Prezidentlikka kirishishga hozirlik ko’rayotgan Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida immigratsiya muammosiga jiddiy e’tibor qaratishini bildirgan. Yangi ma’muriyat muhojirlarning AQShga kirishini keskin cheklamoqchi.
Prezidentlik saylovi kampaniyasi paytida Donald Tramp chegara xavfsizligini kuchaytirishga, hujjatsiz muhojirlar oqimiga chek qo’yishga, ularni hibsga olib, deportatsiya qilishga so’z bergan.
“Amerika tarixida eng katta deportatsiyaga qo’l uramiz. Boshqa ilojimiz yo’q. Yo’q ilojimiz. Chunki hech bir mamlakat bunday sharoitga dosh berolmaydi”, - degan edi u aprel oyida.
Tramp noqonuniy muhojirlarni saqlash uchun hibsxonalarni kengaytirishi, ularning arizalari ko’rilgunga qadar qo’shni Meksikada qolishga majburlovchi siyosatga qaytishi mumkin.
Tramp “chegara qiroli” lavozimiga tanlagan Tom Xomanning aytishicha, noqonuniy immigratsiya cheklansa, aholi va mamlakat xavfsizligi ham yaxshilanadi.
"Bu mamlakatda biz ko'rgan eng katta noqonuniy immigratsiya inqirozi ortidan ommaviy deportatsiya operatsiyasi bo'lishi kerak”, - deydi u.
Immigratsiya masalalari bilan shug’ullanuvchi ayrim mutaxassislarga ko’ra, ommaviy deportatsiya aksincha xavfsizlikka zarar yetkazadi, chunki muhojirlar o’zlari guvoh bo’lgan jinoyatlar haqida xabar berishdan qo’rqib qoladi.
“Odatda jinoyatlar haqida AQSh fuqarolariga qaraganda muhojirlar politsiyaga ko’proq xabar beradi. Tadqiqotlar natijalari shuni takror ko’rsatadiki, muhojirlarga bosim kuchli joylarda jinoyatlar yoki immigrantlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlardan boxabar qilish sur’ati tushib ketadi”, - deydi Vashingtondagi Kato institutidan Deyvid Bayer.
Migrantlar oldin jinoyat sodir etmagan bo’lsa, immigratsiya sudi qarorigacha ozodlikda yurishi mumkin edi, biroq yangi ma’muriyat ularni hibsga olishini bildirgan.
“Agar rezidentlikni qonuniy ravishda qo’lga kiritgan bo’lsam, hujjatni yonimda olib yurgan bo’lardim”, - deydi advokat Deyvid Leopold.
Tramp vakillari nazarida, bunday choralar jinoyatning oldini oladi. Bayer oldin bunday bo’lmaganini aytadi.
“Ommaviy deportatsiya jiddiy qonunbuzarlarga e’tiborni kamaytiradi. Trampning birinchi prezidentlik muddati paytida jiddiy jinoyatchilar bilan shug’ullanishga qaratilgan talablar bekor bo’ldi va natijada immigratsiya xizmati jinoyat sodir etmaganlarni ikki baravar ko’p hibsga oldi”, - deydi tahlilchi.
Shu bilan birga Bayer chegaradan o’tayotgan jinoyatchilar soni uch karra oshganini ta’kidlaydi. Tramp 20-yanvarda, prezidentligining ilk kunidanoq immigratsiya masalasida chora ko’rishini aytib keladi.