Joriy yilning o‘tgan davrida Janubiy Koreyadagi ish joyini sababsiz tashlab ketgan qariyb 80 nafar o‘zbekistonlikning kafillaridan davlatga 2 milliard 35 million so‘m jarima undirildi.
Janubiy Koreyadagi vatandoshlarni qat’iy ogohlantirgan O‘zbekiston Migratsiya agentligi mehnat muhojirlarini o‘z kafillarini “kafansiz qoldirmaslik”ka chaqirgan.
Agentlik matbuot xizmatiga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda Koreya Respublikasiga vaqtincha ishlash uchun borgan O‘zbekiston fuqarolari orasida o‘z ish joyini sababsiz tashlab ketish holatlari uchramoqda va bu mamlakatga ajratiladigan ishchi kvotalar soniga jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti.
Migratsiya agentligi joriy etgan tartibga muvofiq, Koreyaga ishlash uchun borayotgan har bir o‘zbekistonlik uch tomonlama shartnomaga imzo chekadi. Hujjatda mehnat muhojiri Janubiy Koreyadagi ish joyini sababsiz tashlab ketsa, uni kafillikka olayotgan shaxs, ya’ni yaqin qarindoshidan nolegal yurgan har bir oy uchun 2000 dollardan jarima undirilishiga rozilik beradi.
"Ozodlik" avvalroq Janubiy Koreyada noqonuniy yurgan o‘zbekistonliklar uchun “yashil yo‘lak” orqali chiqib ketish muddati 2025-yilning 31-yanvarigacha uzaytirilgani haqida xabar qilgan edi.
O‘zbekiston migratsiya idorasiga ko‘ra, Janubiy Koreyada 92 ming nafar o‘zbekistonlik qonuniy, 9000 nafari esa noqonuniy tarzda yashab kelmoqda.