Breaking News

Qurg'oqchilik sabab Kaliforniyada fermerlarga kamroq suv ajratilmoqda


Kolorado daryosi: Cho’ldagi ekinzorlar (3-qism)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00

Amerika do’konlaridagi sabzavotlarning katta qismi qishin-yozin Kaliforniyada yetishtiriladi, cho’l zonada, Imperial vodiysida. Ammo bu yerdagi dehqonlar uchun asosiy suv manbai – qurib borayotgan Kolorado daryosi.

Vodiy dalalariga kanallar orqali suv yetib keladi. Kolorado daryosi suvining katta qismi shu yerda ishlatiladi. Suvsiz, by yer shunchaki cho’l.

Suvni taqsimlash Imperial irrigatsiya boshqarmasi zimmasida. Unga yiliga 3 million akr-fut suv ajratiladi. Ya’ni Arizona va Nevada shtatlariga ajratiladigan suv miqdoridan ham ko’proq.

Yuz yil oldingi Kolorado shartnomasiga muvofiq ushbu boshqarma daryo suvidan foydalanishda alohida imtiyozlarga ega. Hatto tejamkorlikni talab qiladigan qurg’oqchilik paytida ham. Tina Shilds – irrigatsiya boshqarmasi vakili.

“Qishda sabzavotlar, salat tayyorlaydigan o’simliklar xarid qilsangiz, bular bizning vodiyda yetishtiriladi”, - deydi u.

Imperial irrigatsiya boshqarmasi 200 ming gektar maydonni suv bilan ta’minlaydi. 2022-yilda 2,6 milliard dollarga teng mahsulot yetishtirilgan. O’nlab yillardan buyon samarali ishlayotgan tizim edi bu.

“Suv kamayganiga ko’z yumib, bizda imtiyozlar bor deyishni xohlaymiz albatta, ammo Kolorado daryosidan boshqa manba yo’q”, - dedi Shilds.

Federal hukumat vositachiligi va yordami bilan, Imperial irrigatsiya boshqarmasi kelasi uch yil davomida fermerlarga beradigan suvni 25 foizga kamaytirishga qaror qilgan. Stiven Xouk uchun fermerlik – ota kasb.

“Suv ta’minotida qisqartirishlar bo’ladi va bu ishimizga albatta ta’sir ko’rsatadi. Suvdan imkon qadar oqilona foydalanishga harakat qilaman, bir tomchi ham behuda ketmasin”, - deydi u.

Suv boshqarmasi oxirgi 10 yildan buyon fermerlarga purkagichlar va tomchilatib sug’orish kabi tizimlarga o’tish xarajatlarini qoplashda yordam bermoqda. Dastur shaharlarga suv sotish orqali moliyalanadi.

Purkagichlar suvni tejashda yordam bermoqda, ammo tanqidchilar suv odamlar yemaydigan ekinlarga sarflanayotganini aytadi. Dalalarning yarmidan ko’pida chorva mollari uchun beda ekilgan. Bedadan yaxshi daromad qilsa bo’ladi, ammo uni yetishtirish uchun ko’p suv kerak.

“To’g’ri, bahsli masala, lekin undan tushadigan daromad xo’jaligimiz uchun muhim. Chunki boshqa ekinlardan daromad kam. Bankrot bo’lgan fermerlarni bilaman”, - deydi Xouk.

Bugun u avvalgidan ko’ra ko’proq sabzavot yetishtirmoqda. Ammo beda o’stirishdan butunlay voz kechsa, faqat sabzavot savdosidan kun ko’ra olmasligini aytadi.

“Talab bo’lgan narsani yetishtiramiz. Odamlar ko’proq gamburger yeyishni, sutli kokteyllar ichishni istasa, demak sigirlarni boqish uchun yetarli yem-xashak kerak”, - deydi Xouk.

Suv tejashning yana bir yo’li ekin maydonlarini kamaytirishdir. Ammo suv boshqarmasi bu yo’ldan borishni yoqlamaydi.

“Ishsizlik sur’ati oshadi. Buning fermerlik xo’jaliklari bilan ishlaydigan boshqa bizneslarga ham ta’siri bor”, - deydi Shilds.

Buning o’rniga, yilning ayrim oylarida beda kabi ekinlarga suv ajratmaslik taklifi ko’rib chiqilmoqda.

Bu yerdagi fermer xo’jaliklari suv zaxirasi kamayishi ularga qanday ta’sir qilishini kuzatar ekan, Stiven Xouk uning oilaviy biznesi omon qolishiga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG