Breaking News

Tramp davrida AQSh-O’zbekiston hamkorligi qanday rivojlanadi?


Tramp davrida AQSh-O'zbekiston aloqalari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:06 0:00

AQShning 45-prezidenti Donald Tramp 47-prezident sifatida yana hokimiyatga qaytyapti. U 20 - yanvardan boshqaruvga kirishadi.

Tramp O´zbekiston rahbarini Oq uyda qabul qilgan sanoqli liderlardan. AQShning 45-prezidenti taklifiga ko`ra amalga oshgan bu uchrashuv 2018- yilga, Trampning ham, Mirziyoyevning ham birinchi prezidentlik muddatiga to’g’ri kelgan edi. Oq uydagi muzokaralar Mirziyoyev hokimiyatining islohotlar va’dasi o’z cho’qqisiga chiqqan paytlarda yuz bergan.

Muzokaralar AQSh-O´zbekiston strategik sherikligining yangi bosqichi, tarixiy safar sifatida taqdim qilindi; Mirziyoyev Vashingtonda nafaqat AQSh prezidenti, senatorlar, shuningdek, Mudofaa vazirligi, yirik biznes vakillari bilan ham uchrashuvlar o`tkazgan edi.

Orqadan ikki yil o`tib prezident Tramp boshqaruvdan ketdi, saylovda amaldagi Prezident Joy Baydenga mag’lub bo`ldi. Ikkinchi muddat uchun saylovlarda yirik g’alabaga erishgan Mirziyoyev Bayden hokimiyati bilan hamkorlikka kirishdi. Bayden boshqaruvi davomida Oliy darajadagi muzokara asosan AQSh-Markaziy Osiyo (C5+1) formati bilan cheklandi; ikki tomonlama munosabatlar mo’tadil kechdi.

AQShda 20-yanvardan Tramp boshqaruvga kelar ekan, uning ikkinchi boshqaruvi birinchisidan keskin farq qilishiga doir farazlar bor. Bu Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston bilan munosabatlarda qanday o`zgarishlar qilishi hozircha noma’lum.

Ekspertlar Trampning hokimiyatga kelishi aksariyat dunyoda xavotir uyg’otayotganini ta´kidlaydi. Bu manzarada Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat bir qadar xavotirlardan xoli ham ko`rinadi.

Tramp bilan bevosita muzokara o`tkazgan mintaqa liderlaridan biri Mirziyoyev hamon hokimiyatda, konstitutsiyaviy islohotlar evaziga uchinchi muddatga ham saylanishga erishdi. Mirziyoyev Trampning hokimiyatga qaytishini olqish bilan kutib oldi, aloqalar yanada rivojlanishiga umid qilmoqda.

Ammo Tramp qaytishi ortidan geosiyosiy vaziyat Markaziy Osiyo uchun ham ancha o`zgarishi mumkin. Tahlilchi Alisher Ilhomovga ko`ra, Tramp hozirgacha Markaziy Osiyo haqida biror fikr bildirmadi, katta ehtimol bilan bu munosabat Trampning Rossiya va Xitoyga nisbatan siyosati qanday bo`lishiga bog’liq.

“Tramp hozircha Markaziy Osiyoga diqqat qaratayotgani yo´q. Nazarimda, bu siyosatning qanday bo`lishi esa ikki yirik davlat Rossiya va Xitoy bilan munosabatlar rivojlanishiga qarab shakllantiriladi, ayniqsa O’zbekiston, Markaziy Osiyo davlatlari shu ikki qudratning manfaatlari kesishgan nuqtada joylashgani, ko’p narsalarda ulardan taqozo etishi inobatga olinsa. Bu yerda AQSh Rossiya va Xitoyga nisbatan ziddiyat yo’lini tanlaydimi yoki konstruktiv mulqotnimi, bu muhim ahamiyat tutadi. Chunki Tramp Xitoyga nisbatan keskinlikni, Rossiya bilan esa muloqot yo`lini tanlashiga doir farazlar bor”, - deydi Ilhomov.

Tramp hokimiyatga kelishi ortidan Putin bilan muloqotga kirishishiga doir ma’lumotlar anchadan buyon bor. Tramp qasamyodi arafasida o`tkazgan so`nggi matbuot anjumanida ham buni ehtimol qildi, ammo bu muloqot asosan Ukraina urushi, bu urushni to’xtatishga doir muzokaralar bilan bog`liq. Ilhomovga ko`ra, Rossiya tomonini Tramp ma`muriyati bilan kutayotgan muloqoti faqatgina Ukrainadan iborat bo`lmaydi, aksincha Rossiya geosiyosiy maydondagi manfaatlarni qayta taqsimlash rejasini muzokaraga qo’ymoqda.

“Kreml ta’sir doiralarini bo`lib olishni taklif qilyapti. Sobiq ittifoq hududlarida Moskvaning alohida huquqiga da’vogar. Ular rasman mustaqil bo`lishiga qarmay tashqi siyosatini, kim bilan hamkorlik qilishi, qanday ittifoqlarga birlashishini, G´arb davlatlari bilan aloqalarini nazorat qilmoqchi. Agar Tramp bu imeriyacha talablarga ko’nadigan bo`lsa, Rossiyani mintaqaga nisbatan bosimiga panja ortidan qarab turaveradi. Agar Tramp buni rad etib, mintaqa davlatlari mustaqilligi himoya qilib chiqsa, Markaziy Osiyo bilan munosabat boshqacha tus olishi, jumladan xavfsizlik, harbiy sohalarda ham hamkorlik kuchayishini kutish mumkin”, - deydi Alisher Ilhomov.

AQSh va O´zbekiston strategik sherik davlatlar. Bu haqdagi deklaratsiya 2002-yilda imzolangan. 2021-yilga kelib esa strategik sheriklik doirasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muloqot tashkil qilindi, dastlabki yig’ilishi Toshkentda o`tkazildi.

Donald Tramp Mirziyoyev bilan muzokarasida ikki o´rtadagi strategik sheriklik muhimligini alohida ta´kidlab o`tgan, ammo uning navbatdagi boshqaruvi davrida bu strategik sheriklik qanday rivojlanishi hozircha mavhum.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG