22-yanvardan 2-fevralgacha Xitoy BMT qoshida inson huquqlari bo'yicha hisobot beradi. 14 davlat orasida bu mamlakatdagi vaziyat ham elakdan o'tkaziladi. Unda Pekin xalqaro majburiyatlarini naqadar ado etayotgani tekshiriladi.
“BMTning davriy tahlili Xitoydek zolim tuzumni savolga tutish uchun noyob imkoniyat”, -deydi Uilyam Ni, AQShda asoslangan huquq tashkiloti vakili.
Bunday tekshiruv 2008-yilda yo'lga qo'yilgan. 193 davlat shu kungacha BMT oldida bu masalalarda uch marotaba hisobotini taqdim etgan.
Jarayonda uch tahlilnoma chiqariladi: biri hukumatniki, ikkinchisi BMT ekspertlaridan, uchinchisi esa mustaqil tomonlardan.
Nohukumat tashkilotlarga ko'ra, Xitoy - dunyodagi eng huquqbuzar sistema va fundamental erkinliklar u yerda doimiy poymol etiladi.
Pekin esa BMTning har bir tavsiyasini ko'rib chiqib, aksariyatini joriy etganini bildiradi.
Boshqaruvda inson huquqlariga e'tibor katta, deydi Xitoy rasmiylari.
Besh yil oldingi tekshiruvdan beri vaziyat yanayam og'irlashgani kuzatiladi.
“Ayniqsa ozchilikka nisbatan munosabat keskinlashgan. Shuningdek, tadbirkorlik bilan bog'liq erkinliklar cheklanib bormoqda", - deydi Sara Bruks, Xalqaro Amnistiya tashkilotidan.
Uyg'urlar, Tibet ahli va Gonkong fuqarolariga nisbatan hukumat har kuni keng ko'lamda vatanda va chet elda jinoyatlar amalga oshiradi, deya bong urib keladi huquq himoyachilari.
“Xitoy qilmishlari uchun BMTda javob berishi shart", - deydi Zumretay Arkin, Jahon uyg'urlari kongressi vakili.
Uningcha, Pekin uyg'urlarni qirish, ularning kattayu-kichigini ezish bilan band.
Xitoy rasmiylari esa buning aksini aytadi. Hukumatga ko'ra, uyg'urlar bugun har qachongidan farovonroq kun kechirmoqda, Shinjon taraqqiy etmoqda.
Pekin hisobotida har bir fuqaro, elati va dinidan qat'i nazar, hurmatda ekani, ish va bilim olish imkoniyatlari teng ta'minlangani iddao qilinadi.
Ekspertlar Xitoyni izchil tekshiradi, mamlakatdagi ahvolni obdon surishtiradi, degan umid bor, deydi Uilyam Ni.
"BMT qo'lida yetarlicha ma'lumotlar, dalillar bor", - deydi faol.
Xitoy o'z pozitsiyasini himoya qilishi aniq.
“Uni maqtaydigan hukumatlar talay”,- deydi Ni, chunki Pekin o'ziga o'xshagan huquqbuzarlardan yordam oladi, ularga yordam beradi va taraqqiyot namunasi sifatida xizmat qiladi.
Muhokamalar Jenevada kechmoqda. Shunday ekan, shaharda namoyishlar, turli tadbirlar va yig'inlar tashkil etilmoqda.
Ayrim tahlilchilar nazarida Xitoyni javobgarlikka tutish mumkin.
“Chunki Pekin siyosatining ayanchli mahsulini aks ettiruvchi isbot-dalillar aniq va yetarli", - deydi Sofi Richardson, huquqshunos ekspert.
Qanchalik yashirmasin, deydi u, Pekin o'z adolatsizlarini, xalqaro qonunlarni qo'pol buzib kelayotganini yashira olmaydi, ayniqsa bu boradagi materiallar bir joyga to'plgan va effektiv tarzda dunyo ahliga bayon etilganida.
"Gap bu yerda bu hisobotning samarasiga borib taqaladi. Shuncha jinoyatlar ochilib turgan ekan, xalqaro hamjamiyat Xitoyga nisbatan qanday chora ko'radi, ko'ra oladi?"
Richardson deydiki, Pekin huquqbuzarligi Xitoy bilangina cheklanmagan, xorijda ham keng, Demokratik tuzumlar xohlasa, deydi ekspert, Pekinni jazolay oladi va jazolashi kerak.
"Umid shu demokratiyalarda... Ular birgalikda, koalitsiyaga aylangan holda Xitoyni tergashi, noqonuniy qilmishlari uchun uni javobgarlikka tortishi va vaziyatni yaxshilashi mumkin".