AQSh saylovida Harris va Trampdan tashqari yana bir nechta nomzod bor, ammo prezidentlikka hamisha ikki yirik partiyadan birining nomzodi saylanadi.
Uchinchi partiyalardan biri yashillar bo’lib, ularning nomzodi Jill Stayn, u 2016-yil saylovida ham qatnashgan, so’nggi ommaviy so’rovlarda saylovchilarning 1 foizi unga ovoz berishini bildirgan.
Biroq Tramp va Harris o’rtasida farq 1-2 foiz atrofida ekan, ikkilanuvchi shtatlarda Staynga berilgan ovozlar demokratlarga zarar qilishi mumkin.
Sakkiz yil oldin Stayn bir foizdan ko’p ovoz olgan edi. Natijada, deydi ayrim demokratlar, Xillari Klinton o’shanda Trampga yutqazib qo’ygan. Masalan, Michigan shtatida Staynga 51 mingdan ko’p odam ovoz bergan, Klinton esa 11 mingta ovoz farq bilan mag’lub bo’lgan.
Ba’zilar uchinchi nomzodlar saylovda asosiy nomzodlardan ovozlarni o’g’irlash uchun qatnashishini aytadi.
Biroq ayrim ekspertlar Stayn saylovda qatnashmaganida ham unga berilgan ovozlarning hammasi ham 2016-yilda Klintonga berilgan bo’lardi deb hisoblamaydi.
“Bu odam ovozlarni olib qo’yibdi” deyish to’g’ri emas, chunki agar nomzod faqat ikkita bo’lganida uchinchi nomzodga ovoz bergan odam kimni saylashini bilmagan bo’lardingiz”, - deydi Virjiniya universitetidan siyosatshunos Kayl Kondik.
2000-yilda Yashillar partiyasidan prezidentlikka nomzod Ralf Neyder Florida shtatida salkam 100 ming ovoz oladi, respublikachi kenja Jorj Bush esa demokrat Al Gordan atigi 537 ta ovoz ustun keladi.
“Odamlar uchinchi nomzodga o’zlari biladigan sabablarga ko’ra ovoz beradi. Ularning mavjud partiyalardan shu qadar ko’ngli qolganki, natijada noroziligini bildirish uchun uchinchi partiyaga ovoz beradi”, - deydi Stenford universitetidan Jek Rakov.
Bu yilgi saylovda hech bir asosiy nomzodni hazm qilmaydigan elektorat – bu musulmonlar. Ular Trampning ham, Harrisning ham Isroilga sadoqat va sevgi izhor qilishidan g’azabda.
Eng ko’p arab yashovchi, ikkilanuvchi shtat deb hisoblangan Michiganda har bir ovoz hal qiluvchi bo’lishi mumkin. Michigan musulmonlarining 40 foizi Staynga, 12 foizi Harrisga ovoz berishini aytgan.
“Stayn Kamala Harrisdan muhim shtatlarda ko’p ovozlarni olib qo’yadi. Demokratlar uning bu shtatlarda saylov byulleteniga kiritilishiga to’siq qo’ya olgani yo’q. Kelayotgan Stayn saylovda bir necha shtatda saylov natijasiga ta’sir qilish imkoniga ega”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Jon Fortye.
Musulmonlar Arizona va Viskonsin shtatlarida ham Harrisga emas, Staynga ovoz bermoqchi. 2020-yilda Bayden bu shtatlarda Trampni kichik farq bilan mag’lub etgan.
Stayn saylovda qatnashayotgan kichik partiyaning yagona vakili emas. Libertarian partiyadan Cheyz Oliver, “Sotsializm va ozodlik uchun” partiyasidan Klaudiya de la Kruz, Konstitutsiya partiyasidan Rendal Terri hamda mustaqil nomzod Kornel Vest ham bor.
Ko’p saylovchilar bu nomzodlar haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas yoki ularni jiddiy qabul qilmaydi. Bundan tashqari, hammasining ismi ham barcha shtatlardagi saylov byulletenlariga kiritilmagan.
Ularga ovoz bermoqchi bo’lgan, ammo shtat byulletenida ismlarini ko’rmagan saylovchilar saylov qog’oziga o’z qo’li bilan ularning yoki hatto nomzodini saylovga qo’ymagan odamlarning ismini kiritish huquqiga ega. Masalan, qo’shnisi yoki oila a’zosining ismini.