Breaking News

Bayden ma'muriyati yashil loyihalar uchun milliardlab dollar ajratmoqda


Bayden ma’muriyati toza energiya, xususan shamoldan quvvat olish loyihalari uchun milliardlab dollar ajratmoqda. Jo Bayden 2025-yilning yanvarida prezidentlik muddati tugashidan oldin iqlimga doir yirik tashabbuslarni tatbiq etishga bel bog’lagan.

Saylov kampaniyasi paytida Donald Tramp, agar Oq uyga qaytsa, Bayden davrida ovozdan o’tgan loyihalarda sarflamay qolgan mablag’larni bekor qilishga, shamol fermalari qurilishini to’xtatishga va’da bergan edi.

So’nggi oylarda ekologik grantlar ajratish, yashil loyihalarni tasqidlash jarayoni tezlashdi. Xususan, Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi turar joylarda issiqlik nasoslari o’rnatish va elektromobillarni zaryadlash stansiyalari qurish uchun federal “yashil bank”dan 20 milliard dollar ajratdi.

Shuningdek, Okean energiyasini boshqarish byurosi yana bir ofshor shamol fermasini qurishga ruxsat berdi. Baydenning rejasiga ko’ra, bunday fermalar 2030-yilgacha 30 gigavatt energiya ishlab chiqarishi kerak.

Milliarlab dollarlik loyihalar

Sentabr oyining o’zida AQSh Energetika vazirligi 1 millard dollar va undan ko’proq miqdorda oltita proyekt e’lon qildi, jumladan batareya ishlab chiqarish uchun 3 milliard dollar va Michigan shtatida atom zavodini qayta ishga tushirish uchun 1,5 milliard dollar.

Bundan tashqari, shaharlarga qo’rg’oshinli quvurlarni almashtirish uchun 10 yillik muddat belgilandi va shu maqsadda 2,6 milliard dollar ajratiladi.

Inflyatsiyani kamaytirish to’g’risidagi qonun doirasida ajratilgan mablag’lardan tashqari, 2021-yilgi infratuzilma va 2022-yilgi CHIPS va ilm-fan qonunlari ham bor. Bir trillion dollarlik infratuzilma qonunida yo’llar, ko’priklar, portlarni yangilash uchun moliya ajratilgan. CHIPS esa AQShda mikrosxema ishlab chiqarish sanoatini kengaytirishni ko’zlaydi.

“Oq uyda ham, federal idoralarda ham rahbarlar o’zgarishi ushbu dasturlarni tezroq amalga oshirishga turtki bermoqda”, - deydi “Rodium Grup” tadqiqot kompaniyasi vakili Trevor Xauser.

Yil oxirigacha imkon qadar ko’proq loyihalarni tasdiqlatib olish uchun bosim sezilyapti, deydi Mett Lokvud, bizneslarga enegetika bo’yicha maslahat beruvchi “DNV” kompaniyasi vitse-prezidenti.

Iqlim loyihalarini o’z ichiga olgan inflyatsiyani kamaytirish to’g’risidagi qonun doirasida qilinayotgan sarmoyalar AQShda zararli gazlar miqdorini 2030-yilgacha 40 foizga kamaytirishni ko’zlaydi.

“Baringa” kolsanting firmasi tahliliga ko’ra, Donald Tramp Oq uyga saylanishi toza energiya manbalariga o’tish jarayonini to’xtatishi mumkin, ammo bu Kongress palatalarini qaysi partiya nazorat qilishiga ham bog’liq.

Agar qarshilikka duch kelmasa, Tramp iqlim to’g’risidagi qonunni bekor qilib, qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni sezilarli darajada sekinlashtirishi, AQShni uzoq muddatga ko’mir va gazga bog’lab qo’yishi ehtimoli bor, deydi “Baringa” iqtisodchisi Kaspian Konran.

Inflyatsiyani kamaytirish to’g’risidagi qonun Kongressda faqatgina demokratlar ovozi bilan tasdiqlangan, hal qiluvchi ovozni Vitse-prezident Kamala Harris bergan edi.

Neft

Sentabr oyidagi teledebatda Harris Bayden ma’muriyati davrida “mahalliy neft qazib olish rekord darajada o’sgani” bilan maqtandi. Chet el neftiga qaram bo’lmasligimiz kerak, dedi u.

“Baringa” tahliliga ko’ra, Tramp rejalayotgan qarorlar 2030-yilgacha zararli qazlar miqdorini 12 foizga oshirishi mumkin. Bu taxminan 660 tonna karbonat angidrid degani.

“Bu ma’lum darajada vaqtga qarshi poygadir. Toza energiyaga o’tishni besh yilga kechiktiramiz desangiz, uncha ko’p ko’rinmaydi. Aslida bu juda uzoq vaqt”, - deydi Konran.

Global haroratni isitayotgan karbonat angidrid chiqarish bo’yicha AQSh dunyoda ikkinchi o’rinda turadi. “Baringa” tahliliga ko’ra, Trampning birinchi prezidentlik davrida zararli gazlar miqdori 9 foizga oshgan, Bayden davrida esa 11 foizga kamaygan.

“E2” ekologik tadqiqotlar tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, AQShda kompaniyalar so’nggi ikki yil ichida 340 ga yaqin yirik toza energiya loyihalarini e’lon qilgan. Ularning 60 foizi respublikachilar hukmron hududlarda, garchi bu partiya qonunga tish-tirnog’i bilan qarshi bo’lsa-da.

Vakillar palatasidagi 18 nafar respublikachi qonunchilar energetika sohasida ish o’rinlari yaratuvchi soliq imtiyozlarini saqlab qolish istagini bildirmoqda.

Toza energiyaga to’liq o’tish, boshlangan ishlar keyingi ma’muriyatda ham davom etishini taqozo etadi, deydi “Toza havo” tashkiloti direktori Konrad Shnayder.

“Toza energiya mamlakatning barcha shahar-qishloqlari uchun, ular qaysi partiyaga ergashishidan qat’i nazar, foydali ekanini targ’ib qilayapmiz. Saylov natijasi qanday bo’lishidan qat’i nazar ekologik dasturlar davom etishiga umid qilamiz”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG