Iqlim o'zgarishi dunyo bo’ylab suv ta'minotini izdan chiqarmoqda. Shaharlar, fermer xo'jaliklari va gidrostansiyalar talablarini qondirish tobora qiyinlashmoqda. Suvni boshqarish bo’yicha to’g’ri qaror qabul qilishda kompyuter simulyatsiyalari qo’l kelyapti.
Bir qator to'g'onlar, suv omborlari va qonuniy kelishuvlar asosida Kolorado daryosi Amerika janubi-g'arbiy qismida 40 milliondan ortiq odamni suv bilan ta’minlaydi.
AQShning yettita shtati, ikkita Meksika shtati va 30 ta qabila shu daryodan suv ichadi.
Tizim AQShdagi ikkita eng yirik suv havzasi - Mid va Pauell ko'llaridan aniq belgilangan vaqtga beriladigan suv oqimiga tayanadi. Iqlim o'zgarishining ekstremal holatlari daryolarni boshqarishni yanada qiyinlashtirmoqda.
Edis Zagona daryoning turli holatlarda qanday ishlashini modellashtiruvchi “RiverWare” dasturini ishlab chiqqan Kolorado universiteti jamoasini boshqaradi.
"Bu yerda juda muhim Pauell ko'lini ko'ramiz. Unda muhim jarayonlar va Pauell ko'li bilan bog'liq barcha ma'lumotlar jamlangan", - deydi olim.
Iqlim prognozlari, bug'lanish tezligi, energiya ishlab chiqarish va daryoning oqimiga ta'sir qiluvchi boshqa barcha omillar modelga kiritilgan.
Daryoni boshqaruvchi federal agentlik uning qurg'oqchilik yilida qanday ishlashiga oid ssenariylarni ko’rib chiqish uchun “RiverWare” dasturidan foydalanmoqda.
"Pauell ko'li o'z suvini quyi oqimdagi suvga muhtoj foydalanuvchilarga qanchalik ishonchli yetkazib bera oladi?”, - deya so’raydi Zagona.
Barcha bilan suvni teng baham ko’rish haqida kelishish oson bo’lmaydi. “RiverWare” dasturi ba’zi muzokaralarni osonlashtirishga yordam berdi.
"Hech bo'lmaganda faktlar bo’yicha kelishib olishimiz kerak. Meksika bilan ishlashni boshlaganimizda shunday bo'ldi. Ularning o'z tizimi bor, bizda esa o'zimizniki. Biz yig'ilib, modellarni birlashtirishni boshladik. Bu muhim”, - deydi tadqiqotchi Jenifer Gimbel.
Bu dastur, shuningdek, Kolumbiyadan Nilgacha bo'lgan boshqa daryolarni boshqarishda ham qo’l kelmoqda.