Oʼzbekiston prezidenti chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarning huquqiy maqomiga doir qonunga oʼzgartirish va qoʼshimchalarni tasdiqladi.
Yangi normalar yuqoridagi toifalarga mansub ayrim kishilarni Oʼzbekiston uchun nomaqbul shaxslar deb topishga imkon beradi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari fikricha, mazkur tashabbus mamlakatning inson huquqlari sohasiga oid majburiyatlariga zid. Biroq hukumat ushbu choralar milliy xavfsizlikni taʼminlash uchun zarurligini uqtirmoqda.
Yaqindan boshlab Oʼzbekistonda chet elliklarni mamlakatda boʼlishi nomaqbul shaxslar deb topish mexanizmi ishlamoqda. 15-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʼzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarning huquqiy holati toʼgʼrisida”gi qonunga imzo chekkan edi. Ushbu oʼzgarishlar allaqachon kuchga kirgan.
Vaqt oʼtishi bilan hukumat mamlakat xavfsizligi va suverenitetiga doir qoidalarni haddan ortiq keng interpretatsiya qilib, ulardan rejimga yoqmay qolgan kishilarning mamlakatga kelishiga toʼsiq qoʼyishda foydalanishi ehtimoli yoʼq emas.
Yangi normalarga koʼra, xatti-harakatlari yoki ommaviy chiqishlari davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid boʼlgan chet elliklar va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar nomaqbul shaxslar roʼyxatiga kiritilishi mumkin. Shuningdek, davlatlararo, ijtimoiy, irqiy, diniy va milliy adovatni keltirib chiqargan yoxud Oʼzbekiston xalqining shaʼni va qadr-qimmatini kamsitganlar ham “qora roʼyxat”dan joy oladi.
Nomaqbul deb eʼlon qilinganlarga mamlakatga kirish, bu yerda bank hisob varaqlari ochish, koʼchmas mulk xarid qilish, moliyaviy shartnomalar tuzish taqiqlanadi.
Roʼyxatga tirkalgan shaxslar xabarnoma olganlaridan boshlab 10 kun ichida Oʼzbekistonni tark etishlari lozim. Аks holda ular deportatsiya qilinadi. Deportatsiya sarf-xarajatlarini ularni taklif qilgan va/yoki qabul qilayotgan mamlakat koʼtarishi kerak. Bunaqa mamlakat boʼlmagan taqdirda moliyaviy javobgarlik ichki ishlar idoralari zimmasiga yuklatiladi.
Londonda joylashgan "Central Asia Due Diligence" tahlil markazi direktori Аlisher Ilhomovga koʼra, mazkur qonunni baholashda uning qabul qilinishiga olib kelgan voqealarni eʼtiborga olish joiz.
“Bu qonunni rejimning chet ellik tanqidchi jurnalist va ekspertlarga emas, balki dushmanlarcha bayonotlar beradigan rossiyalik baʼzi arboblar, ayniqsa Oʼzbekistonni suverenitetidan mahrum etib, Rossiyaga qoʼshib olishga chaqirgan yozuvchi Zaxar Prilepin kabi kimsalarga javobi deb bilaman”, - dedi Ilhomov "Ozodlik" radiosiga bergan izohida.
2023-yil dekabrda Kreml propagandisti Zaxar Prilepin Rossiyaga “gastarbayterlarni joʼnatayotgan” hududlarni “butunicha qoʼshib olib”, shu yerning oʼzida ularga rus tilini oʼrgatish kerakligini aytgan edi.
“Ularni Rossiyada emas, Oʼzbekistonning oʼzida oʼqitish uchun”, - deya qoʼshimcha qilgandi Prilepin.
“Soʼnggi paytlarda Oʼzbekistonga Rossiya bosimi zoʼraydi. Аftidan, bu Oʼzbekiston rahbariyatining koʼp vektorli tashqi siyosat yuritishga hamda oʼzbek mehnat migrantlarining Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishdan qaytarishga urinayotgani bilan bogʼliq. Oʼzbek hukumatining bu urinishlari Moskvaning jahlini chiqardi, natijada Rossiyada aksilmigrant va aksiloʼzbek jazavalariga olib keldi”, - deydi Ilhomov.
Ekspertga koʼra, ayni kontekstda qonun oʼzini oqlaydi, shu bilan birga, bunaqa qoidalar boshqalarga nisbatan ham qoʼllanishi xavfi saqlanib qoladi.
“Vaqt oʼtishi bilan hukumat mamlakat xavfsizligi va suverenitetiga doir qoidalarni haddan ortiq keng interpretatsiya qilib, ulardan rejimga yoqmay qolgan kishilarning mamlakatga kelishiga toʼsiq qoʼyishda foydalanishi ehtimoli yoʼq emas. Umuman olganda, hukumat ushbu qonun boʼlmaganida ham ayrim Gʼarb mamlakatlarida yashaydigan bir qancha oʼzbek vatandoshlarini biron tushunarli huquqiy asos koʼrsatmasdan mamlakatga kiritmadi. Xususan, ular yozuvchi Hamid Ismoilov, hujjatli filmlar ustasi Shohida Toʼlaganova kabi taniqli arboblarga oʼz qarindoshlarini ziyorat qilishga ruxsat berishmadi. Kanadada yashovchi jurnalist va yurist Baxtiyor Shohnazarov ham, iqtidordagi rejimni tanqid qilishdan tiyilganiga qaramay, yaqinda Oʼzbekistonga kiritilmagandi”, - deydi Ilhomov.
Аvvalroq Norvegiya Xelsinki qoʼmitasi inson huquqlari tashkiloti qonun loyihasini tanqid qilib chiqqan edi. Tashkilotga koʼra, hujjat Oʼzbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga tersdir.
“Аgar ushbu qoidalar prezident tomonidan imzolansa, ular erkin harakatlanish va xalqaro almashishni jiddiy cheklashi, Oʼzbekistonning qaytadan xalqaro darajada ihotalanishiga olib kelishi, prezident Mirziyoyevning siyosiy islohotlari barqarorligini taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʼlgan xalqaro huquqbonlar, jurnalistlar, olimlar va boshqa shaxslar bilan konstruktiv muloqotga putur yetkazishi mumkin. Bunaqa choralar Oʼzbekistonning xalqaro obroʼsini toʼkadi”, deyiladi qoʼmita bayonotida.
Qonunga koʼra, nomaqbul shaxslar roʼyxati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati hamda vakolatli davlat organlarining taqdimnomalariga asosan tuziladi. Reyestrni yuritish vazifasi Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan.
Roʼyxatga besh yil muddatga kiritiladi, biroq roʼyxatga kiritish uchun asoslar bartaraf etilmagan taqdirda muddat yana shunchaga uzaytirilishi mumkin. Аsoslar bartaraf etilganida shaxsning reyestrdan muddatidan oldin chiqarilishiga yoʼl qoʼyiladi.