AQSh-Meksika chegarasiga mashaqqatli yo’llardan yetib kelayotgan migrantlar oqimi tinmayapti.
Arizona shtatida migrantlar patrul xizmati punktiga yetib borish uchun AQSh hududida 15 kilometrlik masofani ham yayov bosib o’tgan. Ularning aksariyati AQSh hukumatidan boshpana so’rashini aytmoqda.
“Afrikada hayot og’ir, kelajakan umid yo’q, shuning uchun AQShga keldim”, - deydi togolik migrant Ashraf Duro-Nil.
Migrantlar AQShgacha xavfli yo’llardan o’tganini aytadi.
“Panama o’rmonlarini kesib o’tish xavfli kechdi. Yirik o’rmon xatarli. Qiyin yo’lni bosib o’tdik”, - deydi togolik migrant.
AQSh hukumati taqdim etgan raqamlarga ko’ra, bahor mavsumida kuzatiladigan o’sish o’rniga aprel oyida migrantlar oqimi olti foizga kamaygan.
AQSh Bojxona va chegara xavfsizligi xizmatiga ko’ra, aprel oyida janubi-g’arbiy chegara bo’ylab 129 ming migrant ro’yxatga olingan. Bu ko’rsatkich martda 137 ming, dekabrda esa ikki karra ko’p – 250 ming bo’lgan.
AQSh rasmiylari bu qisqarishni Meksikada joriy qilingan yangi tartiblar bilan bog’laydi. Biroq chegaraga dunyoning turli nuqtalaridan kelayotganlar hanuz ko’p.
“Migratsiya oqimining katta qismi G’arbiy Afrikadan. Odatda, ularning tili va madaniyati bizga mutlaqo notanish. Boshqa migrantlarga ham notanish. Bu jarayonlarni qiyinlashtiradi”, - deydi AQSh Chegara patrul xizmati vakili Jon Modlin.
Achinarlisi, kontrabandachilar migrantlarni og’ir sharoitli hududlarga, xususan, Arizonaning Tuson sektoriga tashlab ketmoqda.
“Asfalt yo’llardan darak ham bo’lmagan shu olis hududlarga yetib borib, migrantlarni saralaymiz, dastavval ahvoli og’irlarga yordam ko’rsatamiz, keyin muhojirlarni bo’limga olib kelib, hujjatlashtiramiz”, - deydi Modlin.
2023-yil mayidan buyon AQSh immigratsiya rasmiylari chegaradan asosan noqonuniy o’tgan 720 ming migrantni deport qildi.
Arizonada gumanitar tashkilotlar migrantlarga taom va suv ulashadi.
“Odatda, migrantlar Meksika va Markaziy Amerikadan kelar edi. Endi dunyoning turli mamlakatlari AQShga oshiqmoqda: Afrika davlatlari, Bangladesh, Hindiston, hullas BMT yig’ini desak ham bo’ladi”, - deydi gumanitar guruh vakili Mark Sanders.
Migrantlar oqimining qisqarishi respublikachilarning immigratsiya siyosati bo’yicha Bayden ma’muriyatiga e’tirozini to’xtatmagan.
“Migrant noqonuniy kelish mumkin deb kelaveradi”, - deydi respublikachi qonunchi Jodi Arrington.
AQSh rasmiylari o’zgarib borayotgan migratsiya oqimi diqqat bilan o’rganilayotganini aytadi.