Kaliforniyada bir vaqtlar dam olish maskani va yovvoyi tabiat zonasi bo’lgan Salton ko’li bugun juda ifloslangan. Yuqori tuzlanish va kimyoviy moddalardan baliqlar nobud bo’lgan, aholi salomatligiga ham tahdid solmoqda.
Salton – Kaliforniyadagi eng yirik ko’l, uzunligi 56 kilometr. 1950-70 yillarda oilalar dam olish kunlarini shu yerda o’tkazardi.
Ko’l bo’yida bar bo’lardi, muntazam kelib turardim, deya bizga uning joyini ko’rsatadi Din Makafi.
“Istasangiz cho’lda mototsiklingizni, qumda yuradigan mashinangini haydasangiz bo’lardi. Suv chang’isi, baliq ovi, hamma narsa bor edi”, - deya eslaydi Makafi.
Bugun Bombey-Bich shahriga rassom-ijodkorlar tez-tez kelib turadi. Hududda asosiy sanoatlar – qishloq xo’jaligi va energetika.
Salton ko’li 1905-yilda kuchli yog’ingarchilik va qor erishidan yuzaga kelgan toshqindan hosil bo’lgan. Shuningdek, bu millionlab yillar davom etgan tsiklning bir qismi, deydi mutaxassislar.
“Bu dengiz hech qachon barqaror bo’lmagan. Yo suv bilan to’lgan, yo qurigan. Bu haqda 3-4 million yillik dalillar bor”, - deydi geolog Maykl Makkiben.
Qishloq xo’jaligi dalalaridan oqib keladigan suvlar ko’lni to’ldirishi bilan birga, uni pestitsidlar va boshqa moddalar bilan ifloslantirgan. Dengiz kichrayar ekan, endi uning toksik chang bilan qoplangan qismlari ko’zga tashlanmoqda.
“So’nggi yillarda oqim darajasi pasaydi, chunki suvdan foydalanish yaxshilandi, fermerlar suvni tejab ishlatyapti. Natijada Salton dengiziga yetarli miqdorda suv oqib kelmaydi, uning qurishi shundan”, - deydi Kaliforniya Tabiiy resurslar agentligi vakili Migel Hernandez.
Tibbiy soha vakillarining aytishicha, ko’l tubidagi changlar aholi orasida astma kuchayishiga olib kelmoqda. Mutaxassislar, shuningdek, qo’shni Meksikaga ishora qiladi.
“Havoni ifloslantiruvchi moddalar ko’p. Shahrimiz chegarada joylashgani tufayli Meksikadan biz tomonga keladi. Bizni ba’zida qishloq bir joy deb ta’riflashadi. Aslida bir milliondan ziyod aholi istiqomat qiladigan shaharmiz”, - deydi “Comite Civico del Valle” tashkilotidan Luis Olmedo.
Ko’lni qutqarish uchun taklif etilayotgan g’oyalar ko’proq suv olib kelishni ham nazarda tutadi. Masalan, Mesikaning Kortez dengizidan suvni bu tomonga yo’naltirish, kanal qurish orqali.
Ayni paytda davlat idoralari va bu yerlarga qisman egalik qiluvchi mahalliy qabila hudud ekologiyasini yaxshilash loyihalarini ham amalga oshirmoqda.
Facebook Forum