Bir asrdan beri Kaliforniya shtatidagi Klamat daryosiga baliqlarning kelishi qiyin edi, chunki katta to’gonlar bor edi. Endilikda ular olib tashlangani tub aholi uchun xushxabar.
Uzoq kutilgan o’zgarishni odamlar quvonch bilan kutib oldi.
Klamat daryosidan bugungacha to’rt to’g'on olib tashlandi. Daryo Oregon shtatidan boshlanib, Kaliforniyagacha keladi, uzunligi 400 kilometr.
Amerika bo’ylab suv omborlari va to’g’onlar qayta ko’rib chiqilayotgani ekotizim himoyasi yo’lida ulkan qadamdir, deydi tabiatparvar insonlar. Tinch okeani bo’yida yashaydigan qabilalar uchun ayniqsa ma’qul, chunki ular baliqchilik qilib kun ko’rib kelgan.
“Hupa vodiysi qabilasi azaldan ona tabiat uchun kurashgan, chunki u bizni boqadi. Suvimiz muqaddas. To’siqlar olib tashlaganidan shu bois xursandmiz. Ob-hayot bemalol oqsin”, - deydi Tomas Jozef, qabila a’zosi.
Salmon baliq okean va chuchuk suvlarda yashaydi. Klamat daryosida bu baliq oldin juda ko’p bo’lgan.
To’gonlar sabab esa u yo’qola boshlagan. Daryoda deyarli qolmagan edi.
Suvlar ifloslandi, deydi faollar, boshqa baliqlar ham ozaydi. Salmonning, masalan, 10 foizi qoldi xolos.
“Salmon baliqni biz 107 yil oldin boy berganmiz. 1980-yildan beri kurashib kelaman. Orzum shu baliq qaytishini ko’rish. Hayotimda uning o’zim katta bo’lgan Chilokvinga qaytishini ko’ray”,- deydi Jozef.
Klamat uchun qabilalar tinimsiz harakatda bo’ldi.
To’g’onlar kerak emas degan talabni bu insonlar yillar davomida siyosiy chiqishlar va uchrashuvlar orqali olg’a surdi.
Yurok qabilasidan Syuzan Masten deydiki, bu kurashda boy berish o’zlikdan ayrilish bo'lar edi. Daryo va undagi hayot - qabilaning asosiy boyligi.
“PacificCorp” – tog’onlarni qurgan va yuritgan korporatsiya – tovon to’lash o’rniga ularni tamoman olib tashlashga ko’ndi.
Ularning o’rnida endi ekinzorlar bo’ladi, naqd 1,100 gektar. Kaliforniya shtati ularni qabilalarga qaytaradi. Ularning tarixiy yeri.
Tub aholi ekinzorlar ustida allaqachon ishlay boshlagan. Tuproq sifatini oshirish kerak. Daryodagi suvga baliqlar qaytishini ta’minlash zarur.
Klamat odamlari deb ataladigan bu jamoada bir-biri bilan chiqishmaydiganlar, suv talashadiganlar ko’p. Murosa yo’lini topish kerak.
“Odamlar kelisha olmasa, ezgu maqsadlarimizga erisha olmaymiz. Bir-birimizga muhtojmiz. Hududimiz ravnaqi uchun bir yoqadan bosh chiqaramiz”, - deydi Lif Hillman, Karuk qabilasi vakili.
Tabiatni tiklash ham vaqt va shijoat talab qiladi.