Breaking News

Donald Trampni g'alabaga yetaklagan omillar


2024-yilgi AQSh prezidentlik saylovida Donald Tramp 50 ta shtatning aksariyatida yutib, Oq uydagi ikkinchi muddatini qo’lga kiritdi.

Trampning g‘alabasidagi ortidagi asosiy kuch bu - oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan oq tanli amerikaliklar. Ammo agar Tramp odatda demokrat nomzodlarni qo'llab-quvvatlovchi guruhlar orasida o'z ko'rsatkichini yaxshilamaganida, g'alaba imkonsiz bo’lardi.

U ispanzabon va osiyolik amerikalik katta sonda yashovchi hududlarda ko‘proq ovoz to‘pladi. Trampning Bayden ma'muriyatini iqtisodiyot va immigratsiya bo’yicha tinmasdan tanqid qilishi ish bergan ko’rinadi.

Tarixan Demokratik partiyani qo‘llab-quvvatlab kelgan qora tanli aholining bu galgi saylovda ishtirok darajasi ham avvalgi yillarga nisbatan past bo‘ldi, bu esa Kamala Harris uchun qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirdi.

“CNN” telekanali tomonidan 22-noyabr kuni yangilangan tuman darajasidagi ma'lumotlar tahliliga ko‘ra, har 10 ta okrugdan qariyb 9 tasida Trampning 2024-yildagi ovoz ulushi 2020-yildagidan yaxshilangan.

“Natijalar kutilgandan yaxshi bo’ldi”

Qo'shma Shtatlardagi saylov ma'lumotlarini to'plash bilan shug'ullanuvchi “Decision Desk HQ” tashkiloti prezidenti Dryu Makkoyning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Tramp bir qancha demografik guruhlar ovozini olishga erishgan.

“Bizda ancha ma’lumotlar bor va Tramp barcha yo‘nalishlarda ancha yaxshi natijalar ko‘rsatdi”, - dedi Makkoy. Uning qayd etishicha, saylangan prezident oq tanli, ispan va osiyolik amerikalik saylovchilar orasida qo‘llab-quvvatlovni oshirishga muvaffaq bo‘lgan.

Xotin-qizlar yoppasiga Kamala Harrisga ovoz beradi degan bashorat amalga oshmadi. Ayol saylovchilar Harrisni qat'iy qo‘llab-quvvatlagandek tuyulgan bo‘lsa-da, Makkoyning aytishicha, bu farq Trampning so‘nggi ikki prezidentlik sayloviga nisbatan deyarli o‘zgarmagan.

Ispanzabon aholi orasidagi o‘zgarish ayniqsa sezilarli bo’ldi, dedi u. Masalan, Meksika bilan chegarada joylashgan Rio Grande vodiysida Trampning ovoz ulushi keskin oshdi. Florida shtatidagi Mayami-Deyd okrugida, 2016-yilda Hillari Klinton 30 foizlik ustunlik bilan g‘alaba qilgan bo‘lsa, Tramp bu safar 13 foiz farq bilan g‘alaba qozondi.

Ovozlar

AQShda prezidentlik saylovlarida kim g’olib bo’lganini saylov kollegiyasi belgilaydi, nomzod to’plagan umumiy ovozlar soni emas. Ammo Tramp so‘nggi 20 yilda umumiy ovozlar soni bo’yicha ham ustunlikka erishgan birinchi respublikachi nomzod bo‘ldi.

“AP” axborot agentligi hisobiga ko’ra, Tramp ovozlarning 50 foizini, Harris esa 48,4 foizini qo‘lga kiritgan, qolgan ovozlar esa uchinchi tomon nomzodlari orasida tarqalgan.

Umuman olganda, 5-noyabr saylovida 151 milliondan ortiq amerikaliklar ovoz berdi, bu 2020-yilda, Tramp Jo Baydenga yutqazgan paytda, berilgan ovozlardan taxminan 4 millionga kam. Tramp bu gal taxminan 77 million ovoz oldi, bu 2020-yildagi ko‘rsatkichidan deyarli 3 millionga ko‘p.

Saylov kollegiyasida g‘alaba qozonish uchun Trampga 270 ta ovoz kerak edi. U 312 ovoz oldi, bu elektoral ovozlarning 58 foizi degani.

Tarixiy nuqtai nazardan qaraganda, bu katta foiz emas. Ko‘plab prezidentlar 75 foizdan oshiq elektoral ovoz bilan g‘alaba qozongan. Biroq 2000-yildan beri o‘tkazilgan yetti prezidentlik saylovidan faqatgina Barak Obama 2008 va 2012-yillarda 58 foizdan ko‘proq elektoral ovoz olgan.

Hal qiluvchi shtatlar

Demokrat Kamala Harris va respublikachi Donald Tramp oʻrtasidagi poygada natija yaqin bo’lishi kutilgan shtatlar quyidagilar edi: Pensilvaniya, Jorjiya, Shimoliy Karolina, Michigan, Arizona, Viskonsin va Nevada.

2020-yilda Tramp Shimoliy Karolinadan tashqari bu shtatlarning barchasini Baydenga yutqazgan edi, bu bu safar esa hammasini qo’lga kiritdi, ba’zilarida katta farq bilan.

Arizona shtatida 2020-yilgi saylovda Jo Bayden Trampdan 10 mingta ko’proq ovoz olgan. 2024-yilda Tramp bu shtatda Baydendan 200 mingta ko’proq ovoz oldi. Ushbu o‘zgarishning asosiy sababi ispanzabonlarning ko‘pchiligi Tramp tomonga o‘tganidir.

Michigan shtatining bir yirik shaharlarida arab-amerikalik saylovchilar Harrisga to‘siq bo‘ldi. Bayden ma'muriyatining G‘azo va Livandagi urushlar davomida Isroilni qo‘llab-quvvatlashi ko‘plab arab-amerikaliklarning jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi va bu Trampning yutishiga yordam berdi.

Masalan, arab-amerikaliklar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Diyeborn shahridagi ayrim uchastkalarda, 2020-yilda Bayden 88% ovoz olgan bo‘lsa, bu safar Harris nafaqat Trampga yutqazdi, balki Yashil partiya nomzodi Jill Steyndan ham past o‘rin egallab, uchinchi o‘ringa tushib qoldi.

Xavfsiz va ishonchli

Saylovdan oldin ovoz berish jarayonining biror shaklda buzilish ehtimoli borasida jiddiy xavotirlar mavjud edi. Tramp tez-tez firibgarlik bo’lishini da'vo qilgan.

Haqiqatan, xorijiy davlatlardagi guruhlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib, saylovga bo’lgan ishonchga putur yetkazishga harakat qilganida doir ko‘plab dalillar mavjud edi.

2020-yildagi saylovda bir qator muhim shtatlarda ovozlarni sanash bir necha kun davom etgan. Bu safar ham g‘olibni e’lon qilish cho’zilishi mumkin edi.

AQShdagi saylovlarni kuzatadigan tashkilotlarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ushbu saylov tashkil etilishi va boshqarilishi jihatidan muvaffaqiyatli bo‘ldi.

“Katta miqdordagi dezinformatsiya, Rossiya kabi xorijiy raqiblarning soxta videolar tarqatishi, portlovchi qurilma tahdidlari va bir necha ovoz berish qutilariga o‘t qo‘yilganiga qaramay, saylov xavfsiz va himoyalangan tarzda yakunlandi. Bularning barchasi muvaffaqiyatli boshqarildi va juda yaxshi o‘tdi”, - deydi Deyvid Beker, Saylov innovatsiyasi va tadqiqotlari nomli markaz direktori.

“Aniq natijalar bo‘ldi va saylov uchastkalari yopilganidan keyin 12 soat ichida OAV tomonidan g‘olib e’lon qilindi. Sertifikatlash bo‘yicha ham hech qanday muammolar yuzaga kelmadi. Bu butun mamlakat bo‘ylab saylovlarni boshqaradigan mutaxassislarning hayratlanarli yutug‘idir”.

“2024-yilgi saylov juda yaxshi o‘tdi, bunga saylov xizmatchilarining katta tayyorgarligi va mashaqqatli mehnati sabab bo‘ldi”, - dedi yana bir mutaxassis Mark Lindeman, “Verified Voting” tashkiloti vakili.

“2016-yildan boshlab so‘nggi sakkiz yilda butun mamlakat saylovlarga oid kiberxavfsizlik masalalariga jiddiy e’tibor qaratdi. Treninglar va resurslarning sifati ham sezilarli darajada yaxshilandi”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG