Breaking News

AQSh va Xitoy Osiyo va Tinch okeanida hamkorlar uchun raqobatda


San-Fransiskoda Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammitiga mezbonlik qilgan AQSh Prezidenti Jo Bayden o’z chiqishida Amerikaning iqtisodiy o’sish kuchiga urg’u berdi. Xitoy prezidenti ham sammitga to’plangan 19 ta mamlakat rahbarlariga o’xshash mazmunda murojaat qildi.

Xalqaro hayot - 17-noyabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:24 0:00

Kuzatuvchilar San-Fransisko yig’ini AQSh va Xitoy o’rtasida o’ziga xos musobaqa bo’lganiga ishora qilmoqda.

“O’nlab yillar davomida Amerikaning mintaqaga davomiy sodiqligi o’sish, transformativ o’sish uchun tramplin bo’lib xizmat qildi. Tijoratning erkin oqimi millionlab odamlarni qashshoqlikdan chiqardi. Qars ikki qo’ldan chiqadi. Qo’shma Shtatlar mintaqa kelajagi uchun hayotiy ahamiyatga ega bo’lishda davom etmoqda. Region ham Amerika Qo’shma Shtatlari uchun har qachongidan hayotiy ahamiyatga egadir”, - dedi Bayden.

Si Zinpin sammitdagi mamlakatlar rahbarlari bilan alohida uchrashib, Xitoy asosiy savdo hamkori ekanini eslatdi, Pekinda urush boshlash niyati yo’qligiga ishontirishga, sarmoyadorlarning Xitoyda kuchayayotgan xavfsizlik qoidalari va mamlakat harbiy qudratini oshirishga qaratilgan harakatlariga oid tashvishlarini bartaraf etishga urindi.

“Xitoyda AQShni kurash maydoniga da’vat etish yoki uning o’rnini egallash niyati yo’q. Aksincha Amerikaning ishonchli, ochiq va farovon bo’lishini olqishlaymiz. AQSh ham Xitoyga qarshi bo’lmasligi, Xitoy ichki ishlariga aralashmasligi kerak”, - dedi Si.

Tadbirkorlar biznes dunyosi uchun AQSh ham, Xitoy ham muhim ekanini aytadi.

“Dunyoning hukmron iqtisodiyotlarini bir-biridan ajratish mumkin emas, dono ish ham emas. Diversifikatsiya yo’qotishlarni kamaytiradi. Tomonlar shunga e’tibor qaratishi kerak. Biznes olami xalqaro va mintaqaviy hamkorlikdan ko’proq manfaat topadi”, - deydi “Citigroup” moliyaviy kompaniyasi rahbari Jeyn Freyzer.

Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi tadbirkorlar bu ikki mamlakat o’rtasidagi raqobatdan foyda ko’rayotganini aytadi. Malayziya-Amerika savdo palatasining raisi Siobhan Das buning natijasida yarimo’tkazgichlar, tibbiy uskunalar va texnologiya kabi sohalarda o’sish bo’lganiga e’tibor qaratadi.

Osiyolik tahlilchilar mintaqa dinamikasi keskin yoki tez o’zgarishlarga yuz tutmasligini aytadi.

“Baydenning argumentlariga ishonch kattaroq deb o’ylash mumkin, albatta, ammo Si Zinpinning ko’plab biznes rahbarlari bilan uchrashuvidan ko’ryapmizki, Xitoy hali ham muhim bozor va ayrim kompaniyalar uchun muhim ishlab chiqarish markazidir. Bu hol yaqin o’rtada o’zgarmaydi”, - deydi Vashingtondagi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Zak Kuper.

Payshanba kuni Bayden mintaqadagi 14 ta mamlakat bilan erishilgan iqtisodiy kelishuvni olqishladi. Kelishuv rasmiy bitim shakliga ega emas, ba’zi kamchiliklari hali ham muzokara orqali hal qilinmoqda.

Vashington “Hind va Tinch okeani iqtisodiy poydevori” deb nomlangan ushbu reja yordamida Xitoyga iqtisodiy tobeligini kamaytirmoqchi. COVID davrida ta’minot zanjirlaridagi uzilish ushbu tobelikni yaqqol namoyish etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG