AQSh Davlat Departamenti 15 yildan beri suddan qochib yurgan belaruslikni qo’lga olishga yordam beradigan ma'lumot uchun 2,5 million dollargacha pul taklif qilmoqda. U kim?
Gap AQSh “Angler Exploit Kit” va boshqa zararli dasturlarni tarqatishda ayblayotgan Vladimir Kadariya haqida bormoqda. U millionlab shaxsiy kompyuterlarga viruslar tarqatgan.
Kadariya dastlab ona yurti - Belarusda shubhaga tushadi. Vatanidan qochib ketadi. Uzoq yillar xorijda yashaydi. Bu orada Ukrainadan boshpana va fuqarolik olishga muvaffaq bo'ladi.
Bir necha yillardan keyin Qirg‘izistonda hibsga olinadi. Lekin BMT rasmiylari uni himoya qilib chiqadi.
Firibgarmi yoki dissident?
Kadariyaning shaxsiy hayoti haqida ma'lumot kam. Shunisi ma’lumki, u Belarusdan, 38 yoshda. Belarus Tergov qo'mitasga ko’ra, u 2008-yilda "kompyuter ma'lumotlarini o'zgartirish orqali" juda katta miqdordagi pulni o'g'irlashda gumon qilingan.
Belarus hukumatining 2023-yil mart oyida ma'lum qilishicha, u Darknet tarmog‘ida bank kartalarning magnit chiziqlaridan rekvizitlar va ma’lumotlarni olib, ularni bank to‘lov kartasiga o’xshatish uchun “oq kartalar”ga ko’chirgan, so’ng o‘g‘irlangan pullarni Minskdagi bankomatlardan chiqarib olgan.
Shuningdek, pullarni “bank drop”lar orqali ham yechib olgan. Ular orasida Belarus fuqarolari ham bo’lgan. Ta’kidlanishicha, AQSh, Polsha, Fransiya va Britaniya fuqarolari ham ushbu sxema qurboni bo‘lgan.
Tergov qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2016-yilda Kadariya Ukrainadan qochqin maqomini soʻragan. Keyinchalik u Ukraina fuqaroligini olgan bo'lishi mumkin.
AQSh Adliya vazirligi press-relizida u "Belarus va Ukraina fuqarosi" deyiladi. Kadariya Ukraina pasportini qanday asos bilan olgani noma'lum. Kadariyaning Ukrainadagi hayoti haqida ham ma’lumot kam.
Ukrainadagi ochiq ma'lumotlar bazalarida u "yakka tartibdagi tadbirkor" sifatida ro'yxatga olingan. “OpenDataBot” ma'lumotlar bazasiga ko'ra, Kadariya ilgari “Cosmo Medical” va “Digital Med” kompaniyalarining benefitsiarlaridan biri bo'lgan.
Uni 2018-yilning yozida Kiyevda bo‘lib o‘tgan “IT Nature Party International” tadbirida ko‘rish mumkin. Tadbir nomidan ko‘rinib turibdiki, bu IT-industriyasidagi odamlar uchun ko’ngilochar tadbir.
2022-yilda Belarus Tergov qo'mitasi Kadariyaning Ispaniyada ham bir muddat yashaganligi to’g’risida ma'lumotni qo’lga kiritdi. O‘sha yilning avgust oyida u Bishkekka uchib kelgan va hibsga olingan. Belarus Bishkekdan uni ekstraditsiya qilishni so‘ragan.
Kadariyaning qirg‘izistonlik advokati u siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilinayotganini da’vo qilgan, chunki bugun Belarusda siyosiy mahbuslar juda ko’p.
Belarusda 2020-yildagi prezidentlik saylovlaridan soʻng mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlari boshlanadi. Belarus hukumati minglab odamlarni hibsga oladi. Bugun mamlakat qamoqlarida 1400 dan ortiq odam siyosiy mahbus sifatida qolayotgani aytiladi. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, o’sha vaqtdan beri yarim millionga yaqin odam Belarusni tark etgan.
Qirg'izistonda Kadariya aslida Andrey Kovalyov ismli Belarus fuqarosi ekanini da'vo qilgan. “Ozodlik” radiosiga ko‘ra, 2017-yilda Kadariya Ukrainada qochqin maqomini olgan. Keyinchalik fuqaroligini ham olib, ism-sharifini o'zgartiradi.
“Nastoyasheye Vremya” nashriga bergan intervyusida Kadariya Minskda korrupsiya haqidagi materiallar chop etadigan muxolifat veb-saytining admini bo'lib ishlaganini da'vo qilgan.
Unga ko‘ra, Belarus xavfsizlik kuchlari uni 2008-yilda hibsga olgan, kompyuterini tortib olishgan. Ma'lumotlarni shifrlash tizimi tufayli uning muxolifat bilan aloqasini isbotlay olishmagan. Shundan so'ng uni qo’yib yuborishadi va Kadariya darhol mamlakatni tark etadi.
Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi unga nisbatan ochilgan ishda siyosiy sabab topmagan. Shunday bo’lsa-da, sud uning ekstraditsiyasini ma'qullagan, Kadariya bu qarorga qarshi chiqqan. Advokati uning ekstraditsiya qilinishini Qirg‘izistonning xalqaro tashkilotlar oldidagi majburiyatlariga to’g’ri kelmasligini da’vo qilgan.
Sud Kadariyaning apellyatsiyasini rad etadi, lekin BMT uni himoya qilib chiqadi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Fabio Piana va BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi vakili Xans Fridrix Shodder sud qarori Qochqinlar maqomi to'g'risidagi konvensiyaga zid ekanini bildiradi.
Kadariya ekstraditsiyadan qochish uchun Prezident Sadir Japarovga maktub yo‘llab, Qirg‘izistondan boshpana so‘raydi. Shunday bo’lsa-da, u 2023-yil mart oyida Belarusga ekstraditsiya qilinadi.
Belarus Tergov qoʻmitasining 2023-yil martida “Telegram”dagi kanalida eʼlon qilingan videopostda Kadariya muxolifat bilan aloqasi yoʻqligi, hech qachon siyosiy harakatlarda qatnashmagani va siyosat bilan aloqasi boʻlmaganini aytib chiqqan.
Postda yozilishicha, u "tergovchilarga ekstremistik manbalar tomonidan tarqatilgan ekstraditsiyaning siyosiy sabablari haqida gapirgan".
Belarusda quvg'indagi ko'plab mustaqil axborot nashrlari, inson huquqlari bo'yicha guruhlar "ekstremistik" deb topiladi. Belarus xavfsizlik kuchlari mahbuslarning video chiqishlarini tez-tez e’lon qiladi. Bu video chiqishlar xavfsizlik kuchlarining mahbuslarga tahdidi, bosimi ostida olinishi aytiladi. Ushbu videoyozuv ham qanday sharoitda olingani noma'lum.
Agar Kadariya haqiqatan ham siyosatga aloqasi bo’lmasa, Ukrainada qochqinlik maqomini olganini qanday izohlash mumkin?
Migratsiya bo’yicha huquqshunos, advokat Dmitriy Mazurok fikricha, bu 2016-2021 yillarda Ukrainada qiyin bo’lmagan.
“Aniq ayta olamanki, puli bor odam uchun qochqin maqomini olish, keyinroq esa fuqarolik olish muammo emas”, – deydi u “Amerika Ovozi” radiosiga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, u Belarus tergovchilari ishtirokida olingan izohlarga ishonmaslik kerakligini aytadi. "Ularda keskin majburlash tizimi mavjud", - deydi Mazurok.
Amerika uni nimada ayblamoqda?
AQSh Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, kiberjinoyatchilar guruhining yetakchisi ekani aytilayotgan Maksim Silnikov yaqinda Polshadan AQShga ekstraditsiya qilingan. Unga Nyu-Jersi va Virjiniya shtatlarida ayblov qo‘yilgan.
AQSh prokurorlariga ko'ra, u Kadariya va rossiyalik Andrey Tarasovning sherigi. Silnikov ham Kadariya singari Belarus va Ukraina fuqaroligiga ega.
Nyu-Jersi shtati aybloviga ko'ra, 2013-2022 yillarda ular amerikaliklarning kompyuterlariga "Angler Exploit Kit" kabi zararli dasturlar “yuqtirish” uchun “maladvertising” deb atalmish “virusli” reklama tarqatgan.
Ular internet foydalanuvchilaridan oʻgʻirlangan maʼlumotlarni va ularning qurilmalariga kirish huquqini boshqa kiberjinoyatchilarga sotish orqali pul ishlagan.
Buning uchun domen yaratib, o'zini reklama beruvchi sifatida taqdim etgan.
Ayblov xulosasida Kadariya "zararli reklama beruvchi" sifatida tilga olinadi.
Agar guruhning aybi isbotlansa, har biri uyushgan elektron firibgarlik uchun 27 yil, uyushgan kompyuter firibgarligi uchun 10 yil va elektron aloqa vositalar yordamidagi har bir firibgarlik uchun 20 yil qamoq jazosi olishi mumkin.
Lekin Kadariyaga doir bir muhim savol ochiq qolmoqda: Kadariya qayerda?
U Belarusda qamoqda bo‘lishi mumkin. U bir yarim yil avval Minskka ekstraditsiya qilingan edi. Biroq “Amerika Ovozi” bu ma’lumotni tasdiqlay olmadi. Belarus Ichki ishlar vazirligi so‘rovga javob bermadi.
“Amerika Ovozi”ning Kadariyaning qayerda bo’lishi mumkinligi haqidagi savoliga AQSh Adliya vazirligi va AQSh Davlat departamenti ham javob bermadi.