AQShda 5-noyabr prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, tub amerikaliklar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar faollikni oshirish bo'yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirmoqda, ayniqsa Arizona va Viskonson singari muhim shtatlarda.
Tub amerikaliklar huquqlari jamg'armasi kabi tashkilotlar ovoz berish jarayonini qiyinlashtiradigan katta-kichik to’siqlarni bartaraf etishga urinmoqda. Jumladan, chekka hududlardagi saylovchilarni qamrab olish, infratuzilmani yaxshilash, internet tezligini oshirish, ro’yxatga olish va muddatidan oldin ovoz berishdagi kamchiliklarni hal qilish bo’yicha.
22 ta qabila yashaydigan Arizona shtati 2020-yilda demokratlar g'alaba qozonishida muhim rol o'ynagan.
Biroq bu gal shtatda saylovchilarni ro'yxatga olishdagi nosozlik 218 ming nafargacha saylovchiga ta'sir qilishi mumkin. Muammo shundan kelib chiqqanki, haydovchilik guvohnomasi maʼlumotlar bazasida fuqaroligi tasdiqlanmagan ba’zi shaxslar mamlakat fuqarosi sifatida qayd etilgan.
“Vashington Post” nashri tomonidan e’lon qilingan material Arizonada Demokratik partiya liderlari ushbu xatoni tuzatish ayrim saylovchilarni ovoz berish huquqidan mahrum etishi yoki konspiratsion nazariyalarga turtki berishi mumkinligidan xavotirda ekanini oshkor qildi. Shtat Oliy sudi bu holatdan jabrlanganlar federal va shtat saylovlarida ovoz berishlari mumkinligi haqida qaror chiqardi.
Arizona tub aholisi ovozi tashkiloti ijrochi direktori Jeyni Perrishning aytishicha, hindu saylovchilarning ovozi qanchalik rol o’ynashi yoki o’ynamasligi hali noma'lum. Uning ta'kidlashicha, tub aholi ovoz berishda doim qiyinchiliklarga duch keladi. Masalan, saylov uchastkalarida jismoniy manzilni tasdiqlovchi hujjatni ko'rsatish talabi tufayli.
Muddatidan oldin ovoz beruvchilar haydovchilik guvohnomasi yoki qabila guvohnomasini ko’rsatishi mumkin. “Odamlarga saylov kuni qanday hujjat kerakligini eslatib turishimiz kerak”, - deydi Perrish.
Nyu-Meksiko universiteti professori Gabriel Sanchesning aytishicha, tubjoy amerikaliklarning qaysi partiyaga moyilligi yaxshi o’rganilmagan.
"Ularning aksariyati demokratlar degan taxmin isbotlanmagan hali", - deydi Sanches.
Perrishning tadqiqotlariga ko’ra, ular demokratlarga moyil. Ammo bu moyillik qora tanlilar, lotin amerikaliklar kabi kuchli emas. 2020-yilgi saylovda tub aholining 60 foizi Jo Baydenni qo‘llab-quvvatlagan, ammo 2022-yilga kelib bu ko‘rsatkich biroz pasaygan.
Tubjoy saylovchilar betarafligini aytadi, deydi Sanches. “Ular qaysi partiyaga ovoz berishini har saylovda qaysi partiya qabilalar muammolarini yaxshiroq hal qilishiga qarab hal qilishadi”, - deydi u.
Arizona shtatida “Ozodlik uyi” deb nomlangan tashkilot asoschilaridan biri Frensin Bredli-Artur “Navaxo Tayms” gazetasida nega aksariyat navaxolar Donald Trampni qo'llab-quvvatlashini tushuntiradi.
"Navaxo madaniyatida hayot, shu jumladan, bachadondagi hayot ham muqaddas sanaladi, deb yozadi u. - Tramp ma'muriyati urf-odatlarimizga mos keladigan qadriyatlarni qo'llab-quvvatlaydi".
Bredli-Arturning eslashicha, Kamala Xarris Kaliforniyada bosh prokurorligi vaqtida qabila yerlarini trastlarga topshirishga oid kamida 15 ta arizaga qarshi chiqqan. Bu esa qabilalarni boy berilgan yerlarni qaytarib olish imknoniyatidan mosuvo qildi.
Kamala Xarris va Tim Uolz kampaniyasi yaqinda tub amerikaliklarni madaniy targ’ibot orqali kengroq jalb qilish tashabbusini boshladi. Minnesota vitse-gubernatori Peggi Flanagan dasturni e'lon qildi.
"Vitse-prezident Xarris qabilalar suverenitetining ashaddiy himoyachisi bo'lib, jamiyatimizni rivojlantirishga xizmat qiluvchi sog'liqni saqlash, ta'lim sohasi va iqtisodiy taraqqiyot uchun mablag' topish ustida ishlagan”, - deydi Flanagan.
Tub aholi vakili Flanagan 2018-yilda vitse-gubernator etib saylangan, 2022-yilda esa mazkur lavozimga qayta saylangan. Xarris-Uolz tandemi g’olib bo’lsa, Flanagan birinchi tub amerikalik gubernator ayolga aylanadi.
1-oktabrda vitse-prezidentlikka nomzodlar Tim Uolz va Jeyms Vens o’rtasida bo’lib o’tgan debatda immigratsiya va abort masalasi muhokama qilingan. Tub amerikaliklarning debatdan ko’ngli to’lmadi. Sababi, hindular uchun muhim bo’lgan qabila suvereniteti va iqlim o'zgarishi kabi masalalar e'tibordan chetda qolgan.
Chippeva hindularining Su Seynt Meri qabilasi sobiq yetakchisi Eyron Peyment fikricha, saylov natijasini hal qiluvchi shtatlarda demokratlar g’alaba qozonishida tub amerikaliklar ovozi rol o’ynashi mumkin.
"Nomzodlar hindular yonini olib gapirsa, ularni radikal yoki amerikalik hindularning qo’g’irchog’i deb o’ylashlaridan xavotirdami?”, - deydi Peyment.
Debatda Trampning uy-joy qurilishi uchun federal yerlarni ajratish rejasi ham muhokama qilindi. Kaddo qabilasi vakili Judit Leblank “Native News Online” nashrida ushbu taklifni tanqid qildi. Chunki bu qabila yerlarini egallab olishga olib kelishi mumkin, deydi u.
Nashr muharriri Levi Rikert e’tiborini Montana Senatidagi demokrat Jon Tester va respublikachi Tim Shihi o'rtasidagi debatga qaratdi. Shihi oldin Qarg'a qabilasi haqida aytgan gaplari uchun irqchilikda ayblangan. Tester Shihiga uzr so'rashi kerakligini aytdi. Bahs davomida Shihi noto’g’ri gapirganini tan oldi.
Peymentning ta'kidlashicha, Montanada tubjoy amerikaliklar umumiy saylovchilarning atigi 6,4 foizini tashkil etadi. Shunday bo’lsa-da, ular umumiy ovozlarga ta’sir qilishi mumkin.