Breaking News

AQSh Suriya bo’yicha qanday pozitsiyada?


Qamishli xalqaro aeroportida prezident Bashar al-Assadning oyoqosti qilingan portreti, Suriya, 8-dekabr, 2024.
Qamishli xalqaro aeroportida prezident Bashar al-Assadning oyoqosti qilingan portreti, Suriya, 8-dekabr, 2024.

7-dekabr sanasida Oq uy bergan bayonotga ko’ra, joriy vaziyatda Suriyada IShID guruhining qayta jonlanmasligi hamda gumanitar inqirozning avj olmasligi AQSh uchun ikki ustuvor masala.

Oq uyning bildirishicha, prezident Jo Bayden va uning jamoasi Suriyadagi joriy vaziyatni uzluksiz kuzatib, mintaqadagi hamkorlar bilan yaqindan aloqada qolmoqda.

Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchi Jeyk Sallivan favqulodda holatdan foydalanib, IShIDning qayta jonlanishi jiddiy xavotirga molik masala ekanini ta’kidladi.

AQSh Havo kuchlarining "B-52" "F-15" va "A-10" samolyotlari 8-dekabr kuni Suriyada IShIDga qarashli 75 ta obyektni bombardimon qilgan.

AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo'mondonligi hujum IShIDni yo'q qilishga qaratilgan missiyaning davomi ekani haqida bayonot bergan. Unda aytilishicha, operatsiya natijasida tinch aholi vakillari jabr ko'rmagan.

Suriyada AQShning 900 nafar harbiylari joylashgan. Vashington Suriyada hokimiyat almashayotgani AQSh harbiylarining ushbu mamlakatda xizmatni davom ettirishiga to'siq bo'lmasligini bildirgan.

AQSh kuchlari Suriyaning shimoli-sharqida joylashgan bo'lib, ittifoqchi kurdlar boshchiligidagi Suriya Demokratik Kuchlari bilan birga IShID guruhiga qarshi kurashadi.

AQSh Davlat departamenti bergan bayonotda Vashington Suriyada hokimiyatning tinch va inklyuziv almashinuvini qo’llab-quvvatlaydi. Vashington nazdida, 14 yillik ichki ixtiloflar yakunida Suriya xalqi oldida adolatli tuzum yaratish uchun real imkon yaralgan.

7-dekabr kuni Parijga safari chog’ida AQShning navbatdagi prezidenti Donald Tramp bu urush uning mamlakatiga taalluqli emasligini, Amerika Suriyaning ichki nizolariga aralashish pozitsiyasidan bormasligini ta’kidlagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG