Xalqaro Mehnat tashkilotining hisobotiga ko‘ra, migrantlar global iqtisodiyotda muhim rol o‘ynaydi. Ular chet elda muhim ish joylarini egallash bilan birga, vatandoshlariga moliyaviy yordam — pul o‘tkazmalarini yuboradi.
Hisobot Donald Tramp prezidentlik lavozimiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda e’lon qilindi. Tramp millionlab hujjatsiz muhojirlarni AQShdan deport qilishga va’da bergan.
Prezidentlik kampaniyasi davomida u muhojirlarni iqtisodiy resurslarni kamaytirishda va mahalliy amerikaliklarning ish o‘rinlarini egallashda ayblagan.
Xalqaro Mehnat tashkiloti (ILO) esa migrantlar, odatda, kirib boradigan davlatlarga ham, tark etadigan davlatlariga ham iqtisodiy jihatdan ijobiy foyda keltiradi, deb hisoblaydi.
“Migrantlar o‘zlari kelgan davlatlarda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi, vatandoshlariga esa pul o‘tkazmalari va malaka almashinuvi orqali yordam beradi”, - deydi tashkilotining mehnat sharoitlari va tenglik bo‘limi direktori Sukti Dasgupta Jenevada jurnalistlar bilan muloqotda.
Xalqaro Mehnat tashkilotining bosh mutaxassisi Rafael Diyes de Medina esa, hisobot ayrim odamlarning “migrantlar mahalliy aholining ish o‘rinlarini tortib olmoqda” degan da’volarini rad etishini ta’kidladi.
“Migrant ishchilar ko‘pincha kam haq to‘lanadigan yoki maxsus malakani talab qiladigan ish joylarini egallaydi, ko‘pincha mavsumiy ishchilar sifatida faoliyat yuritadi va ular mahalliy ishchi kuchini siqib chiqarmaydi, aksincha, to‘ldiradi”, - dedi u.
“Ba'zi hollarda raqobat bo‘lishi mumkin, ammo migrantlarning mahalliy aholining ish o‘rinlarini tortib olishi haqida aniq dalillar yo‘q”, - deya izohlaydi u.
“Xalqaro Mehnat Tashkiloti hisobotida migrantlar sifatida barcha xorijda tug‘ilgan shaxslar ko‘rib chiqiladi. Bu shaxslar mezbon davlatning mehnat bozorida ishtirok etayotgan bo‘lsa — ular ishlayotgan yoki ishsiz bo‘lishidan qat’i nazar — hisobga olinadi”, - dedi Diyes de Medina. – “Ya'ni, hujjatli yoki hujjatsiz, mezbon mamlakatda ishlashga ruxsatnomasidan bor yoki yo’qligidan qat’i nazar, barchasi bizning statistik ma’lumotlarimizga kiritilgan”.
Hisobot 2022-yilga oid 189 mamlakat va hududni qamrab olgan holda mehnat bozoridagi migrantlarning global va mintaqaviy baholarini taqdim etadi. Bu o‘sha davrdagi dunyo aholisining 99 foizini ifodalaydi.
Migrant ishchi kuchi ortib bormoqda
Hisobotga ko‘ra, 2022-yil xalqaro mehnat bozorining bir qismi sifatida 167,7 million migrant faoliyat yuritgan bo‘lib, ular dunyo bo‘ylab ishchi kuchining 4,7 foizini tashkil qilgan.
2013-yildan beri global migrant ishchi kuchi 30 milliondan ortiq ko‘paygan, ammo 2019-yildan 2022-yilgacha o‘sish sur’ati yiliga bir foizdan kamroqni tashkil etgan. Bu asosan COVID-19 pandemiyasining ta’siri bilan bog‘liq.
Xalqaro Mehnat tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoning ayrim mintaqalarida migratsiya tendensiyalari o‘zgarishiga qaramay, umumiy migrant ishchilar tarkibi nisbatan barqaror bo‘lib qolgan: erkaklar taxminan 61 foizni, ayollar esa 39 foizni tashkil etadi.
Hisobotga ko‘ra, xalqaro mehnat bozoridagi migrantlarning taxminan 68 foizi yuqori daromadli mamlakatlarda, jumladan, Shimoliy, Janubiy va G‘arbiy Yevropa, Shimoliy Amerika hamda Arab davlatlarida yashaydi.
"Migrantlar yuqori daromadli mamlakatlarda ko‘proq to‘plangan, chunki ularni bu yerga yuqori turmush darajasi va ko‘proq ish imkoniyatlari jalb qiladi," - deydi Dasgupta.
“Aksariyat migrantlar xizmat ko‘rsatish sohasida ishlaydi, shuningdek, ayol migrantlar asosan yuqori daromadli mamlakatlarda ish topadi va shu yerda faoliyat olib boradi”, - deydi u.
Diyes de Medinaning ta'kidlashicha, hisobotda keltirilgan baholar yangi va takomillashtirilgan metodologiyaga asoslangan bo‘lib, bu avvalgidan ko‘ra batafsilroq tahlillarni taqdim etish imkonini beradi.
2022-yil Xalqaro Mehnat tashkiloti migrantlar orasida ishsizlik darajasi 7,2 foizni tashkil etganini, bu ko‘rsatkich migrant bo‘lmaganlar orasida 5,2 foizni tashkil etganini qayd etdi. Ishsiz qolganlar orasida migrant ayollar soni erkaklarnikiga qaraganda ko‘proq.
Migrantlar orasidagi ishsizlik darajasining yuqoriligi til bilmaslik, malakaning tan olinmasligi, diskriminatsiya va bolalar pavarishida imkoniyatning cheklanganligi kabi bir necha omillar bilan bog‘liq.
Migrantlar va huquqiy himoya
Diyes de Medina migrant ishchilarning huquqlarini himoya qilish zarurligini, migrantlar ishlayotgan mamlakatlar ularni ijtimoiy va mehnat himoyasi bilan ta'minlashi kerakligini, ayniqsa, uy xizmatlarida ishlaydigan migrant ishchilar mehnat qonunlari bilan qamrab olinishi lozimligini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, migrant ishchilar jamiyatga yuk emas, balki foyda keltiradi va “xususan, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi kabi ayrim sohalarda global iqtisodiyot uchun zarurdir”.
“Agar migrant ishchilar harakatiga katta cheklovlar qo‘yilsa, mezbon davlatlarda ayrim sohalarda ishchi kuchi yetishmovchiligi yuzaga keladi”, - dedi u.
Dasgupta migrantlar mezbon davlatlarning iqtisodiyotiga soliqlar, ijtimoiy sug‘urta to‘lovlari va boshqa yo‘llar orqali sezilarli hissa qo‘shishini tasdiqladi.
“Migrantlarning bandlik darajasi ko‘pincha yuqoriroq, ayniqsa, ikkinchi avlod migrantlari jamiyatga ko‘proq hissa qo‘shadi”, - deya ta’kidlaydi u.