Bu hafta Toshkentda Qoraqalpog'istonda 2022-yilning iyulida yuz bergan xunrezliklar va tartibsizliklarni tekshirgan maxsus komissiyaning yakuniy xulosalari tinglangan. Aslida bu hisobot ancha oldin chiqishi kerak edi.
O'shanda minglab qoraqalpog'istonliklar O'zbekiston bosh qomusida Qoraqalpog'iston bilan bog'liq moddalar o'zgartirilishiga qarshi namoyishga chiqqan edi. Ular respublika konstitutsion jihatdan "suveren" bo'lib qolsin, respublika sifatida o'z huquqlarini boy bermasinl, deya talab qilgan.
Ommaviy chiqishlar qonli tus olib, xavfsizlik xodimlari va fuqarolar orasida to'qnashuvlarda, rasmiy hisobga ko'ra, 21 kishi halok bo'lgan. 413 kishi jarohatlangan, shundan 183 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bo'lgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukusga borib, ommani tinchlantirgan: konstitutsiyaning Qoraqalpog'istonga doir qismlari yangilanmaydi, deya va'da bergan.
Keyinroq 61 kishi qon to'kilishi ayblanib, sudlandi. Hammasi aybdor deb topildi. Bir qismi shartli jazoni uyidan o'tashiga ruxsat berildi, qolganlar qamoqda, jumladan uch ichki ishlar xodimi.
Voqealar ketidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tuzilgan bu komissiya o'zini mustaqil deb targ'ib qilgan. Biroq oradan ikki yildan oshiq vaqt o'tib ham hisobotdan darak yo'q edi. Buni xalqaro hamjamiyat, jumladan AQSh hukumati ham tanqid qilib chiqqan, chunki Vashington boshidanoq Toshkentni voqealarni o'z vaqtida va ishonchli tarzda tekshirib, tergov qilib, adolatni ta'minlashga chaqirgan.
26-dekabr kuni komissiya - Ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligida 14 nafar deputat, senator hamda nodavlat tashkilotlarning vakillari va jamoatchi faollar parlament palatalari kengashlari qo‘shma yig‘ilishida tafsilotlarni taqdim etgan.
2022-yilning iyun va iyulidagi beqarorlikning sabablari, xronologiyasi va oqibatlari, huquq tartibot organlarining harakatlari tahlil qilingan.
Kommissiya tavsiyalariga ko'ra o'sha yozda va undan keyin sudlarda yuzlab mahbuslar qo'yib yuborilgan.
Guruh a'zolari hibsxonalarda ayblanuvchilar bilan uchrashgan. Jinoyatlarda gumon qilinganlar bilan muloqotlar olib borgan, ularning oilalari bilan so'zlashgan. Ya'ni, komissiyaga ko'ra, adolat qaror topishi uchun imkon qadar harakat qilingan.
Fuqarolardan jami 600 dan ortiq murojaat hal etilgan, deya bildiradi komissiya. Yuzlab mutasaddilar va fuqarolar bilan suhbatlashilgan.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va boshqa qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilgan komissiya iltimosiga binoan, jinoyat ishi doirasida sudgacha qamoqqa olingan jami 168 nafar shaxsning 107 nafari, xusussan ikki ayol oilasiga qaytgan.
Hisobotda jami 943 kishi huquqbuzarliklar sodir etgani uchun ogohlantirilgan, deb ta'kidlanadi.
6 135 fuqaro ma’muriy jarimaga tortilgan. 2 639 odamga ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.
Tartibsizliklarda davlat xodimlari o'lgan, og‘ir tan jarohati olgan, xususiy va davlat mulkiga 6,8 milliard so‘m moddiy zarar yetgan.
Komissiya aniqlashicha, xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi va ommaviy tartibsizliklarni to'xtatish uchun suv va rangli suyuqlik purkovchi texnika va ko‘zdan yosh oqizuvchi maxsus granatalar qo'llagan.
Barcha sud jarayonlari, ya'ni 2022-2023 yildagi mahkamalar ochiq va shaffof o‘tkazilgan, deya baholaydi komissiya.
Guruh hukumatga qator tavsiyalar bergan:
– Kelgusida davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim qarorlarni qabul qilish jarayonida umumxalq muhokamasi bosqichida mazmun-mohiyatini, unda ishtirok etish mexanizmlarini fuqarolarga to‘laqonli tushuntirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilsin.
– Barcha darajadagi davlat hokimiyati organlariga muhim siyosiy va boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida ehtimoliy haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, chalg‘ituvchi va noxolis ma’lumotlar tarqalishi (dezinformatsiya) holatlariga o‘z vaqtida ta’sirchan munosabat bildirish tizimi yo‘lga qo‘yilsin.
– Fuqarolarga o‘z ijtimoiy faolliklarini amalga oshirish jarayonida o‘zga shaxslarning huquqlarini poymol qilishga yo‘l qo‘ymaslik va jamoat tartibiga rioya qilishning muhimligi izchil tushuntirib borilsin.
– Aholi ko‘p to‘planadigan va ko‘ngilochar joylarda bo‘luvchi fuqarolarning jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi salbiy xatti-harakatlari yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan doimiy profilaktik va tushuntirish kabi ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirilsin.
– Ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan foydalaniladigan maxsus vositalarni qo‘llash va tartibbuzarlarni tarqatish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni muntazam yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi asosida takomillashtirib borilsin.