Breaking News

Saylov-2024: Jarayon qanday o'tishiga doir faktlar


5-noyabr kuni AQShda prezidentlik saylovlari bo'lib o'tadi. Jarayonni butun dunyo kuzatmoqda.

Kimlar saylanadi?

Prezidentlik saylovlaridan tashqari, 5-noyabr, shuningdek, mahalliy rahbarlar va Kongressdagi vakillarga ovoz beriladigan kun. Saylov uchastkasiga borgan fuqaro prezidentlikka nomzodga ovoz berish bilan birga mahalliy darajadagi boshqa ko’plab lavozimlarga nomzodlarga ham ovoz berib keladi.

AQSh parlamentining Vakillar palatasi a’zolari har ikki yilda o’zgaradi. Palatadagi 435 o’rin, shuningdek, 100 kishilik Senatdagi o’rinlarning uchdan bir qismi ovozga qo’yiladi. Ayni paytda Vakillar palatasida respublikachilar, Senatda esa demokratlar ko’pchilik.

Shtatlar gubernatorlarligi uchun poygalarda esa 11 ta o'rin uchun kurash ketmoqda. Bundan tashqari shaharlar merligi va boshqa munitsipal lavozimlarga saylanayotganlar ham bellashadi.

Noyabr oyining ilk seshanbasi, shuningdek, ba’zi shtatlarda dolzarb masalalar referendumga qo’yiladigan kun. Abortga doir qonunlardan tortib, soliq siyosati yoki marixuana iste'moligacha bo’lgan qator masalalar qamrab olinadi.

Ovoz berish qachon bo’ladi?

Ovoz berish bu yil 5-noyabr seshanbaga to’g’ri kelmoqda. Aksariyat shtatlar va Kolumbiya okrugida shaxsan uchastkaga borib yoki pochta orqali ovoz berish mumkin. Muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan ham ko’pchilik foydalandi. Ba’zi shtatlarda muddatidan oldin ovoz berish sentabrdayoq boshlangan edi.

Hal qiluvchi shtatlar qaysilar?

Demokrat Kamala Harris va respublikachi Donald Tramp oʻrtasidagi poygada natija yaqin bo’lishi kutilayotgan shtatlar quyidagilar: Pensilvaniya, Jorjiya, Shimoliy Karolina, Michigan, Arizona, Viskonsin va Nevada.

Bu ro’yxat o'zgarib turadi. Bu shtatlarda demokratlar va respublikachilarni qo’llab-quvvatlovchilar soni deyarli teng. Shu bois nomzodlar asosiy vaqti va mablag’ini mana shu oz sonli shtatlarda sarflaydi.

Kim ovoz berishga haqli?

Prezidentlik saylovlarida ovoz berish uchun saylovchi 18 yoshga to'lgan AQSh fuqarosi bo'lishi, rezidentlik talablariga javob berishi kerak. Bu talablar shtatdan shtatga qarab farq qiladi.

Fuqaro ovoz berish uchun ro'yxatga olingan bo’lishi kerak. Saylovchilarni ro'yxatga olish muddati ham mavjud. Ba'zi shtatlarda jinoiy javobgarlikka tortilganlar yoki aqlan zaif odamlar ovoz bera olmaydi.

Chet elda yashayotgan Amerika fuqarolari sirtdan ovoz berish huquqiga ega. Biroq AQSh hududlarida, jumladan Puerto-Riko, Virjiniya orollari, Guam, Shimoliy Mariana orollari va Amerika Samoasida istiqomat qiluvchi AQSh fuqarolari ovoz bera olmaydi.

Kim g'alaba qozonishi kutilmoqda?

Ommaviy so’rovlar har ikki nomzodga berilajak ovozlar soni bir-biriga juda yaqin ekanini ko’rsatmoqda. So’ralganlarning 5 foizi kimga ovoz berishini hozircha bilmasligini aytgan. So’rovlar asl manzarani aks ettirmasligi ham mumkin.

Saylov kollegiyasi nima?

AQShda fuqarolar prezidentlikka nomzodga ovoz berganida, ular nomzodga to’g’ridan-to’gri ovoz bermaydi. Fuqarolar elektorlarga (saylov kollegiyasi a’zolariga), elektorlar esa o’z navbatida prezidentga ovoz beradi. Bu tartib AQSh konstitutsiyasida belgilab qo’yilgan.

Elektorlar soni 538 ta boʻlib, ularning soni oʻzgarmaydi. Bu raqam Kongress a'zolari soniga teng - 435 nafar Vakillar palatasi a’zolari va 100 nafar senator, shuningdek, Kolumbiya okrugidan uchta elektor. Prezidentlikka nomzod g’olib bo’lishi uchun kamida 270 elektorning ovozini qo‘lga kiritish kerak.

Hech bir nomzod buncha tarafdor yig’a olmasa, konstitutsiyaga ko’ra, Vakillar Palatasi prezidentni tanlaydi.

Saylovchilar kollegiyasi nima?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:18 0:00

Umumiy ovozlar soni muhimmi?

Kim g’olib bo’lganini saylov kollegiyasi belgilaydi, nomzod to’plagan umumiy ovozlar soni emas. Shu bois AQShdagi joriy saylov tizimida ommaviy saylovda yutmasdan ham prezident bo'lish mumkin. Bunday holat mamlakat tarixida besh marta bo’lgan.

Prezidentni saylovchilar kollegiyasi orqali saylash mexanizmiga qarshilar ko’p. Ular nazarida bu tizim xalq irodasini ifodalamaydi. Kollegiya tarafdorlari esa amaldagi tizim aholisi kichik bo'lgan shtatlarni himoya qiladi va ulardagi aholi irodasini ham hisobga oladi, deb da’vo qiladi.

Ovozlar qanday hisoblanadi?

AQShda markaziy saylov qo'mitasi yo'q. Har bir shtat saylov byulletenlarini o’zi hisoblaydi. Mahalliy va shtat rasmiylari real vaqt rejimida saylov natijalarini e’lon qiladi. Axborot agentliklari esa g'olibni bashorat qilishda mana shu raqamlarga tayanadi.

Axborot vositalari ko'pincha byulletenlar rasman sanab chiqilishidan va rasmiylar yakuniy natijalarni e'lon qilishdan oldin ham taxminiy g'olibni bashorat qilishadi. Chunki ko'plab tumanlarda barcha ovozlar sanab chiqilgunga qadar bir necha kunlar, haftalar ketadi.

Ko'pincha g'olibni aniqlash uchun qisman olingan natijalar kifoya qiladi. Biroq ikki nomzod olgan ovozlar soni bir-biriga yaqin bo’lsa, axborot agentliklari odatda g'olibni bashorat qilishdan tiyiladi, rasmiy yakuniy natijani kutadi. Saylov uchastkalari rasman yopilgandagina natijalar e’lon qilinadi.

Natijalar qachon ma'lum bo'ladi?

Ovoz berish jarayoni 5-noyabr kuni kechqurun tugaydi. Saylov uchastkasi qachon yopilishini har bir yurisdiksiyaning o’zi belgilaydi. Shtatlarda saylov byulletenlarini sanab chiqish va pochta orqali yuborilgan byulletenlarni qabul qilish qoidalari har xil bo’lgani uchun ba'zi shtatlar yakuniy natijalarni saylovdan keyingi 2-3 kungacha ham bilmasligi mumkin.

Ovozlar soni bir-biriga yaqin bo’lishi axborot agentliklari uchun g'olibni bashorat qilishni qiyinlashtiradi. Masalan, 2020-yilda shunday bo’lgan. Prezidentlik saylovi natijalari e’lon qilinguniga qadar bir necha kun o’tgan. Bu gal ham shunday bo’lishi ehtimoli bor.

Natija qanday tasdiqlanadi?

Ovozlar sanab bo'lingandan so'ng natija mahalliy va shtat darajasida tasdiqlanadi. Shundan so'ng shtatlar elektorlar ro’yxatini chiqaradi. Elektorlar odatda partiyadan saylangan yoki siyosiy amaldorlar tomonidan tayinlangan vakillardir.

Ular o’z navbatida dekabr oyida o'z shtatlarida ovoz berish uchun yig'ilishadi. Keyin yanvar oyida yangi saylangan Kongress a’zolari ovozlarni sanash uchun yig'iladi va g'olibni rasman e'lon qiladi. Prezident 20-yanvar kuni inauguratsiya marosimida qasamyod qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG