Breaking News

30 yilki yo`li ochilmagan fuqarolik jamiyati  


O'zbekistonda saylov, Arxiv.
O'zbekistonda saylov, Arxiv.

Toshkentda Yevropa Ittifoqi va AQSh diplomatlari mahalliy faollar ishtirokida O`zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalasini muhokama qilgan.

Xalqaro Inson huquqlari kuni (10- dekabr) munosabati bilan o`tkazilgan bu muhokamada O’zbekistonda fuqarolik jamiyatiga to’siqlar hamon o’zgarmagani, nodavlat tashkilotlarga munosabatda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O`zbekiston”i ham Karimov davridagi tajribaga, ularni ro`yxatdan o`tkazilmaslik amaliyotiga sodiq qolayotganiga urg'u berilgan.

“Gazeta.uz” yozishicha, tadbirda Yevropa Ittifoqi elchisi Toyvo Klaar nodavlat notijorat tashkilotlarni (NNT) ro’yxatdan o`tkazmaslik holatlari oshgani, xalqaro tashkilotlardan moliyaviy yordam olish qiyinlashtirilgani, NNT faoliyatini cheklovchi ma’muriy to’siqlar ko´pligini qayd etgan.

“Yevropa Ittifoqi NNTlar davlat organlarining ortiqcha nazorati, cheklovi, aralashuvisiz xorijiy hamkorlar, jumladan, bizdan ham yordam olishi kerak, deb hisoblaydi. Ta`kidlanganidek, biz inson huquqlarini islohotlar dasturining ajralmas qismi sifatida ko‘ramiz, Yevropa Ittifoqi bu jarayonni qo‘llab-quvvatlashga hamisha tayyor”, - deya ta’kidlagan Toyvo Klaar.

Tadbirda inson huquqlari bo`yicha BMT Oliy komissari ofisidan ham vakil qatnashgan.

BMT Inson huquqlari Kengashi O`zbekistonga NNT faoliyatini rivojlantirish uchun qator tavsiyalar bergani, ular nodavlat tashkilotlarni ro’yxatdan o`tkazishni osonlashtirish, moliyaviy yordamni sarflash tartibini soddalashtirishni ko`zda tutishi eslatilgan.

NNTni ro´yxatdan o`tkazuvchi idora O’zbekiston Adliya vazirligi vakili mamlakatda nodavlat tashkilotlarga imtiyozlar, imkoniyatlar yaratilgani, hatto elektron tarzda ro`yxatdan o`tkazish tajribasi qo`llanilayotgani haqida gapirgan.

Diqqatlisi, tadbirda qatnashgan fuqarolik jamiyati vakillari orasida o’n yillardirki O’zbekistonda o`z tashkilotini ro`yxatdan o`tkaza olmay kelayotgan faollar ham bor, jumladan, huquq himoyachisi Shuhrat G’aniyev, advokat Sergey Mayorov.

“Inson huquqlari uyi”ni ro’yxatdan o`tkazishga urinib kelayotgan advokat Sergey Mayorov Adliya vazirligi raddiyasi sababini nodavlat tashkilot faoliyati siyosiy mahbuslarga yordam ko`rsatishga qaratilganida ko’radi.

O`z faoliyatida siyosiy huquqlar, siyosiy jarayonlarni ko’taruvchi yoki siyosiy maqsadni ko`zlovchi tashkilotlar, partiyalar tuzish, ta’sis etish O’zbekistonda keskin taqib ostida qolmoqda.

Avvaldan muxolifatda bo`lib kelgan, Karimov davrida quvg`in qilingan “Erk”, “Birlik” kabi siyosiy partiyalarga mamlakatda hokimiyat o`zgarishidan keyin o`z faoliyatini tiklashiga ruxsat berilmadi.

Mirziyoyev davrida shakllangan yangi muxolifat, Xidirnazar Olloqulov va boshqa faollar yetakchiligidagi partiyalar ham ro’yxatdan o`tkazilmadi.

Bundan qat’i nazar, jamoatchilik, jumladan, fuqarolik jamiyati faollarida ham mutlaqo ishonch yo’qolganiga qaramasdan, prezident Mirziyoyev siyosiy islohotlar, muxolifat faoliyatiga doir bayonotlardan voz kechayotgani yo´q.

Uning bu boradagi so`nggi bayonoti yangi parlamentning dastlabki majlisida qilindi. Xalqaro tashkilotlarga parlament saylovlarini kuzatgani uchun minnatdorchilik bildirgan prezident Mirziyoyev qonunlar xalqqa yaqin bo`lishi uchun parlamentda muxolifatni shakllantirishga chaqirdi.

O`zbekistonda muxoliflarsiz va raqobatsiz o’tkazilgan ikki saylov kampaniyasi, dastlab prezidentlik, so`ngra parlament saylovlari ortidan qilinayotgan bu bayonot kimga va nimaga qaratilgani noma`lum.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan dastlabki yillarda, nisbiy erkinliklar, o`zgarishlar davrida O’zbekistonda fuqarolik jamiyati rivojlanishiga doir umidlar kuchli edi.

O’zbek jamiyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni ko`tarayotgan ayrim nashrlar, mahalliy hokimiyat, huquq tartibot idoralarini dadil tanqid ostiga olgan blogerlar qatlami paydo bo`lishi bilan kuzatilgan bu umidlar uzoqqa bormadi.

Ayniqsa, konstitutsiyaviy islohotlarga, Mirziyoyev vakolatini uzaytirishga hozirlik boshlanar ekan, fuqarolik jamiyati rivojlanishiga doir umidlar so`ndi.

Bu davrga kelib mustaqil jurnalistlar, muammolarni ko´tarish bilan jamoatchilikni sergaklikda ushlab turgan blogerlar soni ham keskin kamaydi, nashrlar bosimga olindi, turli sabablar bilan qamoqqa tashlangan blogerlar soni oshdi, ayrimlari mamlakatni tark etdi.

O’zbekistondagi fuqarolik jamiyati taqdiriga doir bugungi vaziyat Karimov diktaturasi davridagi vaziyatga nisbatan deyarli o’zgarishlarga yuz tutmaganini ko‘rsatadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG