Breaking News

Meksika kartellari AQSh chegarasida migrantlar oqimini nazorat qilmoqda


Ko‘plab migrantlarning Gvatemaladan Meksikaga kirganidan keyin ilk tunaydigan joyi qishloqdagi panjara bilan o’ralgan katta inshootdir. Ular buni “tovuqxona” deb ataydi va bu yerdan chiqish uchun uni boshqarayotgan kartelga to‘lov qilishi kerak bo‘ladi.

AQSh-Meksika chegarasida migrantlar bilan bog‘liq holatlar so‘nggi to‘rt yil ichida eng past darajaga tushgan. Biroq AQShda immigratsiya masalasi asosiy mavzulardan biri bo‘lgan saylov kunlari arafasida migrantlar Meksikaga oqib kelishda davom etdi.

AQSh rasmiylari migrantlar oqimini kamaytirishda Meksika rasmiylaridan minnatdor bo‘lsa ham, aslida bu hududda migrantlarning harakatlanishini ko‘proq jinoyatchilik tashkilotlari nazorat qilmoqda. Chegarada turgan bir nechta federal agent va milliy gvardiyachilarga qaraganda, jinoyatchilik guruhlari bu yo‘nalishda ancha kuchliroq nazorat o‘rnatgan.

O‘g‘irlangan migrantlar ozod bo‘lish uchun 100 dollar to‘lashi kerak bo’ladi va to‘laganlik belgisi sifatida ularga maxsus muhr qo‘yiladi. Bu migrantlar janubiy Meksika hududiga kelgach, immigratsiya agentlari tomonidan qo‘lga olinmoqda. Yanvardan avgustgacha, faqat shu janubiy hududda 150 000 dan ortiq migrant ushlangan; bu esa migrantlar oqimining faqat bir qismini tashkil etadi.

“Associated Press” bilan suhbatlashgan, pul to‘lagunlariga qadar ushlab turilgan va o’z ismini oshkor qilmaslikni so’ragan oltita migrant oila bu jarayon qanday ishlashini tushuntirib berdi. Meksika federal rasmiysi bu ma'lumotlarning ko‘p qismini tasdiqladi.

Meksika immigratsiya agentlari joriy yilning avgust oyigacha 925 000 hujjatsiz migrantni hujjatlashtirgan, bu o‘tgan yilgi yillik ko‘rsatkichdan ancha yuqori va 2021-yil ko‘rsatkichidan uch baravar ko‘p. Shunga qaramay, ular atigi 16 500 migrantni deportatsiya qilgan, bu esa avvalgi yillarga nisbatan juda kichik ko‘rsatkich hisoblanadi.

Meksika va Gvatemalani ajratib turadigan Suchiate daryosi bo'yidagi Syudad Hidalgodagi ruhoniy Heyman Vaskes bu holatni har kuni ko'radi.

“Kimlar o‘tishi va kimlar o‘tmasligini kartel hal qiladi, — deydi Vaskes. — Ular har kuni juda ko‘p migrantlarni olib ketishadi va buni rasmiylar ko‘z o‘ngida qilishadi”.

Shimolga o’tish uchun to’lov

43 yoshli gonduraslik Luis Alonso Valle rafiqasi va ikki farzandi bilan birga yuk mashinalari ichki kameralaridan va taxtalardan yasalgan qayiq bilan Syudat daryosi orqali Meksika qirg’og’iga tushdi.

Ular Syudad Hidalgo tomon 50 yard yurmasidan, mototsiklda uch kishi yaqinlashib, yurishni davom ettira olmasliklarini aytdi. Keyin jurnalistlarni ko'rib ketib qolishdi. Oila qo'rqib ketgan edi.

Valle o‘z oilasini 23 mil (37 kilometr) uzoqlikdagi Tapachula shahriga olib boradigan mikroavtobus so’raydi. Tapachula janubiy Meksikaga kirish uchun asosiy nuqta hisoblanadi. Ular mikroavtobusga chiqayotgan paytda haydovchi jurnalistlardan tasvirga olishni to‘xtatishni pichirlab so‘raydi, chunki u uyushgan jinoiy guruhlarning uni yo’lda to‘xtatishi mumkinligidan qo‘rqadi.

Migrantlar ko‘pincha shu tarzda ranchoga yetib keladi. Kartel uchun ishlaydigan taksi yoki mikroavtobus haydovchilari ularni shu yerga olib kelib topshiradi. Ular quruq yerda uxlashga majbur bo‘ladi.

“U yerda 500 dan ortiq odam bor edi, ayrimlari 10-15 kundan beri shu yerda”, — dedi eri va ikki farzandi bilan qo‘yib yuborilgan venesuelalik ayol.

“Kimning puli bo‘lmasa, u qoladi, kim pul to‘lasa ketadi”, — dedi u.

28 yoshli ekvadorlik nonvoy o‘zini, rafiqasini, qizini va yana to‘rt qarindoshini ozod qilish uchun bankka borib pul yechib olishga majbur qilindi. U qaytib kelguniga qadar uning oilasi garov sifatida ushlab turildi.

To'lov amalga oshirilgandan so'ng, migrantlarning suratlari olinadi va terisiga muhr qo‘yiladi.

Qurollangan shaxslar Tapachula tomon yo‘l olgan mikroavtobus va taksilarni to‘xtatib, muhrlarni tekshiradi. Muhrsizlarni ortga qaytaradi. Migrantlarning aytishicha, Tapachulaga yetib kelgach, boshqa jinoiy guruhlar bilan muammo chiqmasligi uchun ularga muhrlarni yuvib tashlash tavsiya qilinadi.

Tapachuladagi “Fray Matias de Cordova” nohukumat tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, ular bu yil yordam bergan yuzlab migrantlarning kamida uchdan biri muhr bilan kelgan. Tashkilot direktori Enrike Vidal Olaskoaganing aytishicha, to‘lov qila olmaydiganlar ko‘pincha jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi.

“Associated Press” bilan suhbatlashgan oilalarning hech biri o‘zlariga zarar yetkazilmaganini aytdi.

Migrantlarning tergovchilarga bergan ko‘rsatmalaridan xabardor bo‘lgan rasmiyning aytishicha, sentabr oyida Syudad Hidalgoda xavfsizlik kuchlari tomonidan ozod qilingan 100 dan ortiq migrant hamda 1-oktabrda askarlar tomonidan o‘qqa tutilgan bir necha o‘n migrant shunga o‘xshash o‘g‘irlash va tovlamachilik holatlaridan o‘tgan.

Kartel nazorati ostidagi chegara

Meksikaning janubiy chegarasida uyushgan jinoyatchilik kuchli nazorat o‘rnatgan va bu nazorat Sinaloa hamda Yangi Jalisko avlod kartellari o‘rtasidagi kurash tufayli zo‘ravonlikning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Chiapas shtati ularning jang maydonlaridan biri bo‘lsa-da, bu hudud odamlar, giyohvand moddalar va qurollarni Markaziy Amerikadan kontrabanda qilish yo‘llarini boshqarish uchun muhim hisoblanadi. Mutaxassislarning aytishicha, migrantlar kartellar uchun eng daromadli tovarlardan biriga aylangan.

Nyu-York muhojirlar uchun boshpana maqomini saqlab qoladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:30 0:00

Kartellarning tobora tajovuzkor nazorati migrantlarga yordam bermoqchi bo‘lgan tashkilotlar uchun to‘siq bo‘lmoqda. Yaqinda Chiapasda qurollangan shaxslar ochiq fikr bildirgan bir katolik ruhoniyni o‘ldirishdi. Vidalning aytishicha, ba’zida bu guruhlar migrantlarning gumanitar yordam olishiga ham to‘sqinlik qilishadi.

Prezident Klaudiya Sheynbaum hukumat zo‘ravonlikka qarshi chora ko‘rayotganini aytgan, ammo kartellarga qarshi kurashishni rad etmoqda. U sobiq prezident Andres Manuel Lopes Obrador davrida boshlangan taktikani davom ettirayotganga o‘xshaydi, ya’ni migrantlarni shimoldan janubga qayta-qayta yuborib, ularning resurslarini tugatish va AQSh chegarasidan uzoqda ushlab turish. Oqibatda migrantlar tovlamachilikka duchor bo’lmoqda.

Syudad Hidalgo shahar hokimi Elmer Vaskes hududda migrantlar uchun xavfsiz uylar faoliyat yuritayotganidan bexabarligini aytib, uning shahri har doim migrantlarga g‘amxo‘rlik qilishini ta’kidladi.

Yigirma yildan beri migrantlarni himoya qilib kelayotgan ruhoniy Vaskes (u shahar hokimi bilan qarindosh emas) migrantlarga qarshi jinoyatlar sodir bo‘lganda va bu haqda xabar berilganda, na prokuratura, na Milliy gvardiya va na migrantlarga qarshi jinoyatlar bo‘yicha maxsus prokuror hech qanday chora ko‘rmasligini aytdi.

“Ular jinoiy guruhlar bilan til biriktirgan va albatta, o‘z ishlarini bajarayotgandek ko’rinadi xolos”, — dedi u.

Vaqtga qarshi poyga

Avgust oyida AQSh hukumati chegarada boshpana so‘rash uchun intervyularni rejalashtirishda foydalaniladigan “CBP One” onlayn portalidan foydalanishni Chiapas janubiga qadar kengaytirdi. Bu qaror Meksikaning iltimosiga binoan qabul qilingan, chunki bu migrantlarning uchrashuv olish uchun AQSh chegarasiga borish majburiyatini kamaytirishga yordam beradi.

Meksika hukumati “CBP One” orqali uchrashuv olgan migrantlar uchun janubiy Meksikadan AQSh chegarasiga xavfsiz o‘tishda yordam berish maqsadida “mobil yo‘laklar” deb ataladigan yo‘llarni tashkil etgan. Bu uchrashuvlar boshpana so‘rash jarayonidagi faqat dastlabki qadam hisoblanadi, lekin aksariyat arizachilarga uzoq davom etadigan jarayonni AQSh hududida kutishga ruxsat beriladi.

Lekin 9-sentabrdan 11-oktabrgacha Meksikaning Milliy Immigratsiya instituti faqat 846 migrantni Tapachuladan shimoliy chegara tomon yetkazganini aytdi. O‘zi yolg‘iz yo‘lga chiqqan boshqa migrantlar esa Meksika rasmiylari tomonidan tovlamachilikka uchraganini va shimoliy chegarada kartellar tomonidan yana o‘g‘irlab ketilganini aytib berdi. Bu esa ularning uchrashuvga borolmasligiga sabab bo‘lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG