Breaking News

Nyu-Yorkda muhojirlar muammolarini yorituvchi nashr kengaymoqda


Yomg’irli kunlardan birida Nyu-Yorkning Chaynataun hududida jurnalist April Xu tamaddi qilish uchun qahvaxonalardan biriga kirdi.

Xu o’ziga yaqin “Fay Da” shirinliklar do’koniga kirmay qo’ygan. Bunga Nyu-Yorkda bir nechta shirinlik do’konlari tarmog’iga ega bo’lgan “Fay Da”ning o‘z xodimlaridan yuz minglab dollar miqdorida ish haqlarini o‘g‘irlagani haqidagi xabar sabab bo’ldi.

“Bu mashhur qahvaxona ko’chilikning ko’nglidan joy olgan edi, shuning uchun u haqdagi so’nggi yangiliklardan barcha hayratda qoldi”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Aprel oyida qandolatxona sobiq va hozirgi xodimlarning da'volarini hal qilish uchun 940 000 dollar tovon to‘lashga rozi bo‘lgan edi.

Jurnalist Xu ishlaydigan “Documented” nomli nodavlat media platformasi katta va muhim, ammo boshqa ommaviy axborot vositalarida yetarlicha yoritilmaydigan xodimlarning ish haqlari o‘g‘irlanishi yoki uy-joy bilan bog‘liq muammolar kabi mavzularni yoritishga ixtisoslashgan. Ushbu platforma asosan muhojirlar duch keladigan muammolarni yoritadi va ular haqida kengroq xabardorlik yaratishga intiladi.

AQSh prezidentlik saylovida immigratsiya bahsli mavzuga aylangan bir paytda, ushbu axborot platformasi odatiy mavzularni yoritish bilan birga, yolg‘on da’volarni rad etish o‘rtasida muvozanat saqlashga harakat qilmoqda. O‘ng qanot ekstremistlari tomonidan irqchi va muhojirlarga qarshi ritorika targ‘ib qilinayotgan bir sharoitda, “Documented” jamoasi immigratsiya masalalarini mahalliy miqyosda yoritishni juda muhim deb biladi.

“Documented” nashrining tashkil etilishiga asosiy ommaviy axborot vositalarining immigratsiya mavzusini yoritish uslubidan norozilik sabab bo‘ldi, deydi uning hammuassisi Mazin Sidahmed.

Sudanda tug‘ilgan Sidahmed Nyu-Yorkda “The Guardian” va boshqa ommaviy axborot vositalarida ishlagan, 2018-yilda esa o‘zining media platformasini tashkil etgan.

“Federal siyosatdagi oʻzgarishlar Nyu-York kabi koʻpchilik muhojirlar istiqomat qiladigan yirik shaharlarda mahalliy darajada qanday kechayotganini hech qaysi nashr yoritmaydi”, - dedi Sidahmed “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Federal immigratsiya siyosati mahalliy darajada qanday amalga oshirilayotgani haqida ma’lumot beradigan saytga haqiqiy ehtiyoj bor edi”, - dedi u.

“O’quvchilar ehtiyojlarini qondirishga bo‘lgan sadoqat “Documented”ning muvaffaqiyatiga asosiy omil bo‘lgan”, - dedi Sidahmed.

Dastlab, axborot platformasi ispan tilida so‘zlashuvchi auditoriyaga qaratilgan ehtiyojlarni aniqlash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Sidahmedning aytishicha, bu tadqiqot ushbu jamoaga eng yaxshi xizmat ko‘rsatish yo‘llarini aniqlashda juda muvaffaqiyatli bo‘lgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, respondentlar ommaviy axborot vositalari ularni jinoyatchi yoki qurbon sifatida ko'rsatishga moyil ekanligiga ishonadi. Ular esa hukumat resurslaridan qanday foydalanishni o‘rganishda yordam beradigan xabarlarga ehtiyoj sezishini bildirgan.

“Documented” jamoasi bu hamjamiyatning asosiy axborot manbai “WhatsApp” guruhlari ekanligini bilib, ushbu ilovada ispan tilidagi yangiliklar xizmati tashkil etdi.

“So‘nggi besh yil ichida bu xizmat bizning eng kuchli jurnalistik loyihalarimizni harakatga keltiruvchi asosiy vositaga aylandi, - dedi Sidahmed. – Biroq bu darajaga yetkazish mashaqqatli bo’lib, katta ishonchni shakllantirishni talab qildi”.

Ingliz va ispan tillaridan tashqari, “Documented” xitoy (mandarin) va gaiti kreol tillarida ham faoliyat yuritadi. Xitoy hamjamiyatiga yaxshiroq xizmat ko‘rsatish uchun “WeChat” platformasida yangiliklar hisobini yuritadi. Karib havzasi hamjamiyati uchun esa “NextDoor” platformasidan foydalanadi.

“Biz odamlar har kuni bizning veb-saytimizga kirib yangiliklarni o‘qishini talab qila olmaymiz, ammo yangiliklarni ularga yetkazishimiz kerak deb o’ylaymiz”, - dedi Xu.

WhatsApp va WeChat kabi platformalar ikki tomonlama muloqot imkonini beradi. “Documented” yangiliklarni yetkazadi, auditoriya esa jurnalistlar bilan bevosita bog‘lanib, reportaj g‘oyalari yoki savollar bilan bo’lishishi mumkin.

Shunday yo‘l bilan, “Documented” auditoriyaning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan kontent yarata oladi, deydi Sidahmed.

Shuningdek, u auditoriyaga davlat tizimida yo‘l topish, masalan, hujjatlarni rasmiylashtirish, yordam dasturlariga murojaat qilish yoki turli resurslardan foydalanish bo‘yicha ko‘mak berishga qaratilgan materiallarni ham tayyorlaydi.

“Menimcha, hech bir asosiy ommaviy axborot vositasi muhojirlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash orqali ularga xizmat ko‘rsatishga intilayotgani yo‘q, aksincha, faqat ular haqida xabar berish bilan cheklanmoqda”, - dedi nigeriyalik Fisayo Okare.

2022-yilda Nyu-York shahrida taxminan 3,1 million muhojir yashagan, bu esa shahar umumiy aholisining 38 foizini tashkil qiladi, deb xabar berilgan shahar hokimligi hisobotida.

“Documented” jamoasining ko‘plab a’zolari o‘zlarini shu muhojirlar aholisining bir qismi deb hisoblaydi. Okarening fikricha, jamoaning kelib chiqishi va muhojirlik tajribasi ularning ishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va uni yanada boyitadi.

“Men o‘zim ham muhojir bo‘lganim uchun, boshqa muhojirlarning boshidan kechirayotganlarini yaxshi tushunaman”, - dedi u. – Biz muhojirlar uchun yozayotganimizdan va ularga xizmat qilayotganimizdan faxrlanamiz”.

“Documented” platformasi yaqinda noqonuniy immigratsiya haqida tarqalgan asossiz da’volarni jumladan, Donald Trampning Ogayodagi gaitiliklar diasporasi haqida aytgan yolg‘on ma’lumotlarning asossizligini yoritib chiqdi.

“Bizning vazifamiz noto‘g‘ri yoki noaniq ma’lumotlar tarqatilganida to‘g‘ri axborotni yetkazishdir”, - dedi Okare.

AQShda mahalliy yangiliklar sohasi uzoq yillardan beri moliyaviy qiyinchiliklar va o‘quvchilarni yo‘qotish bilan kurashayotgan bir paytda, “Documented” o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.

So‘nggi yigirma yil ichida AQShda gazetalar soni uchdan bir qismga kamaydi, deya xabar beriladi 2024-yilda Northwestern universitetining “Local News Initiative” tomonidan e’lon qilingan hisobotda. Hisobotga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab qariyb 55 million kishi mahalliy yangiliklardan cheklangan yoki umuman ularni olish imkoniga ega emas.

“Shahar mahalliy axborot vositasini yo'qotganida, bu faqat yangilik manbaidan mahrum bo'lish bilan cheklanmaydi. Buning oqibatida shahar aholisi mahalliy muammolarga e'tibor qaratmaydi, ularni milliy darajada ko'rishga moyil bo'lib qoladi. Bu esa ularning o'z jamiyatlariga bo'lgan bog'liqlik va mas'uliyat hissini yo'qotishiga olib kelishi mumkin”, - deydi Sidahmed.

Jurnalist kelajakka katta umid bilan qaramoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Documented” Nyu-Yorkdagi hamjamiyatlar uchun yetakchi axborot manbaiga aylanishni maqsad qilgan.

“Biz mahalliy yangiliklarni qayta tiklash va mahalliy axborot vositalari bilan odatda salbiy aloqada bo‘lgan hamjamiyatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yangidan yozish imkoniyatini ko‘ryapmiz”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG