Kolorado daryosi - AQSh janubi-g’arbidagi yirik shaharlar va mamlakat qishloq xo’jaligining katta qismi uchun ob-hayot manbai. Ammo 23 yildan buyon davom etayotgan qurg’oqchilik va taqsimlash sxemasidagi xatolar tufayli daryoda suv kamayib ketgan.
Mid ko’lining ayrim qismlari cho’lga aylangan.
“Ko’lning 70 foizi yo’q bo’lib ketgan. Tanib bo’lmaydigan darajadagi o’zgarish”, - deydi Kris Nis, AQSh Milliy park xizmati vakili.
Mid ko’liga, AQShdagi eng katta suv omboriga, Kolorado daryosidan suv quyiladi. Eng katta shaharlar va fermer xo’jaliklari uning suvidan foydalanadi. Bugun bu ko’l Amerikaning g’arbiy shtatlari yuzlashayotgan ekologik fojia ramziga aylangan.
23 yillik qurg’oqchilik natijasida suv sathi qanchalik pasayganini yaqqol ko’rish mumkin.
Suv serob bo’lgan yillar atrofdagi tog’larda muhrlangan oq xalqada o’z izini qoldirgan. Suv hajmi so’nggi yillarda shunchalik tushib ketganki, u to’g’on orqali o’tib, shaharlardagi millionlab odamlarga yetib bora olmaydi.
Kolorado daryosi Roki tog’larida qorlar erishidan boshlanadi. Amerikaning yetti shtati va Meksikaning ikki shtati bo’ylab 2000 kilometr yo’l bosib, Kaliforniya ko’rfaziga quyiladi.
Guver to’g’onidan tashqari, Glen kanyonida ikkinchi yirik to’g’on va suv ombori ham bor.
Kanal va quvurlar suvni AQShning janubi-g’arbiy hududlariga yetkazib, Los-Anjeles, Finiks va Las-Vegas kabi shaharlar o’sishiga, cho’lda qishloq xo’jaligi rivojlanishiga imkon beradi.
Daryo suvidan foydalanish bo’yicha shtatlar orasida 1922-yilda Kolorado shartnomasi imzolangan. Daryo bo’yidagi shtatlar yuqori va quyi havzalarga bo’lingan. Har biriga yiliga bir xil miqdorda suv ajratiladi – ya’ni 7,5 million akr-fut.
Soddaroq qilib aytganda, bu 0,4 gektar maydonni 30 santimetr suv bilan to’ldirish degani.
Keyinchalik tuzilgan shartnomada Meksikaga ham 1,5 million akr-fut suv va’da qilingan. Ammo bugungi suv miqdori o’sha paytdagi hisob-kitoblarga to’g’ri kelmaydi.
“Ular boridan ham ko’proq suvni taqsimlashgan. 20-asrda bu suvning hammasi ishlatilmas edi, chunki yetti shtat va ularning aholisi zaxiradan to’liq foydalanish imkoniyatiga ega emas edi”, - deydi professor Edit Zagona, suv xo’jaligi bo’yicha mutaxassis.
2000-yildan beri qurg’oqchilik sabab oqim keskin kamaygan.
“Tobora qurib borayotgan hudud deb atashyapti. Bu mavsumiy holat emas. Issiqroq, quruqroq iqlimga moslashishimiz kerak”, - deydi olima Jennifer Gimbel.
O’tgan asr mobaynida shtatlar daryo suvlarini tasqimlash bo’yicha o’zaro kelishib ish tutgan. Biroq suv kamligi bois yaqin orada turbinalar to’xtab qoladi yoki suv to’gondan umuman o’tmaydi degan xavotirlar 2022-yilda muzokaralar to’xtab qolishiga olib keldi.
Federal hukumat vositachilikka, inqirozni hal qilishga kirishgan.
“Kolorado daryosi suvini avaylab ishlatish, talabni yaxshiroq boshqarishimiz kerak”, - deydi Kamil Tuton, AQSh Melioratsiya byurosi rahbari.
2023-yilning may oyida shtatlar hukumat talabiga rozi bo’lishdi. Yetti shtat o’rtacha yillik oqimning deyarli uchdan bir qismini tejashni boshlagan.
Tejamkorlik uchun, asosan, inqirozga qaramay kengayib borayotgan shaharlar javobgarmi yoki suvning 80 foizini ishlatuvchi dehqonlar? Daryo suvidan foydalanish huquqi uchun kurashib kelayotgan qabilalar-chi? Ular ulushini oladimi?
Daryo oxirida joylashgan Meksikaning ikki shtati ham suvning bir qismiga da’vogar.
Suvi qurib borayotgan Kolorado daryosidan foydalanish nafaqat murakkab muzokaralar, balki yangi sharoitga moslashishni ham taqozo etadi.