Pekin Rossiyaning harbiy mashinasiga yordam berishni to'xtatishi kerak va faqat shu yo'l orqali Ukrainada tinchlikka erishish mumkin. Bu haqda Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Pekinga tashrifi chog'ida gapirdi. Uning so'zlariga ko'ra, Putin Shimoliy Koreyadan askarlarni jalb qilib, mojaroning geografiyasini kengaytirgan.
“Rossiya prezidenti Ukrainaga qarshi urushi bilan nafaqat Yevropaning tinchlik tartibini izdan chiqarmoqda, balki Shimoliy Koreya orqali Osiyoni ham ushbu mojaroga tortmoqda. Xitoylik hamkasbim bilan bu masalani batafsil muhokama qildik, chunki bu Xitoy manfaatlariga ham zid bo'lishi mumkin. Shuning uchun men bugun Pekinga adolatli tinchlik jarayonini qo'llab-quvvatlash uchun keldim”, - dedi u.
Xitoyning Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha o'z tinchlik rejasi mavjud bo'lib, uni avvalroq e'lon qilgan edi. Bu rejada, xususan, urush hududini kengaytirmaslik va yadro qurolidan foydalanmaslik talablari mavjud. Aynan Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish tahdidlari Pekinga yoqmaydi.
“Biz bilamizki, Xitoy Rossiyaning yadro tahdidlarini qo'llab-quvvatlamaydi. Buning isbotlari yetarlicha aniq va Xitoy hukumati yadro qurolidan foydalanish mumkin emasligini qayta-qayta ta'kidlab keladi. Shuningdek, ko'p tahlilchilar Pekin Shimoliy Koreya askarlarining Rossiyada paydo bo'lishi va Shimoliy Koreya-Rossiya ittifoqidan ham xursand emasligini ta'kidlamoqda. Bu to'g'riligini aniq aytib bo'lmasa-da, ko'p fikrlar shu yo'nalishga moyil. Demak, diplomatik harakatlar uchun imkoniyat mavjud, ayniqsa, Tramp ma'muriyati bosim o‘tkazish va Xitoyga sanksiyalar bilan tahdid qilish niyatida ekanligini aytib kelayotgan bir paytda. Ehtimol, bu Rossiyani muzokaralarga majburlash uchun ham qaratilgan bo'lishi mumkin”, - dedi tahlilchi Stiven Blenk.
Ammo hozircha G'arb bosimi va Xitoyning tinchlikka intilish haqidagi bayonotlariga qaramay, Pekin Moskvaga yordam berishda davom etmoqda. Bu haqda Annalena Berbok o'z tashrifi chog'ida yana bir bor eslatib o'tdi.
“BMT Xavfsizlik kengashining har bir doimiy a'zosi dunyoda tinchlik va xavfsizlik uchun mas'uldir. U qo'llab-quvvatlash orqali mojarolarni yanada avj oldirmasligi kerak. Xitoy zavodlarida ishlab chiqarilgan dronlar va Yevropa markazidagi tinchlikka tahdid solayotgan Shimoliy Koreya qo'shinlari bizning asosiy Yevropa xavfsizligi manfaatlarimizni buzmoqda”, - dedi Berbok.
“Bloomberg” nashri xabariga ko'ra, Yevropa Ittifoqida Rossiya uchun dronlar ishlab chiqarayotgan Xitoy kompaniyalariga qarshi sanksiyalar masalasi muhokama qilinmoqda. “Amerika Ovozi” tomonidan so'ralgan ekspertlar fikricha, iqtisodiy cheklovlar Pekin harakatlariga ta'sir o’tkazishi mumkin. Masalan, Xitoy banklari allaqachon AQSh Moliya vazirligining qora ro'yxatiga tushgan Rossiya banklari bilan ishlashdan bosh tortmoqda.
“Menimcha, Germaniya tashqi ishlar vazirining Xitoyga yetkazgan xabari juda muhim: ular Rossiyaga ko'rsatayotgan yordamlarini kamaytirishi kerak. Xitoy Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida asosiy tarafdor hisoblanadi, ammo u ikkilamchi sanksiyalar ehtimolidan xavotirda. Gap jang maydonida ishlatiladigan Rossiya uskunalari uchun qismlar yetkazib berayotgan kompaniyalarga qarshi sanksiyalar haqida ketmoqda. Agar Yevropa Ittifoqi va AQSh birgalikda bunday kompaniyalarga qarshi sanksiyalar joriy etsa, bu Pekinga aniq signal bo'lib, Rossiyani qo'llab-quvvatlashni kamaytirish zarurligini ko'rsatadi”, - deydi Hadson instituti tadqiqotchisi Daniel Kochis.
“Agar Xitoy kompaniyalari Rossiya bilan savdo qilayotganini yoki Rossiyaga urushni davom ettirish uchun zarur bo'lgan texnologiyalar yetkazayotganini bilsak, biz ularga qarshi sanksiyalar joriy qilib, ‘bunday qilsangiz, G'arb banklari yoki boshqa tashkilotlar siz bilan ishlamaydi’, deb aytishimiz mumkin. Bu juda nozik masala. Xitoy banklari AQSh sanksiyalari tufayli Rossiyaga kredit berishga tayyor emas. Shuning uchun sanksiyalar ta'sir qilayotganini ko'rsatadigan ko'plab dalillar mavjud. Ammo ular kengroq diplomatik va harbiy strategiya bilan qo'llab-quvvatlanishi kerak”, - deydi Blenk.
Ayni paytda Xitoy Rossiya misolida sanksiyalarga qanday qarshi turishni o'rganmoqda. “Wall Street Journal” nashri xabariga ko'ra, Pekinda maxsus idoralararo guruh tuzilgan bo'lib, ular muntazam ravishda Moskvaga borib, mamlakat iqtisodiyotining G'arb cheklovlariga qanday moslashayotganini o'rganmoqda.
“Xitoy, shubhasiz, sanksiyalarni chetlab o'tishni o'rganmoqda. Ular o'z tizimida xorijiy rezervlarga qaramlikni kamaytirish uchun nima qilish kerakligini tadqiq qilyapti. Ular Rossiyaning xatolaridan saboq olishga harakat qilishmoqda. Ammo bu G'arb uchun ham imkoniyat: sanksiyalarning uzoq muddatli samaradorligini namoyish etib, Xitoyning Tayvanga qarshi agressiyasi oldini olish mumkin. Xitoy bizning taktikamiz va sanksiyalar joriy etishdagi qat'iyatimizni kuzatmoqda, ammo bu ayni paytda Hind-Tinch okeani mintaqasida to'xtatuvchi choralarga kuch berish uchun imkoniyat yaratadi”, - deydi Kochis.
Rossiya va Xitoy o'rtasidagi hamkorlik yildan-yilga mustahkamlanmoqda. 2023-yilda o'zaro savdo hajmi rekord darajada 240 milliard dollarga yetdi. Biroq Rossiya eksportining Xitoydagi ulushi hali ham nisbatan kichik bo'lib, asosan arzon energiya resurslari sotishga asoslangan. Xitoy esa Rossiyaga asosiy tovar yetkazib beruvchi davlat bo'lib qolmoqda. Shu bois Moskva Pekinning qo'llab-quvvatlashiga har qachongidan ko’ra ko'proq muhtoj.