Yanvar oyida Donald Tramp prezidentligining ikkinchi muddatini boshlaganda, uning ikki asosiy tarafdori davlat xarajatlarini qisqartirish va uning samaradorligini oshirishga mo‘ljallangan yangi tashabbusni boshqarishga kirishadi.
Davlat samaradorligi departamenti deb atalayotgan yangi idora, haqiqiy vazirlikdan ko‘ra, maslahat beruvchi qo‘mita sifatida ishlashi kutilmoqda. Uni “Tesla” va “SpaceX” asoschisi Ilon Mask hamda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka sobiq nomzod Vivek Ramasvami birgalikda boshqaradi.
Mask va Ramasvami o‘z ishlarini 2026-yilning 4-iyuligacha – Mustaqillik deklaratsiyasi imzolanganining 250 yilligiga qadar tugatishni rejalashtirmoqda. Ular AQShning keng qamrovli davlat tizimini chuqur tahlil qilib, ortiqcha xarajatlarni qisqartirish va byurokratiyani yo‘q qilish yo‘llarini topishga urinadi.
Yirik va’dalar
Yangi idora tashkil etilishi haqida e’lon qilgan Tramp, bu tashabbus “hukumat byurokratiyasini demontaj qilish, ortiqcha qoidalarni kamaytirish, samarasiz xarajatlarni bartaraf etish va federal agentliklarni qayta tuzish uchun yo‘l ochadi,” deb aytdi.
Maskning fikricha, federal byudjetdan 2 trillion dollar miqdorida mablag‘ni tejash imkoniyati mavjud. Bu 2023-yilgi federal xarajatlarning (6,1 trillion dollar) deyarli uchdan bir qismiga teng bo‘lib, bunday qisqartirishni davlat xizmatlari va dasturlarini jiddiy cheklamasdan turib amalga oshirish qiyin.
Ramasvami bunday qisqartirish aynan ular taklif qilmoqchi bo‘lgan chora ekanini ta’kidladi. Yakshanba kuni “Fox News” kanalida qilgan chiqishida u ba’zi hukumat bo‘limlarini butunlay yopishni rejalashtirayotganlarini aytdi.
“Biz katta qisqartirishlarni kutmoqdamiz. Ayrim agentliklarni butunlay tugatamiz deb o‘ylayman. Federal hukumatning ortiqcha joylari va shishirilgan xodimlar sonini jiddiy qisqartirishni rejalashtirmoqdamiz,” dedi u. Shuningdek, federal hukumatni haddan tashqari qimmatga tushirayotgan pudratchilarni ham qamrab olishmoqchi ekanini qo‘shimcha qildi.
Reygandan beri ilk yirik islohot
Davlat xarajatlarini yaqindan kuzatib boruvchi tashkilotlar yangi tashabbusni ehtiyotkorlik bilan ijobiy baholadi.
Davlat isrofgarchiliklariga qarshi fuqarolar tashkiloti rahbari Tom Schatz, Davlat samaradorligi departamenti Ronald Reygan 1982-yilda davlat samaradorligini oshirish uchun tashkil qilgan “Greys komissiyasi”dan keyingi birinchi muhim xususiy sektor ko‘rigi bo‘lishini aytdi.
Shu bilan birga, Schatzning fikricha, yangi idora samaradorligi uning tavsiyalarini amalga oshirishga bo‘lgan tayyorgarlikka bog‘liq bo‘ladi.
“Hammasi prezident Tramp bu tavsiyalarni qanday amalga oshirishiga bog‘liq, - dedi u. - Ijro farmonlari yoki qonunchilik orqali amalga oshirish kerak bo‘ladi, ammo bu rahbarlik va ko‘pincha, Kongressning hamkorligini talab qiladi”.
Ulkan byudjet
Mask va Ramasvami boshqaruvidagi qo‘mita 6,1 trillion dollarlik federal byudjetni ko‘rib chiqadi. Bu mablag‘ning asosiy qismi “majburiy xarajatlar”ga yo‘naltiriladi, ya’ni qonun bo‘yicha hukumat to‘lashga majbur bo‘lgan to‘lovlar.
2023-yilda bu xarajatlar 3,8 trillion dollarni tashkil etdi. Ularning eng katta qismi — 1,3 trillion dollar — nafaqaxo‘rlarni daromad bilan ta’minlovchi Ijtimoiy ta’minot dasturiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ishsizlar va kam ta’minlangan oilalarga yordam sifatida 448 milliard dollar, keksalar uchun tibbiy xizmat dasturi – “Medicare” uchun 839 milliard dollar va kam ta’minlanganlar uchun tibbiy xizmat dasturi – “Medicaid” uchun 616 milliard dollar sarflandi.
“Diskretsion xarajatlar” deb ataluvchi ikkinchi yirik toifa esa hukumatning kundalik faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladi. Bu 2023-yilda 1,7 trillion dollarni tashkil etdi, uning qariyb yarmi – 805 milliard dollar — mudofaa byudjetiga ketdi.
Qarz uchun foiz to‘lovlari esa “majburiy” va “diskretsion” xarajatlar orasidagi noaniq toifaga kiradi. Bunday to‘lovlardan voz kechish nazariy jihatdan mumkin bo‘lsa-da, bu AQSh va global iqtisodiyot uchun falokatga olib kelishi mumkin. Bu to‘lovlar 2023-yilda 659 milliard dollarni tashkil etdi.
Departament qanday tarkibda tuziladi?
Davlat samaradorligi departamenti qanday shaklda tuzilishi hozircha aniq emas. Agar u ijro farmoni orqali tashkil etilsa, Federal maslahat qo‘mitalari to‘g‘risidagi qonunga bo‘ysunishi mumkin. Bu esa shaffoflikni ta’minlash uchun muayyan talablarni qo‘yadi va manfaatlar to‘qnashuviga doir qoidalarni belgilaydi.
Agar tashkilot xususiy muassasa sifatida tashkil qilinsa va uning rahbarlari shunchaki prezident bilan aloqada bo‘lsa, bunday qoidalar qo‘llanilmaydi. Bu esa Maskning federal hukumat bilan milliardlab dollarlik shartnomalari borligi sababli muammo tug‘dirishi mumkin.