2023-yilning oxirgi oyida AQSh Meksikadan kirgan migrantlardan qariyb 300 ming nafarining ishini ko'rib chiqqan. Bu - misli ko'rilmagan ko'rsatkich, deya e'tirof etadi rasmiylar. 50 ming nafari chegara postlariga kelgan, qolganlar esa chegaraning turli qismlaridan turib madad so'ragan odamlar.
Osiyo, Afrika va Yaqin Sharq davlatlarining fuqarolari - ko'pchilik. Ular Amerikada vatani beqaror ekani uchun boshpana so'ramoqda yoki noqonuniy ravishda AQShga kirishga urinmoqda.
Hukumat immigratsiya tizimi o'z ishini qilayotganini ta'kidlaydi, lekin chegarada vaziyat og'ir ekanini ham tan oladi. Oq uyga ko'ra, qo'shimcha resurslar zarur.
Prezident saylovi yaqinlashar ekan, demokratlardan nomzod, amaldagi Jo Bayden Amerika darvozalari muhojirlar uchun ochiq qoladi, deya va'da bermoqda. Uning aytishicha, immigrantlar - AQSh uchun beqiyos kuch.
Respublikachilardan nomzod bo'lishi taxmin qilinayotgan sobiq prezident Donald Tramp nazarida esa katta sonlarda kirib kelayotgan migrantlar bu jamiyatning "qonini buzmoqda" va immigratsiyani keskin cheklash kerak.
Migratsiya siyosati institutidan Mishel Mittelstadt "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, chegarada najot so'rab turganlarning soni bejiz oshmayapti.
Iqtisodiy va siyosiy qiyinchiliklar, tabiiy ofatlar va boshqa inqirozlar bois bu odamlar ona yurtidan qochqmoqda, deya tahlil qiladi Mittelstadt.
Masalan, Venesuelani o'tgan 10 yilda 8 millionga yaqin fuqaro tark etgan. Janubiy Amerika mamlakatlaridagi tinimsiz mojarolar xalqni bezdirgan va ko'plar kelajakni vatanda tasavvur qila olmaydi.
AQShda ishchi kuchiga talab yuqori ekan, migrantlar bu yerda kun ko'ra olishiga ishonadi. Bilimli va tajribali xorijliklar uchun Amerikada imkoniyatlar keng, deydi Mittelstadt.
Yana bir omil, deydi mutaxassis, Tramp prezidentlikka qaytsa, AQSh yana yopilib qoladi degan xavotir. Saylovgacha kirib olish dardida yurganlar talay.
Respublikachilarga ko'ra, boshpana olmagan odam AQShga kira olmasligi kerak, ammo qonunlar panoh so'ragan shaxsga murojaat qilish huquqini beradi va ishi ko'rib chiqilar ekan, u Amerika sarhadida bo'ladi.
Ayni damda 3 milliondan oshiq migrantning arizasi immigratsion sudlarda ko'rib chiqilmoqda, ulardan 1 milliondan ziyodi o'tgan bir yilda berilgan.
"Biz bu masaladan qutulmaymiz, hatto siyosatni keskinlashtirsak ham", - deydi Mittelstadt.
Meksika bilan chegaradosh shtatlar, jumladan respublikachilar hukmron Texas hozirda hujjatsiz "kelgindi"ni darhol hibsga olishni yo'lga qo'yib, ularni federal tizimga topshirmoqda yo boshqa shtatlarga haydamoqda.
Demokratlar boshqaradigan Nyu-York shahri eng ko'p migrantlarni qabul qilayotgan hududlardan. Shahar muhojirlarga oshiq, deb kelayotgan mer Erik Adams hozirda qator cheklovlar joriy etgan.
Bayden ma'muriyati inson savdosi va uyushgan jinoiy to'dalarga qarshi kurashni kuchaytirish bilan ham noqonuniy immigratsiyani jilovlamoqchi. Deportatsiya soni ham oshgan, shuningdek, chegara posponlari ko'paytirilgan. Migrantlar ishini ko'rib chiqayotgan muassasalar kengaygan, yangilari ochilgan, qolaversa, kirayotganlarga vaqtincha sharoit yaratilmoqda.
Davlat kotibi Entoni Blinken yangi yil oldidan Meksikaga borib, uning hukumati bilan aynan migrantlar masalasini muhoka qildi.
Respublikachi senator Lindzi Grem deydiki, Amerika chegaralariga boshpana so'rab kelayotganlarga, "Uzr, bizda joy yo'q, mamlakatimiz to'la deydigan payt keldi".
Kolorado shtatining Denver shahri meri Mayk Jonston esa bunday yondashuvga qarshi. Uning so'zlariga ko'ra, qonunan kelayotganlarga eshik hamisha ochiq turishi lozim, chunki Amerika jamiyati ulardan manfaat ko'radi.