Xalqaro hamjamiyat Qoraqalpog'istonda ikki yil oldin yuz bergan qonli voqealarni xotirlamoqda.
AQShning O'zbekistondagi elchisi Jonatan Henik 1-iyul kuni "X" sahifasidagi postida 2022-yilning iyulidagi g'alayonlarni eslab, ular yuzasidan oshkoralik ta'minlanishiga chaqirdi.
Henik nazarida, O'zbekiston Ombudsmani yetakchiligida ish olib borgan va o'zini "mustaqil" deb atagan komissiya Nukus va uning atrofida nimalar bo'lgani haqida hisobotini taqdim etishi kerak.
Komissiya rasman kamida 21 kishini hayotdan olib ketgan to'polonlar ketidan Oliy Majlis tomonidan tuzilgan edi. Unga qonunchilar, shuningdek, inson huquqlari himoyachilari kirgan.
"Amerika Ovozi" bilan muloqotda komissiya a'zolari o'z tekshiruv va kuzatuvlari borasida gapirib bergan, ammo yakuniy xulosalar hisobotda chiqadi, degan. Ikki yildan oshibdiki, undan darak yo'q.
Vashington "mustaqil komissiya" tashabbusini boshidan olqishlagan va Henik hisobot qani, deya so'rab kelayotgan xorijiy diplomatlardan biri.
Bosh qomusni yangilash, xususan, Qoraqalpog'iston Respublikasi maqomiga doir qismlarini o'zgartirish taklifiga nisbatan keskin qarshilik minglab qoraqalpoqlarni ko'chaga olib chiqqan.
Boshida tinch o'tgan namoyishlar 1-iyul kuni kechga borib, qonli tus olgan. Namoyishchilar va xavfsizlik xodimlari orasida to'qnashuvlar vujudga kelgan. Hudud internetdan uzilgan. Favqulodda holat e'lon qilingan.
O'zbekistonning qariyb 40 foiz hududini tashkil etuvchi Qoraqalpog'istonda vaziyat taranglashgani Toshkent va mamlakat bo'ylab vahima uyg'otgan.
O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Nukusga borib, xalqqa murojaat qilib, konstitutsiyaning Qoraqalpog'iston bilan bog'liq bandlari o'zgarmaydi, deya so'z bergan. Omma bilan hisoblashgan holda ish ko'riladi, degan edi.
2023-yilning 30-aprelida o'tgan referendum natijasida O'zbekiston bosh qomusi yangilandi, ammo Qoraqalpog'iston O'zbekiston ichidagi suveren respublika bo'lib qoldi. U o'z bayrog'i va boshqa milliy belgilariga ega. Respublikani uning parlamenti boshqaradi.
O'zbekiston hukumatiga ko'ra, Nukus voqealari tergov qilingan, javobgarlar jazoga tortilgan. 64 kishi sudlangan, ulardan, uch nafari huquq tartibot organlari vakillaridir.
1-3-iyul g'alayonlarida 500 dan ortiq kishi hibsga olingan. Keyinchalik ularning aksariyati qo'yib yuborilgan. "Mustaqil komissiya" bu qarorlarda uning hissasi borligini bildirgan.
Sudlanganlarning salmoqli qismi shartli jazo olgan. Eng uzoq muddatga qamalgani asosiy aybdor sifatida ta'riflangan bloger va yurist Dauletmurat Tajimuratovdir. U 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Yuqori sudga shikoyat bilan chiqqan Tajimuratovning hukmi o'zgartirilmagan. U separatizm ayblovini mutlaq inkor etgan.
Qoraqalpog'iston ajralib chiqmoqchi degan taxmin va xavotirlar, bunday talabni targ'ib qilayotganlikda qoralangan chetdagi qoraqalpoq faollarga nisbatan choralar tinmagan. Ular o'zlarini jafokash qoraqalpoqlar deya tanishtirib, ona vatani ravnaqi uchun gapirayotganini aytadi. Ulardan kamida ikkitasi O'zbekistonda jinoyatchi deb topilgan.
Ulardan biri - Aman Sagidullayev bo'lib, u boshchiligidagi "Alg'a Qaraqalpaqstan" harakati O'zbekiston Oliy sudining 2024-yilning 22-fevralidagi qarori bilan man etilgan.
Sagidullayev Norvegiyadan boshpana olgan. Qoraqalpog'iston sudi uni chetdan turib, vatanidagi barqarorlikka tahdid qilganlikda aybdor va 18 yillik qamoqqa loyiq deb topgan.
Qozog'istonda bir necha qoraqalpoq hibsga olingan, ayrimlari keyinroq qo'yib yuborilgan, qolganlari hamon panjara ortida. Toshkent qanchalik so'ramasin, ular O'zbekistonga ekstraditsiya qilinmagan.
Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" (HRW) xalqaro tashkiloti ham 1-iyul kuni bayonot chiqarib, O'zbekiston hukumatini Qoraqalpog'istonda qonun ustuvor bo'lishi va fuqaro erkinliklari hurmat qilinishi uchun harakatga undadi.
HRW ta'kidlashicha, O'zbekiston bilan hamkor davlatlar, xususan, G'arb bu masalaga ko'z yummasligi kerak.
Parijdagi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti singari bu muassasa ham Qoraqalpog'istonni o'ta qattiq bosim va taqiqlar ostida yashayotgan hudud deb biladi.
O'zbekiston hukumatiga ko'ra esa o'tgan yillarda Qoraqalpog'istonga yanayam ko'proq mablag' ajratilib, sarmoya jalb etilib, qurilishlar va biznes loyihalar oshgan. Respublikada turmush darajasi oldingiga qaraganda yuqori va imkoniyatlar kengaygan.
Orol dengizi qurishi oqibatida vujudga kelgan ekologik muammolarni bartaraf etish uchun BMT, Jahon banki va boshqalar bilan hamkorlikda choralar ko'rilayotgani ham bot-bot qayd etiladi.
HRW o'z tekshiruvlariga tayanib, xulosa qiladiki, Nukusda 2022-yilning yozida olomonni tinchitish uchun xavfsizlik organlari fuqarolarga nisbatan kuch ishlatgan, jumladan, og'ir turdagi granatalar.
Xalqaro qonunlar buzilgan va buning uchun mas'ullar javob berishi kerak, deyiladi tashkilot tahlilnomalarida.
"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan rasmiylar, Nukus va Toshkentda, Qoraqalpog'istonda tinchlik, birdamlik va adolatni ta'minlash uchun harakat ketayotganini aytadi.
Ularga ko'ra, nimaiki qilinayotgan bo'lsa, O'zbekiston davlati manfaatlaridan kelib chiqib, qadam tashlanmoqda.