Dekabr oyidan beri AQShga o'tayotgan muhojirlar soni kamaygan bo'lsa-da, mahalliy guruhlar ularni zarur ehtiyojlar bilan ta'minlashda hanuz yetishmovchiliklar bilan yuzlashyapti. Chegara yaqinidagi kichik shaharcha cherkovi Afrika va Lotin Amerikasidan kelgan yuzlab odamlar uchun boshpana vazifasini o’tamoqda.
Jen Bolerjek Sietl yaqinidagi Takvila shahrida Riverton Park metodist cherkovining pastori. O'tgan yili cherkov mingga yaqin muhojirga boshpana, oziq-ovqat va kiyim-kechak topishda yordam berdi.
"Negadir, bu joy butun mamlakat bo'ylab chegarada borish kerak bo'lgan joy deb tanilgan. Ammo ular bu yerga kelganlarida, "siz ho’l chodirda uxlashingizga to’g’ri keladi", deyishga uyalaman”, - deydi Bolerjek.
Dastlab, cherkov mahalliy xayr-ehsonlar va shaharning yordamiga tayandi. Ammo Bolerjekning aytishicha, har hafta 25 ta yangi boshpana izlovchi kelar ekan, bu resurslar yetmayapti.
"Odamlar devordan devorgacha cho’zilgan matraslarda uxlashadi va narsalari xonaning bir tomonida uyulib turadi. Bu a’lo tizim emas, qo’limizdan kelgan eng yaxshi narsa shu", - deydi u.
Jeremia Lefau 2022-yil dekabr oyida xotini va bolalari bilan Angolani tark etgan.
"Men AQShga kelganimda, boradigan joyim yo'q edi. Ular meni himoya qilishdi, ovqat va ichimlik berishdi; o'zimni xavfsiz his qildim", - deydi u.
Davlatdan yordam olishi mumkin bo'lgan qochoqlardan farqli o'laroq, siyosiy boshpana so’rovchilar ish arizasi ma'qullanmaguncha hech qanday yordam ololmaydi. Bolerjekka ko’ra, o'tgan yili cherkovda tunaganlar orasida faqat bir kishi ishlash uchun ruxsatnoma olgan.
“Ularning arzirli hujjati ham yo'q, chegaradan o'tayotganda to’ldirgan anketasi bor, xolos. Shu bois ko’p boshpanalar ularni qabul qilmaydi. Hali ham ko’pchilik ko’chada uxlayapti”, - deydi ruhoniy.
Harorat keskin sovigach, mahalliy xayr-ehsonlar va davlat idoralari yordami bilan yuzlab boshpana izlovchilar chodirlardan mehmonxonalarga ko‘chirildi. Shtat vakili Mia Gregerson Qochqinlar va immigrantlarga yordam ko'rsatish bo'yicha mahalliy idorani kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ustida ishlamoqda.
"Tukvila - kichkina shahar. Ular yeng shimarib, qo’llaridan kelgancha yordam ko’rsatyapti. Lekin juda ko'p noaniqlik bor. Mablag'lar tugasa nima qilamiz? Maqsad - idora samaradorligini oshirib, nafaqat odamlarni ro’yxatga olish, balki ularga to'g'ri, asosli yuridik maslahat berish hamda ularning ta'lim, transport va uy-joy ehtiyojlarini qondirish”, - deydi u.
Gubernator Jey Insli qochoqlar uchun mo’ljallangan dasturlardan foydalanish huquqiga ega bo’lmagan muhojirlarni qo’llab-quvvatlash uchun qonunchilardan qo'shimcha 8 million dollar ajratishni so’ramoqda. Ayni paytda Bayden ma'muriyati AQShga kirib siyosiy boshpana so’rayotganlar sonini kamaytirish choralarini ko'rmoqda.