Breaking News

Yakunlanayotgan 2024-yil O'zbekiston tashqi siyosati uchun qanday kechdi?


MDH rahbarlari Qozonda "Kelajak o'yinlari"ning ochilish marosimida, 21-fevral, 2024.
MDH rahbarlari Qozonda "Kelajak o'yinlari"ning ochilish marosimida, 21-fevral, 2024.

Xalqaro kuzatuvchilar tomonidan raqobatsiz baholangan 2023-yildagi prezidentlik saylovida g’alaba qozongan Shavkat Mirziyoyev 2024-yilni Xitoyga uyushtirilgan davlat tashrifi bilan boshlagan edi.

Bu tashrif Xitoy sarmoyasi uchun O´zbekiston eshiklarini yanada keng ochdi. Ayniqsa, avtomobilsozlik sohasida. Xitoyning “BYD” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzaxda elektromobillar ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirildi. Ammo avtomobil bozorida o`zgarish bo`lmadi, ayni toifadagi mahsulot O'zbekistonda xorijdagiga nisbatan ancha qimmatligicha qoldi.

O'zbekiston: Yil sarhisobi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:05 0:00

Davlat rahbarlari strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga doir qo’shma bayonot imzoladi. Mirziyoyev Pekindagi muzokaralarda “yagona Xitoy” tamoyiligi sodiqlik, “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashga tayyorlik izhor qildi.

May oyida Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan, Rossiyada mart oyida o`tgan raqobatsiz saylov g`olibi Vladimir Putinni kutib oldi. Muzokaralar davomida O’zbekistonda kam quvvatli atom stansiyalarini qurish bo’yicha kelishuv imzolandi.

O’zbekiston atom stansiyasini qurish masalasida Qozog’istondagi kabi referendum o`tkazmadi, munozarasiz Rossiya bilan bitim imzoladi.

Rossiya va O’zbekiston strategik sheriklik, ittifoqchilik bitimiga ega bo`lsa-da, bu yuksak maqom Rossiyadagi milliondan oshiq mehnat muhojirlari tahqirlanishi, kamsitilishiga barham bergani kuzatilmaydi. Aksincha, 2024-yil Rossiyadagi mehnat muhojirlari uchun eng og’ir yil sifatida qayd qilinmoqda.

Avgustda Qozog’istonda Markaziy Osiyo yetakchilarining oltinchi sammiti o´tdi. Maslahat uchrashuvi avvalgilari kabi biror muhim qaror qabul qilinishi bilan kuzatilmadi, agar bu safar sammitda prezident Ilhom Aliyev ham ishtirok etgani istisno qilinsa.

Sammitda Shavkat Mirziyoyev hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qo’shgan hissasi uchun taqdirlandi. Mintaqa liderlarining yettinchi sammiti 2025-yil O’zbekistonda o`tadi.

Sentabrda O´zbekistonga Germaniya kansleri Olaf Sholts tashrif buyurdi. Muzokaralarda kadrlarni tayyorlash, Germaniyaga ishchi kuchi jalb qilish bo`yicha kelishuvlar imzolandi. O’zbekistonda kasbga tayyorlovchi o’quv markazlari ochildi. Xalqaro tashkilotlar Germaniya kanslerini Mirziyoyev bilan uchrashuvda inson huquqlari, so`z erkinligi masalasini muhokama qilishga chaqirdi. Ammo bu borada muzokara borgani ma’lum emas.

Noyabr oyida Bishkekda Turkiy tilli davlatlar sammiti o’tdi. Turk davlatlari o`rtasida iqtisodiy, xavfsizlik, harbiy hamkorlik muhokama qilingan sammitda yagona alifboga o`tish masalasiga ham to’xtaldi. Bu borada tugal qarorga kelinmadi. “Tilda, fikrda, ishda birlik” shior qilingan sammitda turk davlatlari uchun yagona pul birligi lozimligiga ham ishora berildi.

Prezident Mirziyoyev 2024-yilni an’anaviy tarzda Rossiya safari bilan yakunladi. 25-26 dekabr kunlari Vladimir Putin taklifiga ko`ra MDH liderlarining norasmiy sammitida ishtirok etib qaytdi.

2024- yil davomida iqtisodda, siyosatda, ijtimoiy hayotda munozara qo’zg’agan ko’plab hodisalar, jarayonlar yuz berdi. “Amerika ovozi” yakunlanayotgan yilda mamlakat tashqi siyosatda burilish nuqtalarini belgilovchi asosiy voqealarga qisqa to’xtab o’tdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG