Breaking News

Kamala Harris: "Amerika uchun kurashni davom ettiraman"


AQShda demokrat Kamala Harris prezident saylovida respublikachi Donald Trampga boy berganini tan oldi, Vashington, 6-noyabr, 2024
AQShda demokrat Kamala Harris prezident saylovida respublikachi Donald Trampga boy berganini tan oldi, Vashington, 6-noyabr, 2024

AQShning ilk ayol vitse-prezidenti, prezidentlik uchun kurashgan demokrat Kamala Harris saylovda respublikachi Donald Trampga boy berganini tan oldi. Lekin 60 yoshli arbob deydiki, u Amerika uchun kurashishni to'xtatmaydi. Oq uy uchun kampaniyasida targ'ib qilgan siyosiy dasturidagi tashabbuslarni yoyishda, xalq bilan, ayniqsa yoshlar bilan ishlashda davom etadi.

"Xotin-qizlarning huquqlari, qurol nazoratini kuchaytirish, demokratik, qonun ustuvorligi, adolat va Amerika qadriyatlari yo'lida tolmay xizmat qilaman", - deydi Harris.

“Amerika xalqi o'z orzu-havaslariga yetishi uchun xizmat qilishdan aslo charchamayman".

Kamala Harris Vashingtonda tarafdorlari oldida, 6-noyabr, 2024
Kamala Harris Vashingtonda tarafdorlari oldida, 6-noyabr, 2024

Harris mag'lubiyati haqidagi qisqa nutqini Vashingtonda o'zi bir paytlar ilm olgan Xovard universitetida qildi. Tarafdorlari uni ko'z-yosh, afsus-nadomat bilan qarshi oldi.

"Qalbim mehrga to'la. Har biringizdan menga ishonganingiz, menga ovoz berganingiz, meni quvvatlaganingiz uchun minnatdorman", - dedi u.

"Saylov natijasi biz kutgandek emas. Biz qattiq kurashdik, ovozimizni baralla bildirdik, - deydi Harris yurtdoshlariga hayot davom etishini eslatar ekan. - Biz ham to'xtab qolmaymiz, oldinga intilaveramiz".

Harris ko'plab amerikaliklar Tramp saylanganidan norozi ekanini e'tirof etdi.

“Bilaman, zulmat tomon ketayapmiz, deb xavotirdasiz. Umid qilaman, bunday bo'lmaydi. Eng qorong'i paytda ham Amerika osmoni yulduzlarga to'la. Shundan ilhom va kuch olamiz, - dedi Harris. - Otimizm, haqiqat va adolatga ishonch, xalq uchun xizmat".

Unga ovoz berganlar xafa ekanini qayd etarkan, vitse-prezident ularni "hammasi joyida bo'ladi", deya yupatdi.

Kamala Harris Vashingtonda tarafdorlari oldida, 6-noyabr, 2024
Kamala Harris Vashingtonda tarafdorlari oldida, 6-noyabr, 2024

"Kurashaveramiz, turli sohalarda yutuqlarga erishaveramiz. Ba'zida kurashda qoqilamiz, lekin to'xtamaymiz", - dedi Harris.

Bugun Tramp bilan telefonlashib, uni g'alaba bilan tabriklagan Harrisning aytishicha, uning komandasi Tramp komandasi bilan ishlab, Oq uy va tizimni yangi saylangan prezident uchun tayyorlashda yordamlashadi.

“Amerika demokratiyasining asosiy tamoyili shuki, yutqazganda tan olamiz. Monarxiya va yakkahokimlikdan katta farqimiz shunda. Xalq ishonchi va tanlovini hurmat qilamiz", - dedi u.

Saylanganida u AQShning ilk ayol rahbari, ilk osiyolik kelib chiqishiga ega va ilk qora tanli prezidenti sifatida tarixga kirardi.

Trampga qaraganda u kamida 6 million ozroq ovoz olgan. Saylov kollegiyasining aksariyat ovozini ham raqibi qo'lga kiritgan.

Kamala Harris mag'lubiyat nutqidan keyin sahnani turmush o'rtog'i Dag Emhof bilan tark etmoqda, Vashington, 6-noyabr, 2024
Kamala Harris mag'lubiyat nutqidan keyin sahnani turmush o'rtog'i Dag Emhof bilan tark etmoqda, Vashington, 6-noyabr, 2024

Senatda ham respublikachilar ko'pchilik o'rinlarni egallagan. Vakillar palatasida ham respublikachilar ko'proq o'rinni egallagan.

5-noyabrdagi saylovda, umuman olganda, konservativ siyosat tarafdorlari ustun kelgan.

AQSh bo'ylab o'tkazilgan ommaviy so'rovlar natijasiga ko'ra, 5-noyabrdagi saylovga doir to'rt fakt:

- Erkak saylovchilarning aksariyati Trampga ovoz bergan

- Ayol saylovchilarning aksariyati Harrisga ovoz bergan

- Yangi saylovchilarning aksariyati Trampga ovoz bergan

- 2020-yilda Jo Baydenga ovoz berganlarning aksariyati Harris ovozga bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG