Breaking News

Xitoy Shinjon bo'yicha BMT e'tirozlarini tinglashga tayyormi?


Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Jian
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Jian

BMT organi shu hafta Pekinni Shinjon bo’yicha siyosatini yana bir bor ko‘rib chiqishga chaqirganidan so‘ng, Xitoy Inson huquqlari bo‘yicha BMT Oliy komissari boshqarmasi (OHCHR) bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Chorshanba kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi brifingda soʻzga chiqqan Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Jian “Xitoy OHCHR bilan konstruktiv almashinuv va hamkorlikka tayyor”ligini aytdi, ammo bu “oʻzaro hurmat asosida” oʻtkazilishi kerakligini qoʻshimcha qildi.

Xitoyning Shinjondagi siyosati so'nggi yillarda xalqaro hamjamiyat va Pekin o’rtasida doimiy keskinlik nuqtasi bo'lib kelmoqda. Xitoy hukumati Shinjonda bir milliondan ortiq uyg'urni majburiy lagerlarda saqlaganlikda ayblanadi. Ba’zi hukumatlar Pekinni genotsidda ham ayblagan. Pekin bu ayblovlarni qat'iyan rad etadi.

2022-yilgi hisobotida BMTning o’sha paytdagi Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bachelet Shinjondagi huquqbuzarliklar haqida batafsil maʼlumot bergan edi. Hisobotda ommaviy o'zboshimchalik bilan hibsga olish va majburiy mehnat kabi suiiste'mollik holatlari tilga olingan va bu amaliyotlar insoniyatga qarshi jinoyatlar bo'lishi mumkin degan xulosaga kelgan. Hisobot, shuningdek, Xitoy hukumatini ushbu qonunbuzarliklarni bartaraf etishga va mazmunli islohotlarni amalga oshirishga chaqirgan.

Shu hafta OHCHR hisobotning yangilanishini e'lon qildi va Xitoyni mintaqaga oid qonunlarini, ayniqsa, Shinjondagi etnik va diniy ozchiliklarga ta'sir ko'rsatadigan qonunlarni har tomonlama qayta ko'rib chiqishga chaqirdi.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Volker Turk matbuot kotibi Ravina Shamdasani Pekinni "milliy xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashni tartibga soluvchi qonunchilik bazasini inson huquqlari nuqtai nazaridan to'liq ko'rib chiqish"ga va ozchiliklarni kamsitishdan himoya qilishni kuchaytirishga chaqirdi.

"Biz Shinjonda ko'plab muammoli qonunlar va siyosatlar saqlanib qolayotganini ko’ryapmiz", - dedi Shamdasani.

Xitoy bu choralar ekstremizm, terrorizm va ayirmachilikka qarshi kurashish uchun zarur, deydi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Jian Xitoy muloqotda ishtirok etishga tayyorligini aytgan bo'lsa-da, u xalqaro tashkilotni "inson huquqlarini siyosiylashtirish va bo'linuvchi qarama-qarshilik harakatlaridan" ogoh bo’lishga undadi.

“Biz OHCHR o‘z vakolatlarini adolatli va xolisona bajarishi, mamlakatlar suverenitetini hurmat qilishi, faktlarni hurmat qilishi, mamlakatlar bilan konstruktiv muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak, deb hisoblaymiz”, - dedi u.

U, shuningdek, Xitoyning Shinjonda inson huquqlari sohasida erishgan “tarixiy yutuqlarini” tilga oldi.

“Bugun Shinjonda ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy yuksalish hukm surmoqda, u yerda odamlar baxtli hayot kechirmoqda, - deydi u. - Bu barcha etnik guruhlarga mansub odamlar yaxshiroq hayot uchun birgalikda harakat qiladigan tarixdagi eng yaxsh davrdir."

Doimiy xavotirlar

BMT Inson huquqlari bo'yicha idorasining islohotlarga doir so'nggi chaqirig'i tashkilot vakillari iyun oyida Xitoyga tashrifi chog’ida hukumat bilan terrorizmga qarshi siyosat va jinoiy adliya tizimi bo'yicha hamkorlik qilishga kelishib olishi ortidan yangradi. Hamkorlik davom etayotganiga qaramay, tashvishlar saqlanib qolmoqda.

"Inson huquqlarining buzilishi, jumladan, qiynoqlar haqidagi da'volar to'liq tekshirilishi kerak", deyiladi BMT idorasining yangilangan hisobotida.

"Biz [ma’lumot olishga doir] qiyinchiliklarga qaramay, inson huquqlarining hozirgi holatini diqqat bilan kuzatishda davom etamiz", - dedi Shamdasani.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xitoy hukumati bilan bog'liq alohida holatlarni faol ravishda ko'tarib, o'zboshimchalik bilan hibsga olingan shaxslarni ozod qilishni talab qilmoqda va oilalari ular haqida so'raganlarning holatiga aniqlik kiritishni talab qilmoqda.

“Javobgarlik o’rnatilishi kerak”

Inson huquqlari bo‘yicha huquqshunos va Atlantika kengashi katta ilmiy xodimi Rayhan Asatning aytishicha, hisobotning yangilanishi Xitoy BMT tavsiyalarini bajarmaganini yoki uyg‘urlarga qarshi repressiv siyosatini to‘xtatmaganini ko’rsatadi.

“Oliy komissarning yillar davomida ishlaganiga qaramay, ommaviy qamoqqa olish asoslarini qoʻllab-quvvatlovchi qonunlar amalda qolayotgani uchun o’zgarish yoʻq, - dedi Asat “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Jamoat va xususiy bosimni birlashtiruvchi yangi yondashuvga zarurat borligi yaqqol ko'rinib turibdi".

Asat shu oy boshida Yel universitetining Genotsid tadqiqotlari dasturi tomonidan chop etilgan tadqiqot hammuallifidir. Tadqiqotda aytilishicha, Xitoyning uyg'urlarni ommaviy qamoqqa olishi ham insoniyatga qarshi jinoyat, ham genotsiddir.

Yel hisobotiga ko’ra, agar Shinjondagi bu ommaviy qamoq davom etsa, uyg'urlar jami 4,4 million yillik qamoq jazosini boshdan kechirayotgan bo’ladi.

Asatning Shinjondagi Xitoy rasmiylari tomonidan o‘zboshimchalik bilan qamalgan akasi Ekpar Asat hisobotda o‘rganilgan ko‘plab misollardan biri. Uyg‘ur media texnologiyalari tadbirkori Ekpar 2016-yilda AQSh Davlat departamenti almashinuv dasturini tugatib Xitoyga qaytganidan keyin hibsga olingan edi. Keyinchalik u "milliy kamsitish va milliy adovatni qo'zg'atish"da ayblanib, 15 yilga qamalgan.

“Human Rights Watch” tashkiloti BMT va unga aʼzo davlatlarni Shinjondagi qonunbuzarliklarini toʻxtatish uchun Xitoy hukumatiga bosim oʻtkazish saʼy-harakatlarini faollashtirishga chaqirdi.

Uyg'urlar dardi: Xitoy qamoqxonasida chaqalog'ini boy bergan ona
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:48 0:00

“Pekinning Shinjondagi yaxshi hujjatlashtirilgan jinoyatlarni mazmunli koʻrib chiqishni beadablik bilan rad etishi ajablanarli emas, lekin bu BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari va BMTga aʼzo davlatlar tomonidan qatʼiy kuzatuv zarurligini koʻrsatadi”, - dedi “Human Rights Watch”ning Xitoy bo’yicha direktori oʻrinbosari Maya Vang.

"Xitoy hukumatining da'volariga qaramasdan, Shinjondagi millionlab uyg'urlarga qarshi jazolash kampaniyasi katta azob-uqubat keltirishda davom etmoqda", - deya qo’shimcha qildi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG