AQSh Prezidenti Donald Tramp mamlakat janubiy chegarasida milliy favqulodda vaziyat e’lon qilib, uni qo’riqlash uchun harbiylarni safarbar etmoqda.
AQShning Meksika bilan chegarasida joylashgan 2500 askarga yana 1500 nafari qo’shildi.
“Prezident Tramp dunyo bo’ylab odamlarga kuchli signal yubormoqda. Agar Amerika Qo’shma Shtatlarining qonunlarini buzish haqida o’ylanayotgan bo’lsangiz, uyingizga qaytarilasiz, hibsga olinasiz, sudga tortilasiz. Kelmang”, - deydi Oq uyning yangi matbuot kotibasi Karolin Levit.
Oq uyga ko’ra, chegara tomon yuborilgan harbiylar uni nazorat qilishda, migrantlarni topishda, to’siqlarni o’rnatishda huquq-tartibot organlari vakillariga yordam beradi. Yana bir necha haftadan so’ng chegarada harbiylar soni oshirilishi kutilmoqda.
Ba’zilarining o’zini himoya qilish uchun yengil jihozlangani aytilarkan, harbiylar migrantlarni hibsga olish bilan shug’ullanmaydi. AQSh qonuni harbiylarga mamlakat ichida huquq-tartibot organlari funksiyalarini bajarishni man qiladi.
Hukumatni ag’darishga qaratilgan isyonni bostirish holatlari bundan mustasno. Bunday vaziyatlarda harbiylarga hibsga olishga va tintuv o’tkazishga ruxsat beriladi.
“Tramp muammoni havodan o’ylab topayotgani yo’q. U boshqa rahbarlarga va ayniqsa Oq uyda o’zidan oldingi demokratlarga qaraganda chegarani mustahkamlash uchun kuchliroq chora ko’rishga tayyor”, - deydi Vashingtondagi Brukings institutidan ekspert Maykl Oxanlon.
Bojxona va chegara xavfsizligi xizmati agentlari tomonidan ushlangan minglab migrantlar mamlakatdan haydalmoqda. Ularning bir necha guruhi Gvatemalaga qaytarildi.
Yakshanba kuni Kolorado shtatida mamlakatga noqonuniy ravishda kirgan taxminan 50 ta migrant hibsga olindi, ko’pining venesuelalik jinoiy to’daga aloqadorligi aytilmoqda.
Tungi klubga reyd paytida qoradori, qurollar va naqd pul topilgan.
Prezident Tramp chegara xavfsizligi uchun mas’ul deb tayinlangan Tom Xoman reydlar paytida milliy xavfsizlik va jamoatchilikka tahdid solayotganlikda gumon qilinayotgan odamlar qo’lga olinayotganini aytarkan, maktablar va cherkovlarda ham tintuvlar o’tkazish ehtimolini hisobdan chiqarmadi.
"Agar agentlar bunday maskanlarda milliy xavfsizlik yoki jamoat xavfsizligiga tahdid mavjud deya xulosa qilsa, ularda hibsga olishga imkoniyat bo’lishi kerak”, - dedi Xoman.
Noqonuniy migrantlar vataniga deportatsiya qilinar ekan, Kolumbiya AQShdan uchgan ikkita harbiy transport samolyotini qabul qilmadi. Bundan g’azablangan Tramp Kolumbiyaga tariflar va sanksiyalar qo’yishni, kolumbiyalik siyosatchilarga viza cheklovlarini joriy etishni buyurdi.
Tramp Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petroni AQSh milliy xavfsizligini tahdid ostiga qo’yayotganlikda aybladi.
Shundan bir necha soat o’tgach Petro deportatsiyaga uchragan vatandoshlarini qaytarish uchun o’z samolyotini yuborishi haqida ma’lum qildi. Yakshanba oqshom Oq uy ikki taraf bu masalada kelishib olganini, Kolumbiyaga sanksiyalar qo’yish zarurati yo’qolganini bildirdi.
Bungacha Meksika ham AQShning migrantlar o’tirgan harbiy samolyotini qabul qilishdan bosh tortdi.