bilan teng bo’ladi.
"Iqtisodchilar bu AQShda o’rta hol oilaga yiliga salkam 4000 dollarga tushishini aytyapti”, - deydi vitse-prezident.
Amerika tarixida ilk ayol prezident bo’lishga intilayotgan Harris oziq-ovqat va baqollik mahsulotlariga narx oshirilishini federal miqyosda man qilishni taklif etmoqda.
Biroq respublikachilar va yengil sanoat vakillari Harris rejasining xom ekanini ta’kidlamoqda.
Demokrat nomzod, shuningdek, soliqlarni tushirib, arzonroq uy-joy qurishni va’da qilyapti.
Immigratsiya
Immigratsiya masalasida Harris chegara xavfsizligiga oid keng qamrovli qonun loyihasini jonlantirmoqchi ekanini, chegaradan noqonuniy o’tishlarga qarshi kurashishini bildirdi.
Tramp Harrisni millionlab noqonuniy muhojirlarni mamlakatga qo’yganlikda ayblaydi.
Sobiq prezident ikkinchi muddatga saylansa, noqonuniy muhojirlikka qarshi kurashni kuchaytirib, qonuniy immigratsiyani cheklashga va’da bermoqda.
Abort
Abortga kelganda Tramp har bir shtat bu masalada mustaqil qaror qabul qilishi kerak degan, ammo o’zi yashovchi Floridada abort huquqlarini shtat qomusiga kiritish va abortni olti haftalik homila bilan cheklashni ko’zda tutgan hozirgi qonunni bekor qilishga qaratilgan tuzatishga qarshi ovoz berishini aytadi.
Tramp, shuningdek, in-vitro urug’lanish muolajalari uchun xarajatlarni davlat va sug’urta kompaniyalari zimmasiga yuklamoqchi.
Harris abort huquqlarini kafolatlovchi qonun loyihasini imzolashga tayyor ekanini aytadi. U respublikachilarni ayollar huquqlariga tahdid deb atadi.
Texnologik kompaniyalar qaysi nomzod tarafida?
Xabarlarga qaraganda AQShdagi yirik texnologik kompaniyalar saylov poygasida Harrisni qo’llab-quvvatlamoqda. Jumladan “Google”ga egalik qiluvchi “Alphabet” kompaniyasi, “Amazon” va “Maykrosoft” ishchilari Harris saylov kampaniyasiga Trampnikiga qaraganda ko’proq xayriya qilgan.
Masalan, “Alphabet” xodimlari va ularning oila a’zolari Harrisga 2,16 million dollar bergan. Bu Tramp saylov shtabiga o’tkazilgan puldan 40 baravar ko’p ekani aytiladi.
“Facebook” egasi “Meta” hamda “Apple” kompaniyalari ham Harrisga Trampga nisbatan ko’proq pul uzatgan.
Shu bilan birga, “Tesla” asoschisi milliarder Ilon Mask, shuningdek, 42 milliard dollarga baholanayotgan “Andrissen Xorovits” venchur kapital kompaniyasi Trampni qo’llab-quvvatlamoqda.