Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o'zgarishi bo'yicha hukumatlararo kengashi hukumatlarni qazib olinadigan yoqilg'idan voz kechish bo’yicha ko'proq ish qilishga chaqirdi. Bayden ma'muriyati bu masalada bir qancha qadamlar qo'ygan, biroq yaqinda Alyaskada neft qazish loyihasini ma'qullash to'g'risidagi qarori atrof-muhit faollarining hafsalasini pir qildi.
Trump ma'muriyati davridagi muvaffaqiyatsiz urinishlardan so'ng "ConocoPhilllips" kompaniyasi Alyaskadagi “Willow” neft burg'ilash loyihasini kichikroq miqyosda amalga oshirish bo’yicha Bayden ma’muriyatidan ruxsat oldi. Ekologlar unga qarshi kurashni davom ettirmoqda.
“Biz federal hukumatni sudga berdik, chunki u Milliy ekologik siyosat to'g'risidagi qonunimizga binoan atrof-muhitga zararni kamaytirish uchun muqobil variantlarni tahlil qilish majburiyatiga ega. “ConocoPhillips” ilk taklifida nazarda tutilgan neftning 92 foizini qazib chiqarish imkoniyatiga ega bo’lyapti”, - dedi “Earthjustice” nodavlat tashkiloti rahbari Abigeyl Dillen.
"Loyiha havo va suv sifatiga, hayvonlarga qanday ta'sir qiladi? Jamiyatdagi ko’plab odamlar iqlim o‘zgarishidan xavotirda”, - deydi yana bir faol Bridjet Psarianos.
Ammo alyaskaliklarning hammasi ham yakdil emas. "Inyupiklar ovozi” tashkiloti prezidenti Nagruk Xarcharek neft loyihasini qo'llab-quvvatladi.
“Shu joyning o‘zida ikki yarim mingta ish o’rni bo‘ladi. Bizning yashash resurslarimiz, shu jumladan, kitlar va quruqlikdagi hayvonlarni o'rganish shu resurslarni o’zlashtirishdan olinadigan soliqlar hisobidan moliyalashtiriladi”, - deydi u.
“ConocoPhillips” va hukumat rasmiylari intervyu berishdan bosh tortdi, ammo Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyer ma'muriyat qarorini himoya qildi.
"Kompaniya ba'zi joylarga o'nlab yillardan beri avvalgi ma'muriyatlar bergan qaror asosida egalik qiladi. Ular bu hududni o’zlashtirish bo’yicha qonuniy huquqqa ega", - dedi u.
Ichki masalalar departamenti “Willow” loyihasiga ruxsat berganidan so'ng Prezident Jo Bayden mamlakat bo'ylab federal yerlar va suv resurslarini saqlash va qayta tiklash bo'yicha yangi choralarni e'lon qildi.
U davlat yerlarida yangi burg'ulash ishlarini rad etish haqidagi va'dasini bajarmagan bo'lsa-da, Baydenning ekologiya himoyasi bo’yicha ko’rsatkichlari yaxshi, dedi Tabiatni muhofaza qiluvchi saylovchilar ligasi vakili Tiernan Sittenfeld.
“Inflyatsiyani pasaytirish to'g'risidagi qonun mamlakatimiz tomonidan amalga oshirilgan eng yirik sarmoyadir. Uch yuz oltmish to'qqiz milliard dollar iqlim, toza energiya va atrof-muhit yechimlari uchun ajratildi”, - deydi u.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o'zgarishi bo'yicha hukumatlararo kengashi shu hafta yana bir bor davlatlarni qazib olinadigan yoqilg'idan voz kechishga chaqirdi. Siyosatshunos Steffen Shmidt fikricha, AQShning tez o'zgarishi dargumon.
"Mavjud energiyani, asosan, uglevodorodlarga tayanadigan elektr energiyasini ishlab chiqarish va tashish o’rnini bosadigan imkoniyatlar kam ekan, atrof-muhitni muhofaza qilish oson emas", - deydi u.
Kongressda ham o’zgarishlarga qarshilik bor.
Vakillar palatasi respublikachilari tez orada ko‘mir qazib olish uchun federal yerlarni ijaraga berishga qo’yilgan moratoriyni bekor qiluvchi qonun loyihasiga ovoz berishi kutilmoqda.
Facebook Forum