Eronlik xakerlar 5-noyabr kuni AQShda bo'lib o'tadigan saylovlarga ishonchni susaytirishga harakt qilmoqda. Nishon – siyosatchilar. Federal tergov byurosi (FTB), shuningdek, Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi (CISA) siyosatchilarni kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirishga chaqirdi.
Shuningdek, AQSh hukumatining sobiq amaldorlari, olimlar, tadqiqotchilar, jurnalistlar va faollar ham ehtiyot choralarini ko’rishi kerak. Eronga aloqador xakerlar Inqilobiy gvardiya ko’rsatmasi bilan ish olib borayotgani aytiladi.
"Siyosiy tashkilotlar yoki kampaniyalar bilan bog'liq shaxslar va guruhlarni xavfsizlik choralarini ko’rishga chaqiramiz", - deydi CISA direktori Jen Isterli.
FTB va CISA tarqatgan yo’riqnomada yozilishicha, eronlik xakerlar tashkilotlar va individual shaxslarning elektron pochtalarini nishonga olmoqda, login ma'lumotlari, parollarini o'g'irlashmoqda.
AQSh rasmiylariga ko’ra, eronlik xakerlar avval ham xuddi shunday usullardan foydalangan. Xususan, Donald Trampning saylovoldi tashviqotiga putur yetkazishda.
Yaqinda AQSh prokurorlari uch eronlik – Masud Jaliliy, Sayid Ali Ag‘amiriy va Yosir Balag‘iyni Davlat departamentining bir sobiq xodimi, prezidentning ichki xavfsizlik bo'yicha bir sobiq maslahatchisi va Markaziy razvedka boshqarmasing ikki sobiq xodimining elektron pochtalariga buzib kirishda aybladi.
Eron rasmiylari AQShning saylovlarga aralashish haqidagi ayblovlarini doim rad etib keladi. Eronning BMTdagi missiyasi “Amerika Ovozi”ning bu masala yuzasidan savollariga javob bermadi.
AQSh razvedkasi ham saylov oldidan mamlakat raqiblari, jumladan Eron kiberoperatsiyalarni kuchaytirayotgani haqida ogohlantirdi. Eronning asosiy e'tibori Trampning qayta saylanishining oldini olib, Vitse-prezident Kamala Xarrisning prezidentlik kampaniyasiga yordam berishga qaratilgan.
Razvedka ma’lumotlariga ko’ra, Tehron saylovchilar orasida norozilik kayfiyatini qo'zg'atish, qarama-qarshilikni kuchaytirish uchun sun'iy intellekt yordamida ijtimoiy tarmoqlarda postlar va soxta xabarlar tarqatgan.
Avvalroq AQSh Milliy razvedkasi direktori Avril Xeyns Eronga aloqador subyektlar Isroilning G'azodagi harakatlariga norozilik bildirgan amerikalik guruhlar ichiga kirib borishga harakat qilgani haqida ogohlantirgan edi.
“Eron hukumatiga aloqador subyektlar internetda oʻzini faollar sifatida namoyon etib, norozilik namoyishlarini ragʻbatlantirishga, namoyishchilarga moliyaviy yordam berishga intilayotganini kuzatdik”, - deydi Xeyns.