Saylov kunigacha, ya'ni 5-noyabrgacha 84 million amerikalik allaqachon ovoz berib bo'lgan edi. Shtatma-shtat ovozlar sanalib, Oq uy, Kongress, shtat va mahalliy o'rinlarga kimlar saylangani aniqlanar ekan, Amerika hamon keskin bo'lingan, lekin hayajonda.
Respublikachi Donald Tramp avvalo Kentuki va Indiana shtatini yutgan. Demokrat Kamala Harris esa Vermontni. Bu shtatlar ularning partiyalariga ovoz berishga moyilligi oldindan ma'lum edi.
Iqtisod va immigratsiya masalalari birlamchi, deydi saylovchilar, shuningdek, AQSh demokratiyasi. Ovoz berayotganlar demokratik qadriyatlarni asrash kerak, deya ta'kidlagan.
Yetti shtat kimga og'ishi mavhum edi: Pensilvaniya, Michigan, Viskonsin, Arizona, Jorjiya, Nevada va Shimoliy Karolina.
Pensilvaniya, Shimoliy Karolina va Jorjiyada Tramp g'olib chiqib, Harrisni ancha ortda qoldirdi.
O'nlab shtatlar allaqachon yo qizil, ya'ni respublikachi, yo ko'k, ya'ni, demokrat.
Prezidentlikka saylanish uchun nomzod 538 superdelegatga ega Saylov kollegiyasining kamida 270 ovozini olishi kerak. Kollegiya ovozlari shtatda ko'pchilik kimga ovoz bersa, shunga ketadi.
"AP VoteCast" o'tkazgan so'rovda110 mingdan oshiq amerikalik salbiylikdan charchagani va ijobiy o'zgarishlarni intiqib kutayotganini aytgan.
Mamlakat bo'ylab ovoz berish jarayoni silliq kechgani kuzatilgan, ammo navbatlar uzun va saylovchi ko'plab uchastkalarda kutishga majbur bo'lgan.
Harris ishchi-mehnatkashlarning hayotini yaxshilashni va'da qilsa,, Tramp savdo siyosatini qayta ko'rib chiqib, xususiy sektor uchun imkoniyatlarni oshirishga so'z bergan. Har ikkisi pirovardida, ya'ni ular saylansa, Amerika farovonroq bo'ladi, deya bong urib keldi.
Tramp o'zi yashaydigan Florida shtatida ovoz berdi. Ona shtati Kaliforniyada pochta orqali ovoz bergan Harris esa kunini poytaxt Vashingtonda o'tkazgan. Qator intervyular bergan, turli doiralar bilan uchrashgan.
Tramp, agar boy bersa, tarafdorlarini zo'ravonlikdan tiyilishga chaqirishi shart emasligini aytgan. Chunki, deydi u, tarafdorlar zo'ravon insonlar emas.
"Natija xolis va adolatli ekaniga ishonch hosil qilsam, uni qabul qilaman", - deydi Tramp.
U ham, Harris ham kuchli advokatlarga ega. Biror joyda muammo chiqsa, shug'ullanishga shay.
Saylov tizimga chetdan tahdidlar va soxta xabarlar xavotiri ostida o'tdi.
60 yoshli Harris yurtdoshlarini sistemaga ishonishga undab keldi. Yutsa, u Amerikaning birinchi ayol, birinchi qora tanli ayol va Janubiy Osiyo kelib chiqishiga ega prezidenti bo'ladi.
36 yildirki, Amerikada vitse-prezident prezidentlikka saylanmagan.
G'olib chiqsa, 78 yoshli Tramp esa Oq uyga saylangan eng qari rahbar bo'ladi. 132 yildan beri AQShda ikkinchi marta saylana olmay keyin yana harakat qilib, buning uddasidan chiqqan prezident bo'ladi. Shuningdek, Tramp bu davlat tarixida sudda jinoyatchi deb topilsa-da, rahbarlikka saylangan kishi bo'ladi.
Iyul va sentabr oylarida u ikki bor qurolli hujumlardan omon qoldi.
Harrisga ovoz berganlarning ko'pi u bilan faxrlanishini aytsa, Trampga ovoz berganlar uni nasroniy va konservativ ekani uchun yoqtirishini aytgan.
AQShda 200 millionga yaqin odam ovoz berish huquqiga ega. 2020-yildagi prezident saylovida 160 millionga yaqini saylovga chiqqan.
Bugun Kongress uchun ham saylovlar o'tdi. Senat va Vakillar palatasi uchun kurashda respublikachilarning qo'li baland kelishi kutilmoqda.
Ayni damda har ikkisida juda oz farq bilan demokratlar hukmron.
AQSh bo'ylab o'tkazilgan ommaviy so'rovlar natijasiga ko'ra, 5-noyabrdagi saylovga doir to'rt fakt:
- Erkak saylovchilarning aksariyati Trampga ovoz bergan
- Ayol saylovchilarning aksariyati Harrisga ovoz bergan
- Yangi saylovchilarning aksariyati Trampga ovoz bergan
- 2020-yilda Jo Baydenga ovoz berganlarning aksariyati Harris ovozga bergan.