Breaking News

Suriyada hokimiyat quladi, Rossiya Assadga boshpana bergan


Damashq, 8-dekabr, 2024
Damashq, 8-dekabr, 2024

8-dekabr tongda Suriyada muxolif guruhlar poytaxt Damashqni qo’lga olganidan so’ng hukumat qulab, Assadlar oilasining 50 yillik hukmronligiga nuqta qo’yildi.

Suriya davlat televideniyesida Prezident Bashar al-Assad hokimiyatdan ag’darilgani va barcha mahbuslar ozod etilgani haqidagi bayonot o’qib eshittirildi. Uni o’qigan shaxs, shuningdek, barcha isyonchi guruhlarni va fuqarolarni “erkin Suriya davlati” institutlarini saqlab qolishga chaqirgan.

Harbiy sud binosi, Damashq, 8-dekabr, 2024
Harbiy sud binosi, Damashq, 8-dekabr, 2024

Assad Suriya prezidenti sifatida iste’fo berib, mamlakatni tark etgani haqida uning ittifoqchisi Rossiya ma’lum qildi.

Bashar al-Assad va uning oilasi Moskvada, ularga siyosiy boshpana berilgan. Bu haqda Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda. Manbalarga ko’ra, Assadning rafiqasi va farzandlari noyabr oxirida Rossiyaga jo’nab ketgan.

Songgi bor Assad bir hafta oldin Eron tashqi ishlar vaziri bilan Damashqdagi uchrashuvda ko’ringan, o'shanda u isyonchilarni “yer tishlatishga” va’da bergan edi.

Poytaxt va boshqa shaharlarda aholi ko’chalarda, masjid va maydonlarda Assad hokimiyatdan ketganini nishonlamoqda.

Damashq, 8-dekabr, 2024
Damashq, 8-dekabr, 2024

Suriyada qariyb 14 yildan beri davom etayotgan fuqarolik urushi minglab odamning yostig’ini quritdi. Urushdan oldingi 23 million aholining yarmi uy-joyini tashlab ketgan.

Damashqda bayroqlarni ko’tarib Assadga qarshi shiorlar aytayotgan, “Alloh ulug'” deya hayqirayotgan olomon u hokimiyatdan ketganidan, muxolifat bir hafta ichida mamlakatni qo'lga olganidan hayratda.

Suriya armiyasi zobitlari va politsiyachilar ham postlarini tashlab ketishgan. Bir guruh odamlar Mudofaa vazirligiga, prezident saroyiga bostirib kirgan.

Suriya prezidenti rezidensiyasi, Damashq, 8-dekabr, 2024
Suriya prezidenti rezidensiyasi, Damashq, 8-dekabr, 2024

“Yangiliklarni eshitib, kechasi bilan uxlamay chiqdim. [Muxolif kuchlarga] Idlibdan Damashqqa atigi bir necha kunda yetib oldi. Xudoga shukr, ular bilan faxrlanamiz”, - deydi Muhammad al-Qulabi.

Tarixan hukumat tarafdori bo’lgan “Al-Vatan” gazetasi shunday yozadi:

“Suriya oldida yangi sahifa ochilmoqda. Qon to’kilishi davom etmagani uchun Xudoga shukr. Suriya barcha suriyaliklar uchun bo’lishiga ishonamiz”.

Gazetaning yozishicha, o’tmishda hukumat bayonotlarini chop etgani uchun OAV xodimlarini ayblamaslik kerak.

“Biz faqat ko’rsatmalarni bajarib, bizga berilgan yangiliklarni chop etganmiz. Bular yolg’on ekani tezda ma’lum bo’ldi”, deyiladi maqolada.

Damashq, 8-dekabr, 2024
Damashq, 8-dekabr, 2024

Bashar al-Assad mansub alaviylar guruhi ham bayonot chiqardi. Unda yoshlar “bosiq va oqilona bo’lishga, mamlakat birligini buzadigan jarayonlarga tortilmaslikka” chaqirilgan.

Suriya Bosh vaziri Muhammad G’ozi al-Jaloliy amaldagi hukumat muxolifat bilan ishlashga, o’z vakolatlarini o’tish davri hukumatiga topshirishga tayyorligini bildirdi.

Muxolif guruhlar 2018-yildan beri Damashqqa yetib bormagan edi. O’shanda Suriya armiyasi poytaxt atrofidagi hududlarni isyonchilardan qaytarib olgan.

7-dekabr kuni qurollangan guruhlar Suriyaning uchinchi eng yirik shahri Xomsdan hukumat kuchlarini siqib chiqargan. Ungacha esa Xalab va Hama hamda janubiy hududlarning aksar qismi bosib olingan edi.

"Fundamental adolat" qaror topdi

Prezident Jo Baydenning ta’kidlashicha, Bashar al-Assad boshchiligidagi Suriya hukumatining to’satdan qulashi o’nlab yillik repressiyalar ortidan “fundamental adolat” qaror topganidan dalolatdir.

Unga ko’ra, AQSh va ittifoqchilarining sa’y-harakatlari Rossiya, Eron va “Hizbulloh” guruhi zaiflashishiga olib keldi.

“Na Rossiya, na Eron, na “Hizbulloh” Suriyadagi bu jirkanch rejimni himoya qila oldi, - dedi AQSh rahbari Oq uydan qilgan murojaatida. - Yondashuvimiz Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatini o’zgartirdi”.

Suriyadagi voqealarga Donald Tramp ham o’z munosabatini bildirdi. Uning o’z ijtimoiy sahifasida yozishicha, Assad oilasi bilan mamlakatdan qochib ketgan, chunki uning yaqin ittifoqchisi “Vladimir Putin uni himoya qilishni ortiq ep ko’rmadi”.

Baydenning aytishicha, Assadni qulatgan ba’zi isyonchi guruhlarning o’zi terrorizm va inson huquqlarini toptashga aloqador. Ularga nafaqat so’zlariga qarab, balki amaldagi ishlariga qarab baho beramiz, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG