AQShning 20-yanvardan prezidentlikka qayta kirishayotgan prezidenti Donald Tramp BRIKS tashkilotiga a’zo davlatlar dollarga muqobil pul birligini yaratsa, ularga iqtisodiy jazo choralarini qo’llashi haqida ogohlantirdi.
Xususan Tramp bu mamlakatlar dollardan voz kechsa, ularning mahsulotlariga tariflar ikki baravar oshirilishini aytdi.
Ayrim tahlilchilar BRIKSning Hindiston va Xitoy kabi yirik a’zolari siyosatidagi farqlar va bir-biriga ishonchsizligi umumiy valyutani yaratish yo’lida jiddiy to’g’anoq bo’lishini aytadi.
“Hindiston ushbu tashabbusni qo’llab-quvvatlamaydi. Umumiy valyutadan hech kim foyda ko’rmaydi. Xitoy kabi yirik va hukmron mamlakatlar shart qo’yadi. Umumiy valyuta bo’yicha murosaga kelish juda qiyin bo’ladi”, - deydi hindistonlik tahlilchi Chintamani Maxapatra.
Xitoy, Rossiya, Hindiston, Braziliya va Janubiy Afrika ishtirokida tashkil etilgan uyushma Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Efiopiya va Misr hisobiga kengaydi, yana bir necha mamlakat a’zo b’lishga navbatda turibdi.
AQSh va Yevropa davlatlari Rossiyani Ukrainada urush boshlagani uchun jazolash maqsadida unga sanksiya qo’yishi ketidan Kreml dollarga muqobil valyuta yaratish g’oyasini ilgari sura boshladi. Xitoy tashabbusni qo’llab-quvvatladi.
Biroq a’zolar orasidagi tafovutlar umumiy valyutaning paydo bo’lishiga halaqit beradi, deb hisoblaydi Maxapatra.
“Bizda umumiy bozor yo’q. Umumiy savdo siyosati yo’q. Umumiy hech narsa yo’q”, - deydi ekspert.
AQSh dollariga tobelikni tushirish maqsadida BRIKS a’zolari o’zaro savdoni mahalliy valyuta yordamida olib bormoqda.
“Hindiston hukumati 17 ta mamlakat bilan rupiya yoki o’zaro valyutada savdo qilishi mumkinligini aniqladi”, - deydi tahlilchi Bisvajit Dxar.
Bunday mamlakatlar safiga Rossiya ham kiradi. Dehli AQSh sanksiyalariga qo’shilmadi, Rossiyadan katta miqdorda sotib olinayotgan neft uchun rupiyada to’lamoqda. Biroq bunday savdo ham muammo tug’diradi, deydi Dxar.
“Hindiston Rossiya bilan yirik savdo kamomadiga yuz tutmoqda. Ya’ni Dehli Rossiyadan rupiyaga ko’p neft xarid qilmoqda, Rossiya esa buncha rupiyani nima qilishni bilmaydi”, - deydi ekspert.
Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanian Jayshankar dollardan uzoqlashish Hindiston iqtisodiy siyosatining bir qismi emasligini aytadi. Chunki, deydi mahalliy tahlilchilar, Hindistonning strategik manfaatlari odatda AQShniki bilan hamohangdir.