Immigratsiya xizmati xodimlarining aytishicha, Meksikaning Texas yaqinidagi Syudad Xuares shahriga muhojirlar oqimi oshib bormoqda. Bahorning iliq ob-havosi va munozarali Texas qonunining vaqtinchalik to'xtatilishi raqamlarning ko'payishiga turtki bo'lmoqda.
Shimoldan AQSh chegarasiga muhojirlar oqimi qahraton qish ortidan yana avj oldi.
Venesuelalik Gustavo Rodriges Texasning El Paso shahri ro‘parasida joylashgan Syudad Xuaresga yo’l olgan muhohirlardan biri.
"Men o'g'lim va bir ayol do'stim bilan sayohat qilyapman. Biz bir-birimizga yordam beramiz, chunki uning kichik bolalari bor", - deydi u.
Mamlakatga noqonuniy kirib kelganlikda gumon qilingan odamlarni hibsga olish va deportatsiyaga ruxsat beruvchi Texas qonuni AQSh Oliy sudi tomonidan to’xtatib qo’yilgach, muhojirlar soni yana ko’paygan.
Qonun aholisining 40 foizi ispanzabon bo'lgan shtatda irqiy kamsitishga oid xavotirlarni ham kuchaytirdi.
"Allaqachon Meksika hududida bo'lgan muhojirlar Chiuaua yoki Gomes Palasio kabi joylardan yana shimolga ko'chishni boshladi", - deydi jamoat faol Fransisko Gonzales.
Gonzalesning aytishicha, so'nggi ikki hafta ichida Syudad Xuaresdagi boshpanalarda muhojirlar soni 30 foizga oshgan.
Resurslari cheklangan muhojirlar sayohatni piyoda amalga oshirmoqda. Ular guruh bo'lib yurish orqali o’z xavfsizligini ta’minlamoqda.
"Biz o'zimizni iloji boricha himoya qilishga harakat qilamiz, hatto bizga boshpana berilgan joylarda ham", - deydi Entoni ismli muhojir.
Ularning tashvishlanishi uchun asos bor. Ko'plab muhojirlar sayohat paytida hujumga uchragan, talon-taroj qilingan va hatto o'ldirilgan. Chegaraga yetib kelganda ham xavf tugamaydi. Masalan, Syudad Xuarez prokuraturasiga ko'ra, yanvar oyida 120 dan ortiq qotillik yuz bergan.
Meksika hukumati zo‘ravonliklarni bostirish uchun harbiylarni jalb qildi. Ammo armiyaning mavjudligi yordam bermayapti, deydi muhojirlar.
"Bu shaharda turli uyushgan jinoiy guruhlar ichida bo’lish juda qiyin”, - deydi Entoni.
Rohib Gonzalesning aytishicha, hujjatsiz muhojirlarni bu yerga kelishga undayotgan noto’g’ri ma’lumotlar ko’p.
"Ular ma'lum bir joyda kirish punktlari borligi haqida soxta xabarlar tarqatishyapti", - deydi u.
Lekin yaxshiroq hayotga intilayotgan ko'plab muhojirlar ehtiyotkorlikni esdan chiqarib qo’ymoqda. Ular AQShda yangi hayot boshlash umidida.