Breaking News

AQSh: Suriya taqdirini suriyaliklar hal qilishini xohlaymiz


Oq uyning Milliy xavfsizlik bo'yicha kengashi so'zlovchisi Jon Kirbi
Oq uyning Milliy xavfsizlik bo'yicha kengashi so'zlovchisi Jon Kirbi

Biden ma'muriyati Suriya Prezidenti Bashar Assadning hokimiyatdan ag'darilishi ortidan isyonchi guruhlar bilan aloqada ekanligini va yangi hukumat tuzish jarayoni suriyaliklar tomonidan boshqarilishini istayotganini ma'lum qildi.

Oq uyning Milliy xavfsizlik bo'yicha kengashi so'zlovchisi Jon Kirbi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, qanday boshqaruv shakli yuzaga kelishidan qat'i nazar, Vashington bu jarayon Suriya xalqining intilishlariga mos kelishini ta'minlashni xohlashini aytdi.

Kirbining aytishicha, AQSh tomonidan terrorchi tashkilot deb e'lon qilingan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi va uning rahbari Muhammad G’o’lani mafkuraviy o'zgarishlarga duch kelgan-kelmaganini aytish uchun hali erta.

Quyidagi intervyu qisqartirilgan holda taqdim etilmoqda.

Amerika Ovozi: Isroil Go’lan tepaliklari bo'ylab bergan zarbalari va Suriyaga chuqurroq kirib borishi haqida AQShga oldindan xabar berganimidi?

Jon Kirbi: Men isroilliklar o'z operatsiyalari haqida o’zlari gapirishini xohlayman va ularning harakatlari haqida taxminlar qilmoqchi emasman. Faqat shuni aytamanki, ular, albatta, o'zini himoya qilish huquqiga ega. Suriyada vaziyat o’zgarayotgan bir paytda, ular chegaraning narigi tomonidan xavf ko'rayotganini tushunamiz va ular ba'zi choralar ko'rmoqda. Biz ham isroilliklar singari kimyoviy qurollar, Suriyadagi zaxiralar va ulardan foydalanish ehtimoli bo'yicha xavotirdamiz. Shuning uchun biz isroilliklar bilan ularning harakatlari bo'yicha doimiy aloqadamiz va bu davom etadi.

Amerika Ovozi: AQSh “Hayat Tahrir ash-Sham”ning mafkuraviy o'zgarganiga ishonadimi?

Kirbi: Buni aytish uchun hali erta deb o'ylayman. Janob G’o’lani ozchiliklar yoki boshqa guruhlarni ta'qib qilishdan manfaatdor emaslik, inklyuzivlik haqida to'g'ri gaplarni aytmoqda. Lekin yaxshi boshqaruvni o'rnatish bo'yicha ular amalda nima qilishini kutib ko'rishimiz kerak. Ular hamon terror tashkiloti sifatida tan olingan. Qanday boshqaruv shakli yuzaga kelmasin, biz u Suriya xalqining intilishlariga mos kelishini, ularning kelajakda ovozi va ta'siri bo'lishini ta'minlashni istaymiz. Shuning uchun biz bu jarayon suriyaliklar tomonidan boshqarilishini istaymiz va AQSh bunday jarayonni qo'llab-quvvatlashda davom etadi.

Amerika Ovozi: Turkiyada Suriyaning shimolida mustaqil kurd davlati tuzilishi ehtimoli bo'yicha xavotir bor. AQSh Turkiyaning bu xavotirlarini qanday kamaytiradi?

Kirbi: Turkiya ichidagi odamlarning xavfsizligi nuqtai nazaridan ularning xavotirlari asosli. Hozir dam olish kunlaridagi yangiliklardan so'ng Suriya masalasi oldinga chiqayotgan bo'lsa-da, so'nggi to'rt yil davomida turklar bilan chegara bo'ylab ularning xavotirlari haqida doimiy suhbatlar olib borganmiz. Ochig'ini aytganda, IShIDga qarshi kurashda Suriya Demokratik kuchlari bilan hamkorlikda nima qilayotganimiz bo'yicha o'z xavotirlarimizni ham ular bilan baham ko'rganmiz. Shuning uchun, bu ikki xil xavotirlar kesishgan yoki to'qnashgan joylarda, biz turklar bilan muloqot qilib, bularning barchasini hal qilish imkoniyatiga egamiz va bundan foydalanganmiz.

Amerika Ovozi: AQSh jurnalist Ostin Taysning qayerdaligi haqida ma'lumot olish uchun Turkiya bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu muzokaralar haqida ma'lumot bera olasizmi?

Kirbi: Men muzokaralar tafsilotlariga kirmayman. Biz hamon Ostin haqida - uning qayerdaligi, qanday ahvolda ekanligi haqida ko'proq ma'lumot va tushuncha olishga harakat qilmoqdamiz. Albatta, biz turklar bilan bu haqda gaplashdik. Lekin mintaqadagi boshqa hamkorlarimiz bilan ham gaplashdik. Bu suhbatlar davom etmoqda. Prezident aytganidek, biz uni oilasi bag'rida, o'z joyida ko'rishni istaymiz va bu natijaga erishish uchun mintaqada muloqotlarni davom ettiramiz.

Amerika Ovozi: Prezidentlikka saylangan Donald Tramp Suriya masalasida aralashmaslik siyosatini qo’llamoqda. Bunday yondashuv AQSh manfaatlari uchun qanday xavf tug'dirishi mumkin?

Kirbi: Janob Tramp lavozimga kirganda o'z rejalari haqida o'zi gapiradi. Bizningcha, Amerikaning milliy xavfsizlik manfaatlarida ikkita narsa muhim. Birinchisi - Suriyada qonuniy boshqaruvga tinch o'tish, bu jarayon suriyaliklar tomonidan boshqarilishi kerak. Ikkinchisi - IShID 2014-yildagi kabi imkoniyatlarni qayta tiklay olmasligi va Suriyadagi hozirgi noaniqlikdan o'z manfaatlari yo'lida foydalana olmasligini ta'minlash.

Amerika Ovozi: Suriya Eron va shialar uchun muhim maydon edi. Bu endi buzildi. Sizningcha, Eronning Yaqin Sharqdagi intilishlari tugadimi?

Kirbi: O'ylaymanki, bu savolga faqat oliy rahnamo javob bera oladi. Eron mintaqaga nazar tashlayotganda, vaziyat boshqacha va ularning qarshilik o'qi ko'p joylarda singan. Ular ham harbiy jihatdan va imkoniyatlar jihatidan, masalan, havo mudofaasi bo'yicha zaiflashgan. Shunga qaramay, bugungi kunga kelib, Eronning mintaqadagi gegemonlik intilishlaridan voz kechganini ko'rayotganimizni ayta olmayman. Ular bu kabi intilish va rejalarni amalga oshirish imkoniyatiga to'liq ega bo'lmasalar-da, men ularning bunday intilishlardan voz kechayotganini ko'rsatadigan biror narsa ko'rmayapman.

Amerika Ovozi: AQSh Suriyada Eronga qarshi tura oladigan, lekin qattiq siyosat yuritadigan “Hayat Tahrir ash-Shom” hukumatini qabul qila oladimi?

Kirbi: Suriyada biz ko'rishni istagan boshqaruv - bu ishonchli va qonuniy deb tan olinadigan, barqaror, Suriya xalqining intilishlariga javob beradigan va shu nuqtaga yetib kelish uchun suriyaliklar tomonidan boshqariladigan jarayon natijasida tashkil topgan hukumatdir. Menimcha, bularning barchasi qanday rivojlanishini aniq bilish uchun hali erta va biz buning barchasini juda diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG