Breaking News

To'qqiz shtat gubernatori immigratsion islohotlarga undamoqda


Meksikaning Chiapas shtati, AQSh chegarasiga yaqin hudud, 27-dekabr, 2023
Meksikaning Chiapas shtati, AQSh chegarasiga yaqin hudud, 27-dekabr, 2023

AQSh Kongressi immigratsiya tizimi ustida tortishar ekan, 9 shtat gubernatori, asosan demokratlar, islohotlarni tezlashtirishga undamoqda.

Qonunchilar va prezidentga yo'llangan maktubda gubernatorlar ularning shtatlari muhojirlar oqimini idora eta olmay qolgani, chegaralar mahkamlanib, tartib yangianmasa, vaziyat izdan chiqishi mumkinligini bayon etadi.

Arizona, Kaliforniya va Nyu-Meksiko - Meksika bilan chegaradosh shtatlar. Texas shtati ham chegarada va uning rahbariyati ham anchadan beri federal sistemadan nolib keladi.

Vashington chora ko'rmasa, deydi bu siyosatchilar, ahvol yanayam keskinlashadi. Migrantlar tinimsiz oqib kelmoqda, ularga qarash uchun shtatlarda mablag' va resurs oz.

Kolorado, Illinoys, Massachusetts, Merilend, Nyu-Jersi va Nyu-York kabi shtatlar chegaradan yiroqda, ammo muhojirlar eng ko'p sonlarda boradigan manzillardir.

Dekabr oyining o'zida qariyb 300 ming migrant Amerikaga kirib kelgan. Chegaradan o'tayotganlarning aksariyati noqonuniy kirgan.

Boshpana so'rab kelganlarning ishi ko'rib chiqilmasdan ular orqaga qaytarilmaydi. Parol asosida ular mamlakatga kiritiladi va sudda arzlari ko'rib chiqilishini kutadi.

Bu orada esa ularga yegulik va turar joy zarur. Ko'plar chegara hududlarda qoladi, boshqalar esa shaharma-shahar imkoniyat izlaydi.

Immigratsiya cheklanishini talab qilib kelayotgan respublikachilar hokimiyatda bo'lgan shtatlarda migrantlar demokratlar yuritadigan hududlarga yuboriladi.

Gubernatorlarga ko'ra, Oq uy qo'shimcha choralar ko'rmasa, gumanitar sharoit xaroblashib, minglab insonlar hayoti tahdid ostida qoladi.

Jamoat xavfsizligi va salomatligi, shuningdek, hamma uchun eng zarur talablar qondirilishi shart, deyiladi Kongress va Bayden ma'muriyatiga yuborgan xatda.

Mahalliy hukumatlar mavhumlikda harakat qilmoqda, chunki federal infratuzilma talabga javob bermaydi. U bu qadar keng migrantlar oqimiga mo'ljallanmagan, deydi mutassaddilar.

Nyu-York gubernatori Kati Hochul bu tashabbusga bosh-qosh. Uning shtati eng ko'p muhojir intiladigan hudud, ayniqsa Nyu-York shahri.

Mer Erik Adams cheklovlar joriy etgan va migrantlarga xizmat ko'rsatuvchi muassasalarga ko'makni oshirgan.

Masalani o'rganib chiqqan Mario Rassell deydiki, Nyu-York o'ziga xos inqiroz ichida.

"Migrantlar, ayniqsa boshpanaga hujjat topshirganlar misli ko'rilmagan sonda ko'p", -deydi u.

Kelayotganlar urush va tabiiy ofatlar oqibatlaridan shikoyat qiladi, hayoti xavf ostida ekanini da'vo qiladi.

"Ular bu yerga najot izlab kelmoqda, lekin bizning ularni qabul qilishga holimiz yo'q", - deydi Rassell.

Migrantlar ko'pligining sababi Osiyo, Yaqin Sharq, Sharqiy Yevropa va boshqa mintaqalarda siyosiy va iqtisodiy ahvol salbiylashgani bilan bog'liq.

BMT hisobicha, dunyo bo'ylab ayni damda 100 milliondan oshiq odam boshpanasiz.

Huquqshunos Greg Chen deydiki, Amerika bu muammoga qarshi kurashda yetakchilik qilishi kerak.

"Kongress federal qonunlar asosida ish ko'rilishini ta'minlashi zarur. Boshpanani asosli ravishda so'rayotganlarga madad ko'rsatish kerak. Asossiz deb topilsa, unda bu odamlar orqaga hurmat bilan, huquqlari buzilmagan holda qaytarilishi kerak", - deydi mutaxassis.

Biroq masala Kongressda tiqilib qolgan. Respublikachilar tashqi yordam uchun pulni immigratsiya bilan bog'liq talablariga bog'lab, demokratlarga shartlar qo'ygan. Oq uy murosaga tayyor ekanini aytadi, ammo hozirgacha kelishuvdan darak yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG