Rossiya, Eron va Xitoy noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari arafasida amerikalik saylovchilarga ta'sir ko‘rsatish uchun sun'iy intellektdan foydalanishdan voz kechmayapti. Ammo AQSh razvedka agentliklarining ta’kidlashicha, ularning bu harakatlari saylovlarga ta'sir qilish sa’y-harakatlarini tubdan o‘zgartigani yo’q.
Yaqinda Milliy razvedka direktori idorasi tomonidan yangi bayonot e'lon qilindi. Unda Moskvadan, Tehrondan va Pekindan sobiq respublikachi prezident Donald Tramp va amaldagi demokrat Vitse-prezident Kamala Harris o‘rtasidagi poyga hamda boshqa shtat va mahalliy saylovlarga ta'sir ko‘rsatishga qaratilgan ta'sir operatsiyalarini haqida ma’lumot berilgan.
“Xorijiy subyektlar soxta kontentni tezroq va ishonarli tarzda ifodalash uchun sun'iy intellektdan foydalanmoqda”, - deya ma’lumot berdi AQSh razvedka rasmiysi anonimlik sharti bilan.
“Sun'iy intellekt yordamchi vosita, - deydi rasmiy. - U zararli ta'sirni tezlashtiradi, ammo hali inqilobiy ta'sir ko‘rsatishga qodir emas”.
Bu AQSh rasmiylarining noyabrdagi saylovlarga sun’iy intellekt ta’siri haqidagi birinchi ogohlantirishi emas.
AQShdagi saylov xavfsizligini nazorat qiluvchi Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi rasmiysi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda sun'iy intellektning zararli ishlatilishi hozircha ayrim shov-shuvlarga mos kelmaganini ma'lum qildi.
“Generativ sun'iy intellekt bu saylov davriga asosiy yangi tahdidlar kiritmaydi, - dedi agentlik katta maslahatchisi Keyt Konli. - U biz kutgan darajada ta’sir qildi, xolos”.
Ammo bu AQShning raqiblari jim o’tiribdi, degani emas.
AQSh razvedkasining yangi bahosiga ko‘ra, Rossiya, Eron va Xitoy sun'iy intellektdan foydalanib matnlar, tasvirlar, audio va videolar yaratgan va ularni barcha yirik ijtimoiy media platformalarida tarqatgan.
Rossiya, Eron va Xitoy izoh so’rab berilgan savollarga hali javob bermadi. Uchala davlat ham ilgari AQShning saylovlarga ta'sir ko‘rsatish kampaniyalari bo‘yicha ayblovlarini rad etgan.
AQSh razvedka rasmiylari amerikalik saylovchilarning qanchasi bu zararli sun'iy intellekt mahsulotlariga duch kelganini aytmagan bo‘lsa-da, ularda bu sa’y-harakatlarning ayrimlari muvaffaqiyatsizlikka uchrayotganini ko‘rsatadigan asoslar mavjud.
“Sifat kutilgan darajada ishonarli emas”, - dedi AQSh razvedka rasmiysi.
Rasmiyning aytishicha, bunga sabab Rossiya, Eron va Xitoy ba'zi ilg‘or sun'iy intellekt vositalariga o‘rnatilgan cheklovlarni yengishda qiyinchiliklarga va bir vaqtning o‘zida o‘zlarining sun'iy intellekt modellari ustida ishlashda ham muammolarga duch kelmoqda.
Shuningdek, rasmiy AQShning ushbu uchta raqibi hozirgacha sun'iy intellektdan foydalanib, u orqali samaraliroq tarzda o’zi mo‘ljallangan auditoriyaga ta’sir qilish yo‘llarini topa olmaganliklarini ta’kidladi.
“Katta hajmdagi sun'iy intellekt operatsiyalarini amalga oshirish arzon emas”, - deydi sobiq FQB maxsus agenti va terrorchilikka qarshi maslahatchi, hozirda “Microsoft” kompaniyasining Tahdidlar tahlil markazi rahbari Klint Uotts.
“Sun'iy intellekt infratuzilmasi va resurslari, modellari, uni o‘rgatish uchun kerak bo‘lgan ma'lumotlar — hozirda juda murakkab, - deydi Klint Uotts Vashingtonda o‘tkazilgan kiberxavfsizlik sammitida. - Siz noto‘g‘ri ma'lumot va dezinformatsiyani ishlab chiqishingiz mumkin, lekin bu ular yaxshi degan ma’noni anglatmaydi”.
Ba'zi hollarda AQSh dushmanlari sun'iy intellektga tayanmaydigan an'anaviy taktikalarni ham samarali deb biladi.
Masalan, kuni kecha AQSh razvedka rasmiylari Vitse-prezident Harris 2011-yilda sodir bo'lgan avtohalokatda bir qizni jarohatlagani haqidagi videoni Rossiya ta'sir agentlari sahnalashtirganini aytib, bu borada “Microsoft”ning o'tgan haftadagi bahosini tasdiqladi.
Shuningdek, rasmiylarning aytishicha, Harrisning sekin gapirayotganini ko'rsatadigan o'zgartirilgan videolar ham Rossiya agentlarining ishi bo'lib, bu sun'iy intellektga tayanmasdan amalga oshirilgan bo'lishi mumkin.
Hozircha, mutaxassislar va razvedka rasmiylari sun'iy intellekt masalasiga kelganda Rossiya, Eron va Xitoy sifatdan ko'ra sonni afzal ko'rayotgani borasida yakdil fikrda.
“Microsoft” so‘nggi 14 oy davomida Rossiya, Eron va Xitoy tomonidan sun’iy intellektdan foydalanilgan yuzlab holatlarni kuzatdi. AQSh razvedka rasmiylari sun’iy intellekt yordamida yaratilgan materiallarning qancha tarqatilganini ochiqlamagan bo‘lsa-da, Rossiya bilan bog‘liq shaxslar bu borada yetakchilik qilayotganini tasdiqladi.
“Ushbu materiallar orasida taniqli AQShlik shaxslar haqidagi va ular ishtirokidagi sun'iy intellekt yordamida yaratilgan kontentlar ham bor. Rossiyaning bu kontentlari sobiq prezident nomzodini ilgari surish va vitse-prezident hamda Demokratik partiyaning obro’sini tushirishga qaratilgan”, - dedi AQSh razvedkasi rasmiysi.
Ushbu harakatlar sun'iy intellekt yordamida soxta veb-saytlar orqali AQShning haqiqiy yangiliklar saytlari ko'rinishida dezinformatsiya tarqatishga qaratilgan edi, biroq bu ish AQSh Adliya vazirligi tomonidan to'xtatildi.
AQShning yangi xulosasiga ko'ra, sobiq prezident Trampning qayta saylanish kampaniyasiga zarar yetkazishga harakat qilgan Eron ham Rossiyaning uslubidan nusxa ko‘chirib, AQSh saylovchilari orasida nizo qo‘zg‘ashga intilmoqda.
Tehron ham sun'iy intellektdan foydalanib, o‘z ta'sir kampaniyasini nafaqat ingliz tilida, balki ispan tilida ham kengaytirishga urinmoqda. U, ayniqsa, immigratsiya masalasida saylovchilarda g‘azab uyg‘otishni maqsad qilgan.
“Generativ sun'iy intellekning afzalliklaridan biri — u turli til to'siqlarini yengib o'ta oladi”, - deydi AQSh razvedka rasmiysi.
"Va Eron bu vositalardan samarali foydalanishi mumkin”, - deydi rasmiy.
AQShning bahosiga ko'ra, Pekin ayrim jihatlarda sun'iy intellektdan yanada murakkab usulda foydalanib, soxta ijtimoiy media sahifalari bilan bir qatorda, soxta yangiliklar boshlovchilarini ham yaratmoqda.
Mustaqil tahlilchilar Xitoyning “Spamouflage” deb nomlanuvchi operatsiyasi doirasidagi harakatlarining ta'sir doirasini shubha ostiga olmoqda.
“Graphika” ijtimoiy media tahlil firmasi tomonidan yaqinda e'lon qilingan hisobotga ko'ra, bir nechta istisnolardan tashqari, Xitoyning akkauntlari saylovni muhokama qilayotgan haqiqiy onlayn jamoalarda sezilarli e'tibor qozona olmagan.
"AQSh razvedka vakillarining aytishicha, Xitoyning harakatlari asosan Tramp yoki Harrisga emas, balki Pekinga nisbatan dushmanona munosabatda bo'lgan shtat va mahalliy darajadagi nomzodlarga qaratilgan.
AQSh razvedka rasmiylari yana qaysi davlatlar sun'iy intellektdan foydalanib, AQSh prezidentlik saylovi natijasiga ta'sir o'tkazishga urinayotganini aytmadi.
O’tgan oy AQSh Adliya vaziri o‘rinbosari Liza Monako siyosiy qutblashishni kuchaytirishga qaratilgan xatti-harakatlar, ayniqsa, texnologiya yordamida kuchayayotgani haqida ogohlantirgan edi.