Breaking News

Bayden ma'muriyati "xaos kvarteti"ga oid yangi hujjat e'lon qildi


AQSh Prezidenti Jo Bayden
AQSh Prezidenti Jo Bayden

Prezident Jo Bayden prezidentlik muddatining oxirgi haftalarini milliy xavfsizlik va iqtisodiyot borasidagi strategiyalarini targ‘ib qilish, shuningdek, navbatdagi prezidentni ehtimoliy xatolardan ogohlantirishga oid sa’y-harakatlar bilan o’tkazmoqda.

Uning ma’muriyati navbatdagi prezident uchun yangi milliy xavfsizlik hujjatini taqdim etdi. Ushbu hujjat Bayden ma’muriyati tomonidan “tartibsizliklar o‘qi” yoki “xaos kvarteti” deb atalayotgan Xitoy, Eron, Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi tobora ortib borayotgan hamkorlikka qarshi kurashni kuchaytirishni maqsad qilgan.

Bir kun avval Bayden Vashingtondagi nufuzli tadqiqot markazida chiqish qilib, iqtisodiy muvaffaqiyatlarini muhokama qildi va saylangan prezident Donald Trampga barqaror va kuchli AQSh iqtisodiyoti dunyo uchun qanchalik muhim ekanini yana bir bor eslatdi.

“Xaos kvarteti”

Maxfiy milliy xavfsizlik hujjati AQSh hukumatiga ushbu yangi tahdidlarga qarshi kelgusida qanday choralar ko‘rish kerakligi borasida yo‘riqnoma sifatida xizmat qilishi ko‘zda tutilgan, dedi ismi oshkor qilinmagan bir rasmiy.

Hujjatning aniq mazmuni ommaga oshkor qilinmagan, chunki Oq uy vakillarining aytishicha, u maxfiy harbiy va texnik tafsilotlarni o‘z ichiga oladi. Biroq rasmiylar to‘rt asosiy maqsadni belgilab o‘tgan: AQSh hukumat idoralari o‘rtasida hamkorlikni yaxshilash, ittifoqchilar bilan ma’lumot almashishni tezlashtirish, tayyorgarlikni kuchaytirish va iqtisodiy hamda diplomatik vositalar, masalan, sanksiyalardan samarali foydalanish.

Ushbu hujjat ustida ishlar prezidentlik saylovidan ancha oldin boshlanganini rasmiylar alohida ta’kidladi.

“Biz bu hujjatni foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir meros sifatida qoldiryapmiz, - dedi jurnalistlarga ma’lumot bergan ikki rasmiydan biri. - Yangi ma’muriyat xohlagancha o‘zining yangi Milliy xavfsizlik memorandumini ishlab chiqish huquqiga ega, albatta”.

AQSh razvedka rasmiylarining yaqinda ma’lum qilishicha, hozircha bu to‘rtlik AQSh xavfsizligiga birlashgan tahdid sifatida harakat qilayotgani yo‘q.

“Ular bir blok sifatida harakat qilmayapti,” - dedi Milliy razvedka direktori Avril Xeyns shu oy boshida Tashqi aloqalar kengashida o’tgan uchrashuvda.

Maqsadlar

Rasmiy vakil to‘rt davlatning motivatsiyalari haqida ham gapirdi. Uning aytishicha, Rossiyaning asosiy maqsadi Ukrainadagi jang maydonida o‘zining harbiy va insoniy resurslarini ta’minlashdir; bu mojarolar esa ushbu hamkorlikni tezlashtirgan.

Shimoliy Koreya, o‘z navbatida, Xitoyga qaramlikni kamaytirish va sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun o‘z ittifoqchilarini ko‘paytirishga harakat qilmoqda.

Eron esa og‘ir g‘arbiy sanksiyalar ostida o‘z iqtisodiyotini mustahkamlashga intilmoqda.

Xitoy ushbu guruhdagi eng qudratli o‘yinchi sifatida AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan tomonidan AQSh uchun eng katta tashqi siyosiy chaqiriq deb ta’riflangan.

“Xitoy bu borada biroz o‘ziga xos mavqega ega, chunki u boshqa davlatlarga qaraganda iqtisodiy jihatdan dunyo bilan ko‘proq o‘zaro bog‘liq, - dedi rasmiy. - Shunday ekan, bu yangi hamkorlik Xitoy uchun qanday kelajakni tanlash kerakligi masalasini ham ko‘ndalang qo‘ymoqda”.

Hozirgacha Tramp bu masalalar bo‘yicha biror ochiq bayonot bermadi.

Tahlilchi Anna Borshchevskaya “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Trampning bu tahdidlarga qarshi strategiyasi “aniq emasligini” ta’kidladi, ammo uning jamoasi Rossiyani Xitoydan ajratishga harakat qilayotganliklarini aytgan. Tramp, shuningdek, Ukrainadagi mojaroni tezda tugatishga va’da bergan.

“Tramp o‘z rejasini hech qachon aniq bayon qilmagan,” - dedi Vashington instituti qoshidagi Rossiya masalalari bo‘yicha tahlilchi Borshchevskaya. - So‘nggi kunlarda u Zelenskiy bilan muzokaralar haqida gapira boshladi, lekin biz bu rejani hali ham aniq tushunib olganimiz yo‘q”.

“Ziddiyatli” jihatlar kam

Baydenning tavsiyalariga Tramp ma’muriyati jiddiy yondashadimi yoki yo‘qmi, bu borada Borshchevskaya shunday dedi:

“Tramp ko‘pincha fikrini o‘zgartiradi, shuning uchun nima bo‘lishini oldindan bilish qiyin. Ammo hozircha men ko‘rgan hujjatda hech qanday qutblashtiruvchi jihatlar yo‘q. Shunday ekan, u bu masalani ko‘rib chiqishi mumkin”.

Yangi ma’muriyatning o‘tish guruhlari federal idoralarda o‘z ishini endi boshlab, mas’uliyatni to‘liq anglab olish uchun vaqt talab qilmoqda, dedi Professional xizmatlar kengashi rahbari va sakkiz prezidentlik davri almashuvlarini kuzatgan Devid Berteau.

“Hammamiz yangi tashkilotlarda yangi ish boshlash tajribasiga egamiz, - dedi u Federal Axborot tarmog‘ida efirga uzatilgan intervyusida. - Buni tushunib olish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Ba’zi idoralar boshqalarga qaraganda murakkabroq. Men Pentagonni bir oz chalkash deb bilaman, ammo Energetika vazirligi binosida ham yo‘qolib qolgan paytlarim bo‘lgan.”

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG