Breaking News

Qora tanli va ispanzabon yosh saylovchilar nega Trampni tanladi?


Ikkinchi muddatga prezidentlikka saylanhan Donald Tramp
Ikkinchi muddatga prezidentlikka saylanhan Donald Tramp

Texasning Belton shahrida istiqomat qiluvchi 31 yoshli kichik biznes egasi Briyan Leyxa o‘z avlodidan bo‘lgan, kelib chiqishi Lotin Amerikasidan bo’lgan erkaklarning ko‘pchiligi bu yil Donald Trampga ovoz berganidan hayratlanmadi. Leyxa 2016 va 2020-yilgi saylovlarda ham respublikachi nomzodga ovoz bergan edi.

Leyxaning fikricha, bu qarorning sababi oddiy: Tramp prezidentligi davrida uning iqtisodiy siyosati tufayli soliqlar kamayib, Leyxa kichik biznesida foyda ko’rgan.

“Men oddiy ishchi odamman, - dedi Leyxa. - Shuning uchun kichik bizneslardagi soliq imtiyozlari mening faoliyatim uchun juda foydali”.

Virjiniya shtatining Fairfaks shahrida konsultant bo‘lib ishlovchi DaShon Gallishoda Trampga ovoz berish qarori demokratlar ritorikasi va ularning amaliy harakatlari o‘rtasidagi nomuvofiqlikni ko’rganidan so’ng paydo bo’ldi.

“Demokratlar ozchilik hamjamiyatlariga bergan va’dalarini amalga oshirganiga juda uzoq vaqt bo‘ldi”, - dedi u.

25 yoshli qora tanli Gallisho Trampga ilgari ham ikki marta ovoz bergan. Bu yil esa, uning so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezidentning ozchilik hamjamiyatlariga murojaatlari haqiqatan ham o‘z samarasini ko‘rsatdi.

“AP VoteCast”ning 120 mingdan ortiq saylovchilar o‘rtasida o‘tkazilgan milliy so‘rov natijalariga ko‘ra, Trampga bu yil qora tanli va latino saylovchilar, ayniqsa, 45 yoshdan kichik erkaklar 2020-yildagiga qaraganda ko‘proq ovoz bergan. 2020-yilda Tramp demokrat Jo Baydenga mag‘lub bo‘lgan edi.

Demokrat Kamala Harris qora tanli va ispanzabon saylovchilarning ko‘pchiligidan ovoz olsa ham, Trampning qo‘lga kiritgan yutuqlari tufayli bu vitse-prezidentga Oq uyni qo‘lga kiritish uchun yetarli bo‘lmadi.

Iqtisodiyot va ish o‘rinlari masalasi 45 yoshdan kichik erkaklarni Trampga moyil qildi

Qora tanli va latino saylovchilar iqtisodiyot va ish o‘rinlarining kamayishini mamlakat duch kelayotgan eng muhim muammolardan deb biladi.

Donald Tramp 2024-yilgi saylovlarda 2020-yilga qaraganda yosh qora tanli va lotin amerikalik erkaklar orasida ko‘proq ovoz oldi. 45 yoshdan kichik qora tanli erkaklarning uchdan bir qismi Trampni qo‘llab-quvvatladi; bu 2020-yilda olgan ovozlaridan ikki barobar ko‘pdir.

Shuningdek, yosh lotin amerikaliklar, ayniqsa erkaklar, Trampga nisbatan ko‘proq moyillik ko‘rsatdi. Biroq ularning taxminan yarmi Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlagan, bu esa avvalgi saylovlarda Jo Baydenni qo‘llab-quvvatlagan ispanzabon erkaklar ko‘rsatkichidan (10 nafardan 6 nafari) pastroq.

AQShdagi eng yirik va eng qadimiy lotin amerikaliklarning fuqarolik huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot — Birlashgan Lotin Amerikalik Fuqarolar Ligasi (LULAC) bosh direktori Xuan Proano saylov natijalariga Trampning iqtisodiyot haqidagi xabarlari lotin amerikaliklarga katta ta’sir ko‘rsatganini aytdi.

“Menimcha, lotin amerikaliklarning kelgusi prezidentni aniqlashida va Donald Trampni qayta saylashda muhim rol o‘ynaganini ta’kidlash lozim, - dedi Proano. – Lotin amerikalik erkaklar, ayniqsa, prezidentning populistik xabarlariga, iqtisodiy masalalar, inflyatsiya, ish haqi va hatto immigratsiya islohotlariniga ishondi”.

Nyu-Yorkdagi “Abyssinian” baptist cherkovida xizmat qilgan ruhoniy Derrek Xarkins so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt davomida qora tanli amerikalik diniy jamoalarga rahbarlik qilgan. Uning aytishicha, Trampning “haddan tashqari erkaklik” haqidagi chaqiriqlari ba’zi yosh qora tanli erkaklarni o‘ziga jalb qilishda samarali bo‘lgan.

“Menimcha, Trampning erkaklar haqidagi balandparvoz gaplari qora tanli, oq tanli va lotin amerikalik yosh erkaklarga yaxshi ta’sir qildi, - dedi Xarkins. – Afsuski, bu kabi kichik ta’sirlar ham saylov natijalariga sezilarli darajada ta’sir ko’rsatdi”.

Qora tanli va lotin amerikalik saylovchilar muhim deb bilgan masalalar 2020-yilga qaraganda o‘zgardi

45 yoshgacha bo‘lgan yosh saylovchilarning taxminan 4 dan 1 nafari iqtisodiyotni mamlakat oldida turgan asosiy muammo sifatida qayd etgan bo‘lsa, oq tanli va lotin amerikalik katta yoshli saylovchilar orasida immigratsiya ham muhim masala sifatida tilga olingan. Ularning taxminan to‘rtdan biri bu muammoni eng ustuvor masala deb hisoblagan.

Yosh qora tanli saylovchilarning aksariyati iqtisodiyotni “u qadar yaxshi emas” deb ta'riflagan bo’lsa, lotin amerikalik saylovchilarning ko‘pchiligi, yoshidan qat'i nazar, iqtisodiyotning ahvoli yomon ekanini aytgan.

Iqtisodiyotga nisbatan ishonch — inflyatsiyaning kamayishi, ishsizlikning pastligi va ish haqlarining o‘sishi — Kamala Harris uchun muhim mavzu bo’lgan bo‘lsa-da, saylovchilarning aksariyati bu o‘zgarishlarni shaxsiy hayotlarida his qilmadi. Shuning uchun Harrisga bu ko‘rsatkichlarni ta'kidlash orqali ularning ovozini qozonish qiyin bo‘ldi.

Texasning Braunvil shahridan bo‘lgan 20 yoshli kollej talabasi Aleksis Uskanga bu yil prezidentlik saylovida birinchi marta ovoz berdi. Uning aytishicha, iqtisodiyot va immigratsiya masalalari uni Trampga ovoz berishga undagan.

“Hamma narsa avvalgiga qaraganda ancha qimmatlashib ketdi, - dedi Uskanga. – Benzin, oziq-ovqat xaridlari kollej talabasi bo‘lishimga qaramay menga katta tashvish bo’ldi; shuningdek, immigratsiya kabi boshqa masalalar ham”.

Bolaligidan mashinalarni yuvish, tamale (taom) sotish va ishlatilgan avtomobillar savdosi bilan shug‘ullangan Uskanga tirikchilik qilishning qanchalik qiyin ekanini yaxshi biladi. Uning aytishicha, Tramp prezident bo‘lgan paytda bu qiyinchiliklar unchalik sezilmagan.

"Men 2016-yilda Prezident Trampning nutqini yoqtirmas edim, lekin bunga e’tibor bermay, 2018-2019-yillarda qanday yashaganimizga e’tibor qildim, - dedi Uskanga. – Menga ommaviy axborot vositalari nima deyishidan qat’i nazar, o’sha paytda hayotimiz yaxshiroq bo’lgandek tuyuldi. Shu sababli keyinchalik uni qo‘llab-quvvatlashni boshladim”.

Qora tanli va lotin amerikalik erkaklar orasida Trampga ovozlarning ko‘paygani sezilarli ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Tramp oq tanli saylovchilarning ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatlamaganida g‘alaba qozona olmas edi.

“Lotin amerikalik va qora tanlilar yangi hal qiluvchi saylovchilar sifatida shakllanib bormoqda, - dedi Harris kampaniyasi uchun tadqiqotlar o‘tkazgan HIT Strategies so‘rov va tadqiqot kompaniyasining hammuassisi Terrens Vudberi.

“Uzoq vaqt davomida biz saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shahar atrofidagi ayollar va bolalarini sport mashg‘ulotlariga olib boruvchi onalar haqida gapirardik. Endi esa qora tanli va lotin amerikalik erkaklar, ayniqsa, yoshlar, bunday hal qiluvchi guruh sifatida shakllanib bormoqda, - dedi Vudberi. - Ular kamroq mafkuraviy bo‘lib, an’anaviy siyosiy partiyalarga kamroq bog‘langan. Partiyalar o‘rtasida o‘z qarashlarini o‘zgartirishi yoki ba’zan saylovlarda qatnashmasligi mumkin”.

Kuchli yetakchiga bo‘lgan intilish

Milliy darajada saylovchilarning ko‘pchiligi Trampni kuchli yetakchi deb hisobladi; Harris haqida esa biroz kam saylovchilar shu fikrni bildirdi. Lotin amerikalik saylovchilar orasida Trampni kuchli yetakchi deb ko‘rganlar soni bu saylovda taxminan 10 tadan 6 tani tashkil etgan. Bu 2020-yildagi 43 foizga nisbatan sezilarli o‘sishdir. Lotin amerikalik ayollarning taxminan yarmi Trampni kuchli yetakchi deb hisoblagan. Bu esa 2020-yilda bildirilgan 37 foizlik ko‘rsatkichdan oshgan.

Qora tanli erkaklar va ayollar 2020-yilga qaraganda ikki baravar ko‘proq Trampni kuchli yetakchi deb ta’rifladi.

Atlanta shahrida xaridlar bo‘yicha menejer bo‘lib ishlaydigan qora tanli Devid Means ushbu saylovda ovoz bermadi, chunki u na Harris, na Tramp qora tanli erkaklarga to‘g‘ri murojaat qila oldi, deb hisobladi. Biroq saylov natijalari uning hafsalasini pir qilmadi.

“Men natijadan qoniqdim. O‘zimni chetda qolgan yoki xafa qilingan deb his qilmayman. Men na Trampni, na Kamalani qo‘llab-quvvatladim, lekin o‘sha lavozimda ayol bo‘lishini xohlamadim”, - dedi u.

“Agar u lavozimda ayol bo‘lishi kerak bo‘lsa, men, masalan, sudya Judi kabi haqiqatan kuchli va aqlli ayolni afzal ko‘rgan bo‘lardim”, - deya qo’shimcha qildi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG