Breaking News

Suriya ixtilofi Turkiyaning Eron va Rossiya bilan aloqalariga qanday ta’sir qiladi?


Suriyada Turkiyadan madad olayotgan jangarilarning g’alabali odimi Anqaraning Eron va Rossiya bilan munosabatlariga salbiy ta’sir qilishi aytilmoqda.

Xalqaro hayot - 5-dekabr, 2024 - “Xalqaro Amnistiya” Isroilni qatliomda ayblayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:22 0:00

Ma’lumki, Moskva va Tehron Assad hukumatini ham siyosiy, ham harbiy tomondan qo’llab-quvvatlab keladi.

“Eron hukumati Turkiya-Assad muloqotiga to’siq qo’yish uchun Assad tuzumiga ta’sirini ehtiyotkorlik bilan kuchaytirishga harakat qilmoqda. Eron Turkiyaga dushman bo’lmasa-da, Anqaraga nisbatan do’stona harakatda bo’lgani ham yo’q”, - deydi Marmara universiteti professori Bilgexon Olako’z.

Assad tuzumi qulasa, bundan Kreml ham yutqazishi mumkin. Suriyada Rossiyaning harbiy-dengiz bazasi joylashgan.

“Assadning hokimiyatda qolishi Moskva va Tehron uchun o’ta muhimdir. Rossiya tinch aholi orasidagi talafotlarga qaramay, harbiy qudratini, aerokosmik kuchlarini shubhasiz ishga soladi. Bu esa migrantlarning yangi to’lqiniga sabab bo’ladi”, - deydi Bonn universitetining ozarbayjonlik siyosatshunosi Zaur Gasimov.

Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh Idlib viloyati isyonchilar qo’lida ekan, viloyatda bir milliondan ziyod qochqin yashaydi. Turkiyaning o’zida qochqinlar soni 4 milliondan ko’p.

Kuzatuvchilar hozirgi vaziyat Turkiya xavfsizligiga tahdid solmasligini aytadi, biroq, deydi turk tahlilchisi Murat Aslan, Turkiya xavfsizligi yoki manfaatlariga xavf tug’ilsa, Anqara chetda qarab turmaydi.

Seshanba kuni Turkiya va Rossiya rahbarlari telefonda Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi. Tahlilchilar ikki rahbar o’rtasidagi yaqin aloqaga ishora qilarkan, hech biri Suriyani deb o’zaro munosabatlarga putur yetkazishni istamasligini aytadi.

“Moskva va Anqara siyosiy pragmatizmni ishga solib, qarashlaridagi farqlarni muzokara orqali hal qilishga harakat qiladi”, - deydi Gasimov.

Rossiya, Turkiya va Eron “Ostona jarayoni” formati doirasida Suriya bo’yicha o’tmishda hamkorlik qilgan. Hozir ham ushbu format jonlanib, tomonlar mojaroga diplomatik yechim topishga harakat qilishi mumkin.

Bu orada Suriya hukumati Hamo shahrini qo'ldan boy berganini tan oldi. Shaharga kirgan jangarilar qamoqxonalardan mahkumlarni ozod etmoqda.

Hamo Suriyada to’rtinchi yirik shahar bo’lib, uning qo’ldan boy berilishi Prezident Bashar Assad uchun jiddiy yo’qotishdir, chunki fuqarolar urushining eng qonli yillarida ham hukumat yarim million aholiga ega bu shaharni o’z qo’lida ushlab qolgan edi.

Assad Iroq rahbariyati bilan gaplashib, undan madad so’radi, Eronga ham rasman murojaat etishi kutilmoqda.

Isyonchilar endi Hamodan 40 kilometr narida joylashgan Himsga yurish qilishi mumkin.

Al-Qoida terror tashkiloti “Hayat Tahrir ash-Sham” boshchiligidagi islomiy guruhlarning Suriyadagi hujumlari va yutuqlarini olqishlamoqda. “Hayat Tahrir ash-Sham” 2017-yilda al-Qoida tarkibida harakatlangan “Jabhat an-Nusra” jihodchi tashkiloti qoshida paydo bo’lgan.

Uning rahbari Abu Muhammad al-G’olaniy Iroq bosh vaziri va mamlakatdagi qurollangan shia guruhlariga murojaat qilib, Suriyadagi ixtilofga aralashmaslikka chaqirdi.

Isroil televideniyesining 24-kanalida efirga chiqadigan axborot dasturiga intervyu bergan “Erkin Suriya armiyasi” isyonchi guruhining Halabdagi qo’mondonlaridan biri Isroil va suriyalik isyonchilar umumiy dushmanga qarshi kurashayotganini aytadi.

O’zini Abu Abdo deb tanishtirgan bu odam Eron, “Hizbulloh”, Bashar Assadni dushman deb atadi, Isroil va Trampga Eronga qarshi kurashi uchun hurmati baland ekanini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG